Yaponiyada uylar tekinga tarqatilmoqda... (foto)

  • 11 fevral 2019, 11:11
  • 3 364
  • Dunyo
  • Yaponiyada uylar tekinga tarqatilmoqda... (foto)
    O‘tgan yil so‘ngida Yaponiya hukumati yangi dastur haqida e’lon qildi. U ko‘plab yaponlarni turar-joy bilan ta’minlashi mumkin. Butun mamlakat bo‘ylab uylar deyarli tekinga tarqatiladi, ayrimlari esa haqiqatan ham bepul. Aytgancha, hatto xorijliklar ham ana shunday ko‘chmas mulk egalariga aylanishlari mumkin. Dasturda jami 8 millionta uy ishtirok etadi.

    Gap shundaki, butun Yaponiya bo‘ylab ko‘p miqdordagi bo‘sh turgan uylar mavjud. Ularning hatto o‘ziga xos nomi ham bor – akiyya. Ular ko‘p yillar davomida bo‘shligicha qolmoqda va yaroqsiz ko‘rinishga kelyapti.

    Yaponlar o‘z turar-joylari borasida irim-sirimlarga qattiq ishonadilar: agar uyda kimdir vafot etgan, ayniqsa o‘ldirilgan bo‘lsa, o‘sha uyni xarid qilishmaydi. Bu yomon belgi hisoblanadi. Bunga ishonch shu qadar kuchliki, mamlakatda hatto “yoqimsiz” ko‘chmas mulk to‘plangan maxsus sayt ham bor.

    Yaponiyada tug‘ilish borasida ham bari “joyida” emas: ko‘pchilik yaponlar yolg‘iz umr kechirishadi, kunlarini ishda o‘tkazishadi, oila qurganlari ham odatda bittagina farzandda to‘xtashadi. Kunchiqar mamlakat aholisi sayyoradagi eng qari aholi sanaladi. 65 yoshdan oshgan kishilar bu yerda 27 foizdan ortiq.

    Aynan shu sababli ko‘chmas mulkning aksariyati bo‘shligicha qolmoqda. Bo‘sh turgan uylar esa qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqaradi: qulab tushishi mumkin, ular doimiy ravishda tunab ketiladi, kemiruvchilar paydo bo‘ladi. Asta-sekin qulab tushish holatiga keladigan akiyya bilan qo‘shni bo‘lib yashashni hech kim istamaydi, shuning uchun ham yerning narxi tushadi, davlat esa kamroq soliq oladi.


    Oxir-oqibat hukumat tashlandiq uylarni «jonlantirishga» qaror qildi. Shuning uchun ham aholisi ko‘p bo‘lgan shaharlardagi odamlar shahar chekkasiga ko‘chib o‘tishlariga umid bor. Anchadan beri tashlandiq bo‘lib kelgan uylar uchun esa hatto qo‘shimcha mukofot ham va’da qilinmoqda.

    Akiyyani nafaqat yaponlar, balki boshqa istalgan mamlakat aholisi ham xarid qilishi mumkin. Biroq shuni yodda tutish lozimki, Yaponiyada turar-joyga egalik xorijliklar uchun fuqarolikni ta’minlamaydi. Fuqarolikni, hatto vaqtincha ham faqat muayyan shartlar asosida olish mumkin: Yaponiyada ishlash yoki o‘qish, turmushga chiqish yoki uylanish.

    Suratlarni ko‘rish natijasida yoqib qolgan uyni ham ko‘r-ko‘rona xarid qilish kerak emas. Mutaxassislar uyni ko‘zdan kechirishlari va baholab berishlari lozim.


    Ayrim hollarda bino vodoprovod va termitlar sabab yaroqsiz bo‘lishi mumkin. U yerda yashab bo‘lmaydi, soliqlardan esa qochib qutulolmaysiz. Agar akiyyada jiddiy muammolar bo‘lmasa ham ta’mirlash uchun pul sarflashga to‘g‘ri keladi. Biroq har bir holat o‘ziga xos, shunday uylar borki, ularga hukumat subsidiyalar taqdim etadi.

    Yaponiyadagi har bir prefekturaning akiyyaga bag‘ishlangan o‘z saytlari bor. Shu bois arzon ko‘chmas mulkni xarid qilish uchun shahar ma’muriyatiga murojaat etgan ma’qul. Aynan o‘sha yerda barcha bo‘sh turgan uylar, ularning holati va narxi haqida aniq ma’lumot beriladi.

    Manba: Kun.uz

    » » Yaponiyada uylar tekinga tarqatilmoqda... (foto)