14:34 / 15.03.2019
4 499

Tojikiston - Qirgʻiziston chegarasidagi keskinlik saqlanib qolmoqda

Tojikiston - Qirgʻiziston chegarasidagi keskinlik saqlanib qolmoqda
13 mart kuni Qirgʻiziston tomoni oʻzaro kelishuvlarga qaramay, Vorux jamoatida mojaroga sabab boʻlgan “Koʻktosh-Oqsoy-Tamdik” yoʻli qurilishini boshlagach, Tojikiston bilan chegarada mojaro yuzaga keldi.

Vorux jamoati aholisi yoʻl qurilishiga qarshi norozilik bildirganida, qirgʻiz tomoni ularga qarata oʻq uzdi, oqibatda bir tojikistonlik halok boʻldi, yana 11 kishi jarohatlandi.

Maʼlumotlarga koʻra, mojaroda Tojikiston tomondan 70 kishi, Qirgʻiziston tomondan esa 50 kishi ishtirok etgan Tojikistonliklar yoʻl qurilishi uchun olib kelingan texnikalarga tosh ota boshlagan va qurilishga qarshilik qilishgan. Tojikistonlik chegarachilar maʼlumotiga koʻra, mojaro davomida qirgʻizistonliklar oʻqotar qurol ishlatishga oʻtgan, Vorux jamoati aholisi boʻlgan 50-60 chogʻli kishi garovga olingan.

Oʻz navbatida, qirgʻizistonliklar chegara hududidagi Chorkuh jamoatiga ham hujum qilishib, Abdumajid Mullajonovga tegishli tegirmon hamda savdo omboriga oʻt qoʻyishgan.

Tojikiston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi Chegara qoʻshinlari bosh boshqarmasi bayonotida 43 yoshli Husayn Hakimov halok boʻlgani tasdiqlangan. U ov miltigʻidan otilgan oʻq tufayli vafot etgan.

Tojikiston MXDQ bayonotida aytilishicha, 15 mart kuniga kelib ham, vaziyatni barqarorlashtirish uchun qoʻllangan choralarga qaramasdan, chegaradagi vaziyat ogʻirligicha qolmoqda.

“2019 yilning 14 martida Qirgʻiziston respublikasi fuqarolari, Batken viloyati Oqsoy qishlogʻi aholisi Isfara tumani Vorux jamoatiga borish yoʻlida toʻplanib, delegatsiya aʼzolari oʻtishiga qarshilik qilishdi. Mahalliy vaqt bilan taxminan soat 15:30da oqsoyliklar Vorux jamoatini oʻrab olib, yoʻllarni toʻsib qoʻyishdi va tojikistonliklarni toshboʻron qila boshlashdi. Tojikiston Respublikasi fuqarolari batkenliklar hujumidan himoyalanishga majbur boʻlishdi. Keyin esa qirgʻiz chegarachilari va qurollangan qirgʻizistonliklar Tojikiston Respublikasining qurolsiz fuqarolarini oʻqqa tutdi”, deyiladi bayonotda.

Otishma natijasida Tojikistonning yana bir fuqarosi halok boʻlib, yana bir kishi jarohatlangan.

Maʼlum qilinishicha, Tojikiston fuqarosi boʻlgan, 1982 yilda tugʻilgan, Voruxdagi Tidon uchastkasida yashagan Teshayev Rasuliddin Imomboyevich ogʻir jarohat olib, vafot etgan. Tojikistonning yana bir fuqarosi, 2003 yilda tugʻilgan Xaydarov Ansoriddin esa chap qoʻlidan jarohat olgan va mahalliy shifoxonaga yotqizilgan.

“Shu bilan birgalikda qirgʻizistonliklar Voruxda yashovchi Tojikiston fuqarolari, 1970 yilda tugʻilgan Zayniyeva Mavluda hamda 1955 yilda tugʻilgan Voxidov Abdumanonning uylariga bostirib kirib, ularga tan jarohatlari yetkazishgan”, deya qayd etilgan bayonotda.

Tojikiston tomoni Qirgʻiziston fuqarolari va qirgʻizistonlik chegarachilar davlat chegarasini qoʻpol ravishda buzishgani va hududda eskalatsiya keltirib chiqarishganini aytmoqda.

“AP” xabariga koʻra, Soʻgʻd viloyati rahbari Rajabboy Ahmadzoda va Isfara militsiyasi boshligʻi Muhammadshoh Iskandarzoda 14 mart kuni Vorux anklaviga kelishgan va Qirgʻiziston tomoni bilan muzokaralar oʻtkazgan. Tojikiston delegatsiyasi faqat kechga borib ortga qaytib ketgan, avvaliga yoʻlni toʻsib qoʻyib, ularni ortga qaytarishmagan, keyin baribir Soʻgʻd viloyati rahbarini oʻtkazib yuborishgan.

Bundan tashqari, 14 mart kuni kechqurun Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda Isfaraga kelgan, keyin chegaradagi boshqa bir qishloq Chorkuhga borgan va vaziyatni oʻrganib, Isfaraga qaytgan.

Bugun, 15 mart kuni Isfarada Tojikiston va Qirgʻiziston delegatsiyalari ishirokida muzokaralar oʻtkazilishi kutilmoqda.

13 mart kuni qirgʻiziston tomon tashabbusi bilan Qirgʻiziston TIV rahbari Chingiza Aydarbekov va Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin oʻrtasida telefon muloqoti boʻlib oʻtgan. Muloqot davomida vazirlar ikki mamlakatning tegishli organlari oʻrtasida yaqindan hamkorlik qardosh xalqlar oʻrtasida yaqin qoʻshnichilik munosabatlarini saqlab qolishi hamda yanada kuchaytirishida katta ahamiyat kasb etishini qayd etgan.

14 mart kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Qirgʻiziston prezidenti Sooranbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot oʻtkazdi. Prezidentlar tegishli organlarga insonlar qurbon boʻlishiga olib kelgan voqea boʻyicha jiddiy tekshiruv oʻtkazish hamda nizoni muzokara yoʻli bilan hal qilish yuzasidan topshiriq berishga kelishib olishgan.

Qirgʻiziston davlat chegara xizmati maʼlumotiga koʻra, mojaro davomida 3 nafar qirgʻizistonlik oʻqotar quroldan jarohat olgan, ularning biri ogʻir ahvolda qolmoqda.

Maʼlumot uchun, Vorux - Tojikistonning ikki eksklavidan biri (ikkinchisi Oʻzbekistondagi Soʻx anklavi) boʻlib, Qirgʻiziston hududida joylashgan. Bu hududda 31 mingda ortiq kishi istiqomat qiladi va ularning 99,99 foizi tojiklar, 0,01 foizi qirgʻizlar hisoblanadi. Voruxda Sari-Dasht, Tidon, Kuchai-Bolo, Sari-Kurum, Guzar, Navobod, Kishlok, Maydon, Sari-Kanda, Tagi-Maxalla, Kalʼacha, Tochikon Sang-tuda kabi mahallalar joylashgan. Vorux ekslavi maʼmuriy jihatdan Isfara tumani tarkibida hisoblanadi. Hudud aholisi oʻsishi tufayli yer yetishmvochiligi kuzatila boshlagach, 1980-yillardayoq tojiklar va qirgʻizlar oʻrtasida mojarolar boshlangan.

“Koʻktosh-Oqsoy-Tamdik” yoʻli qurilishi 2013 yilning aprelida boshlangandi, ammo 2015 yilda yoʻl yarmiga yetgach, bahsli uchastkalar tufayli qurilish ishlari toʻxtatilgandi. Bu yoʻl strategik ahamiyatga ega hisoblanadi, bu yoʻl orqali Oksoy, Samarkandek va Oq-Tatira qishloqlari aholisi tojiklarning Qirgʻiziston ichida joylashgan Vorux anklaviga kirmasdan Batkenning boshqa hududlariga oʻtishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tojikiston - Qirgʻiziston chegarasidagi keskinlik saqlanib qolmoqda