13:15 / 04.03.2019
4 696

Medvedev: Rossiya va AQSHning Venesueladagi maqsadi hamda Ukraina haqida

Medvedev: Rossiya va AQSHning Venesueladagi maqsadi hamda Ukraina haqida
Bolgariyaning “Trud” gazetasiga bergan intervyusida Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev AQSHning Venesueladagi vaziyatga ehtimoliy harbiy aralashuv haqidagi bayonotlaridan tashvishda ekanini bildirib, bu vaziyatda Rossiyaning maqsadi tinchlikka erishishligini taʼkidladi.

Uning soʻzlariga koʻra, ushbu respublikadagi inqiroz Rossiya va AQSH oʻrtasidagi global qarama-qarshilik masalasi emas. Rossiya bosh vazirining bildirishicha, ikki davlat oʻrtasidagi keskinliklarga qaramasdan, Moskva hamda Vashington oʻrtasidagi munosabatlarda “global muxolifat” uzoq vaqtdan beri mavjud emas.

“Sovuq urush ruhidagi bunday holatlar aldamchi. Ular faqat eʼtiborni ushbu respublikada roʻy berayotgan voqealar mohiyatidan olib qochishga yordam beradi”, - deya maʼlum qildi Medvedev.

Rossiya hukumati rahbarining taʼkidlashicha, AQSH “Monro doktrinasi ruhida” yana xorijiy mamlakatlardagi oʻziga yoqmagan hukumatlarni agʻdarib tashlashga harakat qilmoqda. U “barcha lotin amerikalik doʻstlar” bu haqda oʻylab koʻrishi kerakligini bildirdi.

“Rossiya xohlayotgan natija - Venesueladagi tinchlik. Bunga faqat xalqaro miqyosdagi har tomonlama hurmat bilan amalga oshiriladigan muloqot orqali erishish mumkin”, - deya qoʻshimcha qilib oʻtdi Medvedev.

Uning qayd etishicha, Venesueladagi “murosasiz” muxolifat “chet eldan kuchli taʼsir ostida” qolgan.
Shuningdek, Dmitriy Medvedevning aytishicha, 31 mart kuni boʻlib oʻtadigan saylovlardan soʻng, Moskva Ukraina yangi rahbariyati bilan muloqot oʻtkazishga tayyor. Biroq, uning soʻzlariga koʻra, mamlakatdagi “halol boʻlmagan” saylov kampaniyasi sababli kelajakda kim bilan muloqot oʻtkazilishini hozircha tushunmayapti.

Shu tariqa, Rossiya bosh vaziri Ukraina prezidentligiga nomzodlardan qaysidir biri saylansa, Moskva Kiyev bilan munosabatlarni yaxshilashga umid qilyaptimi, degan savolga javob qaytardi. Medvedevning javobiga koʻra, Rossiya, har qanday holda, qoʻshni ukrainaliklarning tanloviga hurmat bilan qaraydi.

“Ukrainada prezidentlik saylovi boʻyicha qattiq, halol boʻlmagan saylov kampaniyasi ketyapti. Buni kuzata turib, Rossiya Ukrainada kim bilan muloqot qilish mumkinligini hozircha tushunmayapti”, - dedi Medvedev.
Shuningdek, uning qayd etishicha, agar manfaatdor boʻlsa, Rossiya yangi rahbariyat bilan muloqotga ochiqdir.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Medvedev: Rossiya va AQSHning Venesueladagi maqsadi hamda Ukraina haqida