20:15 / 07.02.2019
4 500

Venesuelada Amerikaga qarshi harbiy mashg‘ulot vaqtida harbiy vertolyot qulab tushdi

Venesuelada Amerikaga qarshi harbiy mashg‘ulot vaqtida harbiy vertolyot qulab tushdi
Venesuelada harbiy mashg‘ulotlar vaqtida Rossiyada yig‘ilgan Mi-35 (Mi-24V vertolyotining eksport uchun varianti) rusumli ko‘p maqsadli harbiy vertolyot qulab tushgan. Bu haqda Venezuela al Dia xabar bermoqda.

Vertolyot halokati 4 fevral kuni, Koxedes shtati hududidagi El Pao tumanida ro‘y bergan, hodisa oqibatida 5 nafar kishi jarohatlangan. Ular turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Vertolyot bortida necha kishi bo‘lgani ma’lum emas, shuningdek, vertolyot qulashiga nima sabab bo‘lgani keltirilmagan.

Manbada aytilishicha, vertolyot Venesuelada hafta boshida mamlakatni xorijliklar bosqinidan muhofaza qilishga tayyorgarlik doirasida boshlangan harbiy mashg‘ulotlar vaqtida qulagan. Ammo Venesuela Mudofaa vazirligi bu ma’lumotni tasdiqlamagan.

Venesuela armiyasidagi manba ma’lumotiga ko‘ra, avariyaga texnik nosozlik sabab bo‘lgan. Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqda vertolyot sabotaj sifatida atayin qulatilgani haqida ma’lumot ham paydo bo‘lgan.

Mi-35M jangovar-transport vertolyoti zirhli texnikalarni yo‘q qilish va quruqlikdagi qo‘shinlarni havodan qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan. U yuqori aniqlikdagi zamonaviy qurollar bilan jihozlangan hamda kunning istalgan vaqtida va istalgan hududda hamda istalgan ob-havo sharoitida jang olib borish imkoniyatiga ega hisoblanadi. Bundan tashqari, bu vertolyot yuk va harbiylarni tashishi mumkin.

Venesueladagi qo‘shhokimlik
23 yanvar kuni Venesueladagi muxolifatchilar yetakchisi Xuan Guaydo o‘zini vaqtinchalik prezident sifatida e’lon qilgandi. Uni darhol AQSh, Kanada, Lotin Amerikasining aksar davlatlari hamda Yevropa Ittifoqi vakillari yangi prezident sifatida tan olishdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp esa Venesuela bilan munosabatlarda harbiy ssenariy ham bo‘lishi mumkinligini istisno etmadi.

Bu vaqtda Venesuelaning amaldagi prezidenti Nikolas Maduro mamlakat suverenitetini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ishga solishini ma’lum qildi hamda keng ko‘lamli harbiy o‘quv mashg‘ulotlariga start berdi.

Yanvar oyida OAVda Venesuela muxolifati Rossiya bilan tuzilgan qurollar yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar qayta ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgandi. Venesuelaning Amerika davlatlari tashkilotidagi maxsus vakili Gustavo Tarre Brisenoning ma’lum qilishicha, rossiyaliklar Karakasga shartnomada ko‘rsatilgan talablar bo‘yicha ishlamayapti.

Briseno Rossiya sifatsiz qurollar va buzuq vertolyotlar sotayotganini, yetkazilgan vertolyotlarning uchdan ikki qismi «Venesuelaga keltirilgach uchmayotgani»ni qayd etib o‘tgan. Rossiya tomoni bu bayonotni asossiz deb baholagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Venesuelada Amerikaga qarshi harbiy mashg‘ulot vaqtida harbiy vertolyot qulab tushdi