12:40 / 29.03.2019
2 952

Germaniya fuqarosi AQSHda oʻzini boy qiz qilib koʻrsatib, turli firibgarliklarni amalga oshirdi

Germaniya fuqarosi AQSHda oʻzini boy qiz qilib koʻrsatib, turli firibgarliklarni amalga oshirdi
AQSHning Nyu-York shahrida 27 mart kuni Rossiyada tugʻilgan Germaniya fuqarosi Anna Sorokina ishi yuzasidan sud boʻlib oʻtdi. Bu haqda Daryo xabar berdi.

28 yoshli Anna Sorokina 2016 yilda Nyu-Yorkka kelgan va oʻzini atrofidagilarga Anna Delvi deb tanishtirgan. Qiz oʻzini boy odamning merosxoʻri deb atab, yuqori sinf vakillari bilan muloqotda boʻlgan va oʻz nomiga zamonaviy sanʼat markazini ochishni rejalashtirgan. Sorokina mashhur brendlarning liboslarini kiygan va restoranlarda katta miqdorda choychaqa bergan. Shuning uchun atrofdagilar uning boy oiladan ekaniga ishongan.

Keyinroq maʼlum boʻlishicha, qizning otasi dastlab yuk mashinasi haydovchisi boʻlgan, keyin esa konditsioner oʻrnatuvchi kompaniya ochgan va qiziga kamroq pul yubora boshlagan. Sorokina yevropalik qarindoshlari uning qarzini toʻlashini vaʼda qilib, yolgʻon ishlatib 200 ming dollar kredit olgan. U mehmonxonalarda boy doʻstlarining puliga yoki bepul yashagan, qimmat restoran va bazmlarga borgan.

Prokuror Keygen Meys-Uilliamsning soʻzlariga koʻra, qiz turli tashkilotlardan jami 275 ming dollar qarzdor.

“Bizlarning koʻpchiligimiz tirikchilik uchun pul topayotgan bir paytda, u qimmat restoranlarda bepul tushlik qilgan, hashamatli mehmonxonalarda yashagan. U bankdan, mehmonxonalardan, doʻstlarining pulini oʻgʻirlagan. Hatto investitsion jamgʻarmaning ham pullarini oʻgʻirlashga uringan. Qisqacha qilib aytganda, u hammani aldagan”, — deydi prokuror.

Sorokinaning advokati Todd Spodekning aytishicha, qiz oʻzi ishlab pul topib, hamma qarzlarini toʻlashiga ishongan. Firibgar qizning atrofidagi barcha odam “ijtimoiy tarmoqlarda oʻz hayotini soxta hashamat bilan koʻz-koʻz qilgan”, bu esa qizning bu yoʻlga kirishiga turtki boʻlgan.

Agar Sorokina katta miqyosdagi oʻgʻirlik va firibgarlikda aybdor deb topilsa, u 15 yilgacha boʻlgan muddatga qamaladi. Aks holda, u sayyohlik vizasi allaqachon tugaganligi uchun Germaniyaga deportatsiya qilinadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Germaniya fuqarosi AQSHda oʻzini boy qiz qilib koʻrsatib, turli firibgarliklarni amalga oshirdi