16:50 / 31.03.2019
3 123

Ukrainada prezidentlik saylovlari boʻlib oʻtmoqda

Ukrainada prezidentlik saylovlari boʻlib oʻtmoqda
Mahalliy vaqt bilan soat 08:00da (Toshkent vaqti bilan 10:00) mamlakatdagi barcha saylov uchastkalari ochildi. Ovoz berish jarayoni soat 20:00ga qadar davom etadi.

Qayd etish kerakki, bu Ukrainada Yevromaydan voqealaridan keyingi ikkinchi saylov, birinchi tur natijalarini oldindan taxmin qilish qiyin. Saylovoldi poygasida uch favorit bor edi, ammo ularning qaysilari ikkinchi turga oʻtishini aytib boʻlmaydi.

Saylovlarda rekord miqdorda - 39 nafar nomzod qatnashmoqda. Oxirgi maʼlumotlarga koʻra, shoumen Vladimir Zelenskiy poygada yetakchilik qilmoqda, saylovlarga bir hafta qolganida uning reytingi 30 foizga teng boʻlgan. Soʻrovlarga koʻra, Poroshenkoni 17 foiz ukrainlar, Yuliya Timoshenko 12,5 foiz ukrainlar qoʻllab-quvvatlamoqda.

2014 yil mayidagi navbatdan tashqari saylovda ham Petro Poroshenko va Yuliya Timoshenko oʻzaro raqobat qilishgandi. Oʻshanda Poroshenko birinchi turdayoq 54,7 foiz ovoz bilan gʻolib chiqqandi. Timoshenko 12,8 foiz ovoz olib ikkinchi boʻlgan. Bu safar ulardan tashqari yana 37 kishi nomzod sifatida roʻyxatdan oʻtgan.

Nomzodlar soni koʻpligini roʻyxatdan oʻtish osonligi bilan izohlash mumkin: tartibga koʻra, nomzodlar oʻzlari uchun qanchadir imzo yigʻishi talab qilinmaydi. Ulardan talab qilinadigani - MSKga 5ta hujjat olib kelish, mulk deklaratsiyasini taqdim etish va 2,5 mln grivna miqdorida (deyarli 100 ming dollar) toʻlov qilish.

Saylovda aktyor va komik Vladimir Zelenskiy favorit hisoblanmoqda, u “Sluga naroda” (“Xalq xizmatkori”) serialida oddiy oʻqituvchilikdan Ukraina prezidenti lavozimiga chiqib borgan shaxsni gavdalantirgandi.

Zelenskiy haqiqiy prezident sifatida birinchi navbatda fuqarolar hukumatga referendumlar orqali vazifalar qoʻyishini taʼminlashni vaʼda qilmoqda. Ukrainaning amaldagi prezidenti Petro Poroshenko bu safar ham mamlakatni YEI va NATOga aʼzo qilish haqida gapirmoqda. Yuliya Timoshenko esa ukrainlarga arzon gaz, yuqori maoshlar va oson ipotekalarni vaʼda bermoqda.

Bu nomzodlar Rossiyaga munosabatda yakdillar: Timoshenko Rossiya Ukrainaga yetkazilgan zararlarni qaytarishi kerakligini aytmoqda, Zelenskiy Rossiyaga borishni istamasligini aytgan, Poroshenko esa oʻzini Vladimir Putinning asosiy dushmani sifatida atagan.

Ekspertlar bir ovozdan Rossiya bu safargi prezidentlik sayloviga “oʻz nomzodi”ni qoʻsha olmagani aytishmoqda. Lekin maʼlum bir maʼnoda Vladimir Putin uchun oʻz saylovoldi kampaniyasi davomida Rossiya bilan aloqalarni tiklashni maʼlum qilgan Yuriy Boyko bilan hamkorlik qilish “qulay” hisoblanadi. Boyko Donbass mojarosining barcha tomonlari bilan muzokaralar oʻtkazish tarafdoridir.

Aynan Boyko saylovoldi kampaniyasi davomida “Muxolifatdagi platforma - Hayot uchun” partiyasi siyosiy kengashi rahbari, Putinning Ukraina bilan aloqalardagi asosiy vositachisi hisoblanadigan Viktor Medvedchuk hamrohligida Moskvaga kelib, RF bosh vaziri Dmitriy Medvedev va “Gazprom” rahbari Aleksey Miller bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Sotsiologlarning fikricha, mamlakat prezidenti saylovlarning ikkinchi turida aniqlanadi. Gʻolib nomzod keyingi 5 yil davomida mamlakatni boshqaradi.

Markaziy Saylov komissiyasi saylov natijalarini 10 aprelga qadar eʼlon qilishi kerak boʻladi. Dastlabki natijalar 1 apreldan aniq boʻlishni boshlaydi. Agar biror nomzod 50 foizdan ortiq ovoz toʻplay olmasa, 21 aprel kuni ikkinchi tur oʻtkaziladi.

Rossiyadagi, shuningdek, Donbass hududidagi ukrainlar (7-9 million kishi) saylovda qatnasha olishmaydi.


Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainada prezidentlik saylovlari boʻlib oʻtmoqda