06:00 / 16.03.2019
2 968

Putin nega Tergov qoʻmitasini saqlab qolmoqchi?

Putin nega Tergov qoʻmitasini saqlab qolmoqchi?
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tergov qoʻmitasi vakolatini kengaytirishni taklif qilmoqda: mamlakatdagi eng katta tergov organiga barcha turdagi – molekulyar-genetikdan daktiloskopik tekshiruvgacha boʻlgan – ekspertizani oʻtkazish huquqi berilishi mumkin.

Rossiya Federatsiyasi Prezidentining oʻzi qonunga oʻzgartish tashabbusini koʻrsatib, taklif etilayotgan loyiha parlamentga kiritildi. Agar prezidentning oʻzi qonunchilik tashabbusini bildirgani inobatga olinsa, parlament bu masalada ikkilanib oʻtirmay, yakdil qarorga kelishini taxmin qilish mumkin.

2011 yili tashkil etilgan mustaqil Tergov qoʻmitasi (TQ) prokuratura organlari tarkibida shakllangan boʻlib, jinoyat ishlari va ogʻir ijtimoiy qilmishlarni tergov qilish bilan shugʻullanadi.

Paydo boʻlgandan buyon TQga rahbarlik qilayotgan Aleksandr Bastirkin va Bosh prokuror Yuriy Chayka oʻrtasida xufiyona kurash boshlangan.

Putin tashabbusiga sabab boʻlgan toʻqnashuv haqida bir ogʻiz: Rossiya Bosh prokurori oʻtgan yili TQ jinoiy ishlar boʻyicha sud ekspertizasini oʻtkazish huquqiga ega emasligi, uning huzuridagi Kriminalistika masalalari markazi xodimlari tibbiyot mutaxassislari emasligini qatʼiy eslatgandi.

Prezident bu masalada Bastirkin tomonida turib, qoʻl silkitayotgan boʻlsa, oʻtgan yili tarqagan gaplar oʻz tasdigʻini topmagani oydinlashadi. Masalan, prezidentlik saylovidan oldin Rossiyada Federal tergov xizmati paydo boʻlishi, TQ faoliyatiga nuqta qoʻyilishi bildirilgandi. Boshqa manbaga koʻra, qoʻmita Bosh prokuratura toʻliq nazoratiga qaytishi mumkin edi.

Mish-mishlar shunchalik aniq mazmunga ega boʻlgandiki, RIA qoʻmita rahbari lavozimida ishlayotgan Bastirkinning RF Konstitutsion sudi Valeriy Zorkin oʻrnini egallashi haqida yozgandi.

TQ faoliyatining koʻzga koʻringan eng mashhur tanqidchisi — Bosh prokuror Chaykani Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko qoʻllab-quvvatlagandi. U ayni qoʻmita tugatilishi haqida mish-mishlar tarqaganda prokuratura organlari nazorati kuchaytirilishi haqida qonun loyihasi tayyorlanayotgani aytgan.

“Barcha senatorlar tergov ustidan nazoratning prokuraturaga qaytarilishini maʼqullamoqda”, — deb fikr bildirgandi u.

Bastirkinning yaqin sherigi, Tergov qoʻmitasi Moskva boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlagan Aleksandr Drimanov ishi ham mish-mishlarga kuch bergandi. Gap shundaki, sobiq rahbar kriminal avtoritetlardan pora olganlikda ayblanib qoʻlga olingandi. Bu payt Bastirkinning oʻzi taʼtilda edi, koʻpchilik uning taʼtildan ishxonaga qaytmasligini bashorat qildi.

Drimanov qoʻlga olinishi yana 3 oyga choʻzildi. Bosh prokuratura esa nazoratning kuchayishi boʻyicha qonun loyihasini haligacha Duma tasdigʻidan oʻtkazolmadi. Uni prezident emas, KPRF vakillari parlamentga kiritdi.

2018 yilda Rossiya Ichki ishlar vazirligi ham tugatilishi mumkin edi. Uning oʻrnida, Federal xavfsizlik xizmatini qayta tashkil etish orqali, yagona Davlat xavfsizligi vazirligi tuzilishi taklif etilgandi. Uning paydo boʻlishi sharofati bilan Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakolatlari qirqilishi kutilgandi. Bu islohotlarning birontasi ham boʻlmadi. Prezident ommaviy nutqlarida esa biznesga bosim oʻtkazmaslik chaqirishi bilan cheklanmoqda.

Oʻtgan yilgi prezidentlik saylovlari mamlakatda huquq-tartibot organlari faoliyatini isloh etish uchun eng qulay payt boʻlgandi. Prezident buni amalga oshirishga shoshilmadi. Kreml oʻzi uchun past samara berayotgan barqarorlik saqlanib qolinishini maʼqul koʻrdi. Oʻylaymanki, ekspertiza faoliyatini Tergov qoʻmitasi ixtiyoriga topshirish ham shu barqarorlik kafolatlaridan biri sanaladi, ammo jamiyat va davlat ziyoni uchun xizmat qiladi.

Oʻzbekistonda esa sud ekspertizasi faoliyatini muvofiqlashtirish Adliya vazirligi vakolatiga kiradi. Vazirlik rahbari Ruslan Davletov bu haqda quyidagi fikrni bildirgandi:

“Adliya vazirligi tergov va sud jarayonlarida manfaatdor tomon emas. Qolaversa, biz huquq amaliyotining qoʻllanishi ustidan monitoring olib boramiz. Demak, sud ekspertizasi Adliya vakolatida qolishi fuqarolik jamiyati qurmoqchi boʻlgan demokratik davlat tuzilmasida tenglikni taʼminlashdagi eng oqilona yechim boʻla oladi. Vazirlik timsoli Femida ham bejiz tanlanmagan”.

Oʻzbekistonda tergov ishi ham boshqacha tashkil etiladi. Jinoyat protsessual kodeksining 345-moddasida taʼkidlanganidek, jinoyat ishining tergovga tegishliligi belgilangan. Bunda dastlabki tergov prokuratura organlari, harbiy prokuratura, davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar organlarining tergovchilari tomonidan olib borilishi nazarda tutilgan jinoyatlar farqlantirilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin nega Tergov qoʻmitasini saqlab qolmoqchi?