21:45 / 16.03.2019
9 948

Mehrimoh Sultonning muhabbatini rad etgan erkak...

Mehrimoh Sultonning muhabbatini rad etgan erkak...
“Muhtasham yuz yil” teleserialida sulton Sulaymonning yagona qizi Mehrimoh oʻta dimogʻdor, buyruq berishni xush koʻradigan ayol sifatida tasvirlangan. Lekin muhabbatda omadi chopmadi. Boli-bey muhabbatini rad etgach, unga qasdma-qasd Rustam poshshaga turmushga chiqishga rozilik berdi. Onasi Xurram sultonning xohishi shunday edi. Xurram sulton Rustam poshshani bosh vazir lavozimiga tayinlab, Sulaymondan keyin taxt piyonista oʻgʻli Salimgamas, Boyazidga nasib etishini taʼminlash niyatida edi. Mehrimoh esa Rustam poshshani nafaqat yoshi ulugʻligi uchun, balki erkak sifatida ham yoqtirmasdi.

Biroq chidashga, tishni tishga bosishga majbur boʻldi. Rustam bilan oʻrtadagi munosabat doktor Pedro paydo boʻlgach, buzildi. Mehrimoh va Pedro bir-birlarini sevib qolishdi. Lekin bu haqda Rustam tez fursatda xabar topdi. Shu narsa sabab boʻlib Mehrimohdan sovidi. Oʻziga jazman ham topib oldi. Keyin Boyazidni sotib, piyonista shahzoda Salim tarafiga ogʻib ketdi. Mana shularning hammasi sabab boʻlib, Mehrimoh Rustamni oʻldirishga buyurtma berdi. Buyurtmani esa Atmaji ismli Boyazidning sadoqatli navkarlaridan biri ijro etdi.

Mehrimoh eri oʻldirilgach, uzoq vaqt motamda yurmadi. Tez orada Semiz Ali poshsha ismli erkakka koʻz tika boshladi. Rustamning oʻlimidan keyin sulton Sulaymon xuddi oʻsha poshshani bosh vazirlikka tayinlagandi. Qolaversa, Mehrimoh ham poshsha koʻproq Boyazidni qoʻllab-quvvatlashiga ishonardi. Shuning uchun ochiqchasiga oʻziga uylanishini taklif qildi. Baxtga qarshi, Ali poshsha Mehrimohning taklifiga rad javobini berdi. Xoʻsh, nega?

Birinchidan, poshshaning bir nechta xotini bor. Agar sultonning qiziga uylansa, oldin ular bilan ajrashishi lozim edi. Imperiya qonunlariga koʻra, sultonga kuyov boʻlgan shaxsning boshqa xotini boʻlishi taqiqlangan. Sultonga kuyov boʻlganlarning haram tashkil etishga haqqi yoʻq edi. Ikkinchidan, Mehrimoh uni ayol sifatida qiziqtirmasdi. Oʻshanda Mehrimohning yoshi 39 da edi. Ali poshsha esa uylansa-da, yoshginasiga uylanishni maʼqul koʻrardi. Uchinchidan, u imperiyaning eng yuqori lavozimini busiz ham egallashga ulgurgan…

Endi tarixiy maʼlumotlarga koʻz tashlaymiz. Usmoniylar imperiyasida 1561-1565 yillar haqiqatan Semiz Ali poshsha degan bosh vazir faoliyat yuritgan. “Semiz” poshshaning laqabi edi. U basavlat va semiz boʻlgani sababli shunday laqabga ega chiqqan. Yoshi ham Mehrimoh kabi 39 da boʻlgan. Juda aqlli, muloyim va tiyrak suhbatdosh edi. Mehrimohning unga nikoh taklif etishi esa ssenariychilar tarafidan toʻqib chiqarilgan. Sababi, oʻz davrida Mehrimoh Rustam poshshaning oʻlimidan keyin otasi sulton Sulaymonga murojaat etib, qaytib uni turmushga uzatmasligini iltimos qilgan.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Mehrimoh Sultonning muhabbatini rad etgan erkak...