16:26 / 29.01.2019
7 577

Azon nega turkchalashtirilgan edi?

Azon nega turkchalashtirilgan edi?
Dunyoning har yerida besh vaqt arabcha yangraydigan azon bir paytlar Turkiyada majburan turkchalashtirilgan edi. Azonni arabcha aytganlar uchun hatto qamoq va jarima jazosi belgilandi. Ammo hukumat har qancha urinmasin, turk xalqi turkcha, yaʼni oʻz ona tilidagi azonni hazm qilolmadi: bu gʻalati taqiq bekor qilinganida Bursadagi bir masjidda penshin namoziga naq yetti yetti marta arabcha azon chaqirilgan ekan.

Turkcha azon ilk bor 1932 yilning 30 yanvarida Istanbuldagi “Fotih” jomesida chaqirildi: muazzin “Allohu akbar” oʻrniga “Tangri ulugʻdir” (turkcha: Tanrı uludur) deya boshladi. Tabiiyki, odamlar hayron edi.

1932 yilni Turkiya rahbari Mustafo Kamol Otaturk “din islohoti” yili sifatida belgilagan boʻlib, Qurʼon, azon, salovot va takbirni birin-ketin turkchalashtirish koʻzda tutilgan edi. Adolat nuqtai nazaridan aytish kerakki, azonni turkchalashtirish fikri Otaturkdan oldin ham ayrim millatchilar tomonidan ilgari surilgan. 1932 yilning 18 iyulida Turkiya din ishlari boshqarmasining qaroriga muvofiq azon turkcha aytiladigan boʻldi va masjidlarga turkcha azon matni joʻnatildi. 1941 yilda esa arabcha azon qonunan taqiqlandi: Jinoyat kodeksiga oʻzgartirish kiritilib, azonni arabcha aytganlarga uch oygacha qamoq va 10 liradan 200 liragacha jarima jazosi tayinlash belgilab qoʻyildi.

Tarixchi Mustafo Armagʻanning yozishicha, umuman turkcha bilmaydigan kurd va arab qishloqlarida ham azonni turkcha aytishga majbur qilingan. Turkcha azon tufayli Turkiyani tark etib, Iroq va Suriyaga koʻchib ketganlar ham boʻlgan ekan. Eng ajablanarlisi, arabcha azon nafaqat masjidlarda, balki uylarda ham taqiqlangan edi. Arabcha azonni deb qanchadan-qancha odam kaltak yedi, qamaldi, ishdan haydaldi, jarima toʻladi. Juda-juda qiziq davr edi: azonni turkcha ham, hatto xitoychayu fransuzcha ham aytish mumkin, lekin arabcha emas!..

Bu zulm 1950 yilga kelibgina nihoyasiga yetdi. Oʻsha yili saylovda gʻolib chiqib hukumatni egallagan Demokratik partiya arabcha azonga qoʻyilgan taqiqni bekor qildi: Turkiyada 1950 yilning 17 iyulidan eʼtiboran namozga chorlov – butun dunyo musulmonlari birdamligining timsollaridan biri boʻlmish azon yana arab tilida yangray boshladi.
Ubaydulloh ADHAMOV tayyorladi.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Azon nega turkchalashtirilgan edi?