Aleksandr Lukashenko Rossiyaga murojaat qildi

  • 06 mart 2019, 06:02
  • 2 302
  • Dunyo
  • Aleksandr Lukashenko Rossiyaga murojaat qildi
    Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiya bilan integratsiyaga yondashuvlarni qayta koʻrib chiqishga tayyorligi haqida maʼlum qildi. Bu haqda u Yevropa tashkilotlari bilan hamkorlik va integratsiya tuzilmalarida ishtirok etish masalalari boʻyicha yigʻilishda xabar berdi, deya maʼlumot tarqatdi BЕLTA.

    “Belarus ittifoq qurish gʻoyasining mutlaq tarafdori boʻlib qoladi. Men buni Rossiya Federatsiyasidagi tarafdorlarimiz hamda raqiblarimiz eshitishini xohlayman”, - dedi Belarus yetakchisi.

    Uning taʼkidlashicha, ittifoqning asosiy tamoyili - barcha fuqarolar uchun teng sharoitlar va suverenitet postulati (isbotsiz ham qabul qilinaveradigan dastlabki faraz - tah.).

    Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya rahbariyati bundan avval integratsiyaga yondashuvlarni qayta koʻrib chiqish tashabbusi bilan chiqqan. “Biz bunga tayyormiz. Hukumatlar darajasida guruhlar tashkil etildi, bu ikkilik doirasida birlashuv jarayonlarini yanada rivojlantirish boʻyicha takliflar tayyorlash uchun qilindi”, - deya aniqlik kiritdi Lukashenko.

    Uning qoʻshimcha qilishicha, birgalikdagi ishni tahlil qilish va “foydalanilmayotgan resurslar mavjud boʻlgan joylarni” aniqlash kerak. Shuningdek, Belarus prezidentining qayd etishicha, ikki tomonlama hamkorlikning eng dolzarb muammolari hozirgi vaqtda iqtisodiy sohadadir.

    Moskva va Minsk oʻrtasida neft-gaz sohasidagi bahs oʻtgan yilning oxirida keskinlashdi, oʻshanda Lukashenko Rossiyada tayyorlanayotgan soliq manyovrini integratsiyani toʻxtatishga urinish deb atadi: u tufayli Rossiya nefti Belarusga Yevropa narxlarida yetkazib berilishi lozim.

    Soʻnggi bir necha oy ichida Lukashenko bir necha bor respublikaning mustaqilligi va suvereniteti masalasi haqida gapirdi. Oʻtgan yil dekabrida u Belarus hech qachon Rossiya tarkibiga kirmasligi haqida maʼlum qildi. Kremldan taʼkidlashlaricha, masala bunday shaklda muhokama etilmagan.

    Oʻshanda Belarus OAV davlat suverenitetini himoya qilish boʻyicha mamlakat isteblishmenti yopiq majlis oʻtkazganini xabar berdi. Davlat rahbarining matbuot kotibi bunday maʼlumotni rad etib, Belarusda mustaqillik masalasi “allaqachon hal etilgani”ni taʼkidladi.

    2019 yil boshida u Belarusga Gʻarb va Sharqdan tahdid borligi haqida ogohlantirgandi. Uning soʻzlariga koʻra, respublika “ham chapda, ham oʻngda, ham Gʻarbdan, ham Sharqdan suverenitet va mustaqillik masalasi boʻyicha jiddiy ravishda tekshiriladi”. Shu bilan birga, Lukashenkoning qayd etishicha, agar hukumat samarali ishlasa, mamlakatni “oʻrnidan qoʻzgʻata olishmaydi”.

    Bundan oldin, Lukashenko Putinning rejasi va prezidentlikdan “toʻygani” haqida gapirgandi.

    » » Aleksandr Lukashenko Rossiyaga murojaat qildi