Belgiyada o‘g‘rilar olmoslar saqlanuvchi bankni kinolardagidek tunab ketishdi

  • 06 fevral 2019, 22:10
  • 1 754
  • Dunyo
  • Belgiyada o‘g‘rilar olmoslar saqlanuvchi bankni kinolardagidek tunab ketishdi
    Belgiyaning Antverpen shahrida o‘g‘rilar dunyoning eng katta olmos bozoriga xizmat ko‘rsatuvchi bankning omboriga kirib, u yerda qimmatbaho toshlar saqlangan o‘nlab yacheykalarni ship-shiydon qilib ketishdi. Bu haqda The Guardian nashriga tayanib Kun.uz xabar berdi.

    BNP Paribas Fortis banki bilan ishlovchi qo‘riqlash kompaniyasi 3 fevral soat 13:34da trevoga ko‘targan. Voqea joyiga kelgan politsiya olmoslar saqlangan 30 ga yaqin yacheyka bo‘shligini, ombor polida esa katta yoriqni aniqlagan.

    Tergovchilarning aniqlashicha, o‘g‘rilar ko‘chaning narigi betidagi uydan shahar kanalizatsiyasigacha 4 metrlik tunnel qazishgan. Ular 3 fevralga o‘tar kechasi tunnel orqali diametri 40 santimetrdan bir metrgacha keladigan kanalizatsiya quvuriga kirib, bankkacha sudralib borishgan. Ular yana 4 metr tunnel qazib, ombor polida yoriq ochib, u orqali bankka kirishgan. Kanalizatsiyada tashlab ketilgan asbob-uskunalar va matras aniqlangan.

    O‘g‘irlangan olmoslar qiymati oshkor qilinmagan. Shahar aholisi o‘g‘rilikdan politsiyachilar markazdagi barcha kanalizatsiya lyuklarini ochib, ko‘zdan kechirashayotganda xabar topgan. 4 fevralda esa bank oldida tashvishga tushgan mijozlar to‘plana boshlagan. Bank xodimlari ularni so‘roq qilib, yacheykalarda aynan nima saqlanganini aniqlashga harakat qilishgan.

    Antverpenda yillik aylanmasi 54 mlrd dollarni tashkil qiluvchi dunyodagi eng yirik olmos bozori joylashgan. Shahar orqali, turli ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda qazib olinuvchi barcha olmoslarning 70-90 foizi o‘tadi. BNP Paribas Fortis banki esa olmos bozorining “yuragi” hisoblangan Kvadrat milya deb ataluvchi, vokzal oldidagi 7 ta ko‘chadan iborat hududning eng chekkasida joylashgan.

    » » Belgiyada o‘g‘rilar olmoslar saqlanuvchi bankni kinolardagidek tunab ketishdi