19:23 / 19.03.2019
4 011

Saudiya Arabistoni podshohi valiahd shahzodani bir qator vakolatlardan mahrum qildi

Saudiya Arabistoni podshohi valiahd shahzodani bir qator vakolatlardan mahrum qildi
Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonni baʼzi bir vakolatlardan mahrum qilgan boʻlishi mumkin, deya xabar beradi Kun.uz The Guardianʻga asoslanib.

Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon Ol Saud oxirgi ikki hafta davomida, iqtisodiyot va moliya sohasidagi baʼzi bir vakolatlaridan mahrum qilinganidan soʻng, podshohlikdagi vazirlar va diplomatik darajadagi qator muhim yigʻilishlarda ishtirok etmadi.

Nashr maʼlumotiga koʻra, valiahd shahzoda vakolatlarini vaqtinchalik boʻlsa ham cheklab qoʻyish toʻgʻrisidagi qaror uning otasi, podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud tomonidan oʻtgan hafta yuqori darajali vazirlarga eʼlon qilingan.

Manbaning taʼkidlashicha, podshohning ishonchli maslahatchilaridan biri, yaqinda milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi etib tayinlangan Musayd Al Aybon endi podshoh nomidan investitsiya qarorlarini norasmiy ravishda nazorat qiladi.

The Guardian maʼlumotiga koʻra, valiahd shahzoda podshoh boshchiligidagi vazirlar mahkamasining soʻnggi ikki haftalik yigʻilishida qatnashmagan, shuningdek, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari, Livan bosh vaziri va Hindiston hamda Xitoy elchilari bilan uchrashuvlarda ishtirok etmagan. Podshohlik hukumatining Vashingtondagi rasmiy vakili bu maʼlumotni izohlashdan bosh tortgan, shuningdek, Saudiya valiahd shahzodasi qayerda ekani boʻyicha maʼlumot bermagan.

Muhammad bin Salmon avval ham uchrashuvlarni oʻtkazib yuborganiga qaramay, podshohlik saroyi ishi bilan tanish boʻlgan manbaning nashrga maʼlum qilishicha, valiahd shahzodaning soʻnggi ikki hafta ichida koʻrinish bermagani katta syurprizga aylangan. Taxminlarga koʻra, podshoh seshanba kuni vazirlar mahkamasi yigʻilishida oʻgʻli ishtirok etmaganidan juda dargʻazab boʻlgan, unda podshohlik oldida turgan koʻplab muammolar muhokama qilingan. Podshoh ikki soatlik murojaatida, gazetaning taʼkidlashicha, Saudiya Arabistoni iqtisodiyotiga yoʻqotilgan investitsiyalar boʻyicha tashvish bildirgan.

Gazetaning qayd etishicha, podshoh va valiahd shahzoda oʻrtasidagi munosabatlar saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchi 2018 yilda oʻldirilganidan soʻng diqqat markazida boʻlib turibdi. Muhammad bin Salmonning bunga aloqasi borligi toʻgʻrisida taxminlar paydo boʻlgan, biroq Saudiya hukumati bu maʼlumotlarni rad etgandi.

Ar-Riyod siyosatini tanqid qilgan Qoshiqchi 2018 yil 2 oktyabrda Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligiga tashrif buyurganidan keyin gʻoyib boʻldi. Saudiya hukumati 20 oktabr kuni jurnalist diplomatik missiya binosida “mojaro oqibatida” oʻldirilganini xabar qildi. Jurnalistning jasadi hali ham topilmagan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Saudiya Arabistoni podshohi valiahd shahzodani bir qator vakolatlardan mahrum qildi