1 dollar maosh oluvchi prezident. Tramp nimaning hisobiga kun kechiradi?

  • 02 fevral 2019, 15:30
  • 2 921
  • Dunyo
  • 1 dollar maosh oluvchi prezident. Tramp nimaning hisobiga kun kechiradi?
    AQSh prezidenti Donald Tramp prezidentlik lavozimida juda ko‘p pul yo‘qotgani haqida aytdi. Bu gap kutilganidek shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Biroq prezidentning bu gapi u davlat rahbari bo‘lgach o‘z biznesini tashlab qo‘yganidan afsuslanayotganini bildirmaydi.

    «Menga 1$ maosh ham bo‘laveradi»
    Tramp AQSh prezidentligiga kirishgach, undan maoshi haqida so‘rashdi va siyosatchi shunday javob berdi: «Men saylovoldi chiqishlarimda aytganimdek, prezidentlik lavozimida maosh olmayman. Qonunan menga nimadir to‘lashlari kerak va men yiliga 1 dollar kifoya qiladi deb o‘ylayman». Ha, har qancha g‘alati ko‘rinmasin, yillik yalpi ishki mahsulot hajmi 19 trillion dollardan ko‘p bo‘lgan mamlakat rahbari bir yilda 1 dollar maosh oladi.

    Bu bizning pulga «chaqsak», taxminan 8 500 so‘m degani. Bu pulni 12 oyga taqsimlasak, AQSh tarixidagi eng g‘alati prezident bo‘lgan Donald Tramp 700 so‘m atrofida oylikka «tirikchilik qiladi». Chindan ham g‘alati, to‘g‘rimi? Biroq AQShda mamlakat tarixiga o‘z nomini qoldirish har qanday miqdordagi puldan afzal ekanini inobatga olsak, aslida hammasi tushunarli. Trampning ta’biri bilan aytganda, 70 yoshdan oshgan bir vaqtda unga shu vaqtgacha topganlari ham yetib-ortadi.

    515 ta aktiv va 3,1 milliard dollar boylik
    Donald Tramp nima uchun mamlakat prezidentligida maoshdan voz kechgani tushunarli holat. Chunki bugungi kunda uning boyligi 3,1 milliard dollarga baholanadi. Bu pul bilan Tramp dunyo boylari yuzligiga kira olmasligi mumkin, lekin umrining qolgan qismini bemalol farovonlikda o‘tkaza oladi. Trampning nomiga 515ta aktiv rasmiylashtirilgani ma’lum. Qizig‘i, ulardan 264tasida bevosita Tramp so‘zini uchratasiz: «The Trump Organization», «Trump Tower», «Trump Ice», «Trump Carousel», «Trump Classic Cars» va hokazo. Uning asosiy biznesi qurilish hisoblanadi. Ya’ni, «The Trump Organization». Bu korxona asosan uy, mehmonxona, golf-klub, kazino qurish bilan shug‘ullanadi. Trampning asosiy biznesi hisoblangan «The Trump Organization»ga 1923 yilda bo‘lajak prezidentning buvisi Elizabet hamda otasi Fred asos solishgan. Ko‘rib turganingizdek, Tramp yangi boylardan emas va uning 1 dollar maoshga ishlayotganidan ajablanmasa ham bo‘ladi.

    Tramp 2017 yilgacha, ya’ni AQSh prezidentligiga kirishguniga qadar barcha korxonalarining rahbari hisoblangan. Prezidentlik kursisida turib biznesni boshqarish mumkin bo‘lmagani sabab rahbarlikni farzandlari kichik Donald, Ivanka va Erikka qoldiradi. Trampning deyarli barcha korxonalari unga tegishli «Trump Tower» binosida joylashgan. «Forbes» bu binoni 318 million dollarga baholagan va u AQShdagi eng qimmat binolardan biri hisoblanadi. Tramp 2015 yil prezidentlik saylovlarida qatnashishini aynan mana shu jonajon binosida ma’lum qilgandi.

    Tramp parfyumeriya biznesida ham o‘z o‘rniga ega. «Empire» hamda «Success» atirlari aynan Trampning korxonalarida ishlab chiqariladi. Unga shuhrat olib kelgan tarmoqlardan biri esa shubhasiz, «Trump Models» hisoblanadi. Dunyoga mashhur «Koinot go‘zali» tanlovi 1996-2015 yillarda aynan Trampning muassisligida o‘tgan.

    Darvoqe, «Koinot go‘zali» tanlovining 2013 yilgi finali Moskvada o‘tkazilgandi. O‘shanda Putin Tramp bilan uchrashgani haqida gaplar paydo bo‘lgan, lekin har ikki tomon buni rad etgandi. FQB sobiq rahbari Jeyms Komi o‘sha tadbir haqida eslar ekan Trampning Moskvada yengiltak ayollar bilan uchrashganiga ishora qiladi. Vladimir Putin ishtirokidagi matbuot anjumanlaridan birida Rossiya yetakchisidan shu haqda so‘rashganda, janob Putin so‘zamollik bilan bu savolga hazilomuz javob bergandi: «Sizningcha, Tramp Moskvaga kelishi bilan boshqa ishi yo‘qdek moskvalik ijtimoiy mas’uliyatsiz (Putin yengiltak ayollarni shunday atagandi) ayollarga «tashlanganmi»? Kechirasiz, birinchidan, u kap-katta odam. Ikkinchidan, bu inson (ya’ni Tramp) butun umr desam, bo‘rttirish bo‘lar, uzoq vaqt davomida go‘zallik konkurslarini tashkillashtirish bilan shug‘ullangan. Turgan gapki, u dunyoning eng chiroyli ayollari bilan uchrashadi. Shunday inson ijtimoiy mas’uliyatsiz yengiltak ayollar bilan uchrashishiga ishonmagan bo‘lardim».

    Prezidentlikning ilk yilida 600 million dollar zarar
    Donald Tramp prezidentlik lavozimiga kirishgach «Forbes»ning AQSh boylari reytingida 92 pog‘onaga pastladi. 2017 yil oktyabrda jurnal yangi reytingni e’lon qilgandi va unda Tramp bir yil ichida 600 million dollar yo‘qotgani aytilgan. O‘sha vaqtda milliarderning boyligi 3,1 milliard dollar deb e’lon qilingandi. 2016 yilda AQSh boylari reytingida 156-o‘rinda bo‘lgan Tramp bir yil o‘tib 248-o‘ringa tushib ketgan. Bunga sabab sifatida ko‘chmas mulk narxlarining tushishi va Trampning prezidentlik saylovlarida ko‘p xarajat qilgani ko‘rsatilgandi.

    Dunyo rahbarlari qancha pul olishadi?
    Keling, dunyo rahbarlari qancha maosh olishlari haqida ikki og‘iz. Donald Tramp AQSh prezidenti bo‘lgach, u uchun yillik 400 ming dollar maosh tayinlangandi. Qo‘shimchasi Oq uy rahbarining shaxsiy xarajatlari uchun AQSh yiliga 50 ming dollar, safar xarajatlari uchun 100 ming dollar, dam olishi uchun esa yiliga 19 ming dollar ajratadi. Tramp bularning barchasidan voz kechib 1 dollar kifoya qilishini aytgan. Ba’zi manbalar prezident uchun ajratilgan pullar xayriya uchun ishlatilishini yozishgandi.

    AQShning oldingi prezidenti Barak Obama yiliga aynan 400 ming dollar maosh olardi. Unga prezidentlikdan ketganidan so‘ng yillik 200 ming dollar prezidentlik nafaqasi ham to‘lab boriladi. «The Economist»ning yozishicha, AQSh prezidenlari orasida eng ko‘p maoshni Jorj Vashington olgan. Unga yiliga 25 ming dollar to‘lashgan. «1789 yilda bu juda katta pul edi»,- deb yozadi jurnal.

    Hozirgi siyosatchilar orasida eng ko‘p maosh oladigani Singapur bosh vaziri Li Syan Lun hisoblanadi. Uning yillik maoshi miqdori 1,76 million dollardir. Fuqarolarning noroziligi sabab uning maoshi 2,2 million dollardan 1,76 million dollarga tushirilgan. Asvtraliya bosh vaziri Malkolm Ternbull 396 ming dollar, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo 253 ming dollar, Germaniya kansleri Angela Merkel 244 ming dollar olishi ma’lum. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning 2017 yildagi daromadi 153 ming dollar bo‘lgani aytilgandi. Biroq Putinning 2017 yilgi daromadi o‘ziga tegishli uyni sotgani uchun shuncha katta bo‘lgan. 2013 yilda Putinning oylik maoshi 10 ming dollar ekani aytilgandi.

    Manba: Kun.uz

    » » 1 dollar maosh oluvchi prezident. Tramp nimaning hisobiga kun kechiradi?