19:23 / 30.03.2019
6 525

Qaysi davlat rahbarlari eng qimmat avtomobillarga ega? (foto)

Qaysi davlat rahbarlari eng qimmat avtomobillarga ega? (foto)
Bugungi kunda avtomobillar harakatlanishning eng ommabop vositasiga aylanib ulgurgan. Koʻpchilik xaridorlar avtomobil xarid qilganida koʻrinishi, tejamkorligi, narxi va ommabopligi kabi dastlabki talablarni hisobga olishadi. Ammo davlat rahbarlariga xizmat qiluvchi avtomobillarga qoʻyiladigan talablar butunlay boshqacha. Ular hashamat va qudratni ifoda etishi, ichidagi inson uchun barcha qulayliklarni taqdim etishi hamda eng muhimi yuqori darajadagi xavfsizlikni taʼminlay bilishi shart. Ana shunday avtomobillar yettiligi bilan tanishib koʻramiz.

7. Buyuk Britaniya - Jaguar XJ Sentinel, qiymati 455 ming dollar

Buyuk Britaniya bosh vaziriga xizmat qiluvchi asosiy avtomobil zirhlangan, 5,0 litrli V8 turbodvigatelga ega. Koʻplab xususiyatlari maxfiy tutiladigan bu avtomobil kuzovi titan, kevlar kabi qotishmalardan ishlangan. Oynalari oʻq oʻtkazmaydigan mashina kislorod ballonlariga ham ega va gaz hujumiga ham bardosh beradi. Jaguar XJ Sentinel ichida tungi koʻrish moslamasi mavjud. Yuqori sifatli ekran maxsus aloqa tizimi orqali videokonferensiya oʻtkazish imkoniyati beradi.

6. Tailand - Limuzin Maybach 62, 500 ming dollar

Bu davlat qirolining sevimli avtomobili koʻplab mashinalar avtoparkida alohida oʻrin tutadi. V12 dvigatel hashamdor salon, yuqori xavfsizlik, ajoyib kuzov bilan bilan uygʻunlashib, qirol qudratining ramzi sifatida harakatlandi.

5. Rossiya – Prezident “Kortej”i, aniq qiymati maʼlum emas, umuman yaratilish loyihasiga 8 mlrd rubl sarflangan

Rossiya prezidenti uchun moʻljallangan bu loyiha mahsuli boʻlgan “Kortej” yaratilishi uchun jami dunyo boʻylab 130 dan ortiq ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganlar. Lekin bu mahsulot faqat prezident uchun xizmat qilmay, bosh vazir, asosiy mehmonlar uchun ham moʻljallangan. Oʻta kuchli zirh, oʻq oʻtkazmas oynalar kabi standart xavfsizlik vositalaridan tashqari bu mashinada hatto katapulta tizimi ham joriy qilingan.

4. Vatikan - Mercedes-Benz M-klass, 525 ming dollar

Bir qarashda bu avtomobil oddiy oʻyinchoqqa oʻxshaydi. Lekin yagona nusxada maxsus ishlangan bu mashinaning ahamiyat juda ulkan. Maʼlumki Rim papasi koʻp suiqasdga nishon boʻluvchi insonlar toifasiga kiradi. Bu avtomobil esa unga oʻz hayoti uchun xavfsiramagan holda qavm orasiga kirish, ommaviy duolar qilish imkonini beradi. “Papamobil” uchun Vatikan yarim milliondan ortiq mablagʻni sarflagani bejizga emas.

3. Xitoy - Hongqi Limousine, 802 ming dollar

Xitoyda Hongqi limuzinining obroʻsi baland. “Qizil bayroq” degan maʼno beruvchi bu nom ostidagi avtomobilga 381 ot kuchiga ega V8 dvigatel oʻrnatilgan. Ulkan vazniga qaramay unga 100 km/soat tezlikka chiqish uchun 8 soniya kifoya qiladi. Maksimal tezligi 220 km/soat boʻlgan bu mashinadan nafaqat oliy rahbariyat, balki koʻpchilik badavlat insonlar ham foydalanadilar.

2. AQSH - Cadillac One, 1,5 mln dollar

AQSH dunyoning eng qudratli davlati boʻlgani holda uning prezidenti xavfsizligiga nihoyatda katta eʼtibor qaratiladi. 80 yildan buyon prezidentlar uchun mashinalar tayyorlab kelayotgan General Motors kompaniyasining alohida loyihasi boʻlgan bu avtomobil hatto prezidentga mos qon namunasini ham saqlaydi. Eshiklari qalinligi 20 sm lik bu vositaning ichida barcha qulayliklar mavjud.

1. Angliya qirolichasi uchun - Bentley State Limousine, 15,2 mln dollar

Dunyoning eng qudratli davlati AQSH boʻlsa ham uning prezidenti qirolicha mashinasiga havas qilsa arziydi. Sababi qiymatlardagi farq roppa-rosa 10 barobarga teng.

15 mln. dollarlik Bentley State Limousine barcha qulayliklarni jamlagani holda hashamatning yaqqol namunasi hamdir. Brendning 50-yilligiga va qirolicha uchun maxsus yaratilgan bu avtomobilning yana bir nusxasini topib boʻlmaydi. Eng qizigʻi, keksa yoshiga qaramay bu avtomobilni hanuz qirolichaning oʻzi vaqti-vaqti bilan boshqarib turadi.

Maʼlumot uchun: Buyuk Britaniya hududida zarur hujjatlarsiz avtomobilni boshqarish huquqiga ega yagona shaxs qirolichadir.
Abror Zohidov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qaysi davlat rahbarlari eng qimmat avtomobillarga ega? (foto)