19:11 / 28.03.2019
4 859

AQSHning bir nechta shtatlarida Navroʻz bayrami keng nishonlandi (foto)

AQSHning bir nechta shtatlarida Navroʻz bayrami keng nishonlandi (foto)
Navroʻz bayrami munosabati bilan Oʻzbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan AQSHdagi vatandoshlar ishtirokida qator tadbirlar oʻtkazildi hamda ularda Oʻzbekistonning turizm salohiyati targʻib qilindi. Bahor bayramiga bagʻishlangan tadbirlar AQSHning Kaliforniya, Vashington, Pensilvaniya va Illinoys shtatlarida keng nishonlandi.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmatidan xabar berilishicha, tadbirlarda 5 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashgan, AQSHda istiqomat qilayotgan vatandoshlar, mahalliy aholi, turoperatorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari shular jumlasidandir.

Taʼkidlash joizki, Qoʻmita koʻmagida Pensilvaniya shtati Bensalem shahrida ilk bor Navroʻz bayramiga bagʻishlangan xalq sayli tashkil etildi. Tadbirda AQSH Kongressi aʼzosi Brayan Fispatrik, Pensilvaniya shtati senatori Jon Sabatina, Bensalem shahri meri Jozef DiGirolamo va boshqalar barcha oʻzbekistonliklarni Navroʻzi olam bilan tabriklab, mamlakatning boy madaniyati, tarixi, urf-odatlari, anʼanalari va turizm salohiyatini yuqori baholashdi.

Illinoys shtati, Chikago shahrida Navroʻz taomlari hisoblangan sumalak, koʻk somsa, palov kabilar tayyorlanib, tadbir ishtirokchilarga ulashildi. Shuningdek, tadbir doirasida oʻzbek xalq hunarmandchik namunalari namoyish etildi hamda Oʻzbekistonning turizm salohiyatini aks ettiruvchi targʻibot materiallari tarqatildi.

Kaliforniya shtati, San-Fransisko shahrida Navroʻz bayrami davomida, Oʻzbekiston milliy madaniyat markazining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbir doirasida “Belbogʻli milliy kurash” sport musobaqasi turli vazn toifalarida tashkil etildi va mahalliy aholi oʻzbek madaniyati, anʼanalari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Shuningdek, Oʻzbekistonning gastronomik turizm imkoniyatlarini ommalashtirish maqsadida milliy taomlar tayyorlanib, tadbir ishtirokchilariga tortiq etildi.

Vashington shtatida “Sietl­-Toshkent” birodarlar assotsiatsiyasi koʻmagida milliy kuy-qoʻshiqlar, raqslar, “Kelin salom” namoyish etildi. Tadbir davomida Sietl shahridagi vatandoshlarimiz Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib etishdi. Jumladan, ular tadbir ishtirokchilariga Oʻzbekistonda joriy etilgan yangi viza turlari (Vatandosh, Student visa, Academic visa, Medical visa, Piligrim visa) haqida maʼlumot berishdi.

“Bu kabi tadbirlar Oʻzbekistonning boy madaniyati, tarixi, urf-odatlari va anʼanalari hamda turizm salohiyatini AQSH aholisiga yetkazishda yangi bosqich sifatida xizmat qiladi. Oʻzbekiston ravnaqi uchun hissa qoʻshayotgan vatandoshlarimizga alohida minnatdorchilik bildiramiz”, - deydi Oʻzbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsuli Kamoliddin Ikromov.

“Oʻzbek diasporasi tomonidan tashkil etilgan Navroʻz bayrami tadbirida ishtirok etganimdan xursandman, unda juda mazali oʻzbek taomlari tortiq etildi, tadbir jozibali milliy kuy-qoʻshiqlar, anʼanaviy sport musobaqalari bilan davom etdi. Barcha ishtirokchilar bahorning boshlanishini nishonlash uchun oʻz oila aʼzolari bilan qatnashdi”, - deydi San-Fransisko shahri fuqarosi Patrik Vaytmen.

Oʻtkazilgan barcha tadbirlar doirasida, “Oʻzbekistonga sayohat qil!” shiori ostida, yurtimizning mashhur shaharlari - Xiva, Buxoro va Samarqand aks etgan 1000 dan ortiq suratlar vatandoshlarimizning avtomashinalariga yopishtirildi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Vatandosh” Oʻzbek-Amerika federatsiyasi hamkorligida, 2019 yil aprel oyida AQSHda Oʻzbekiston turizm salohiyatini targʻib qilishga qaratilgan qator tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSHning bir nechta shtatlarida Navroʻz bayrami keng nishonlandi (foto)