Prezidentlik saylovida Timoshenko Zelenskiyni qoʻllab-quvvatlamoqchi emas

  • 03 aprel 2019, 09:20
  • 634
  • Dunyo
  • Prezidentlik saylovida Timoshenko Zelenskiyni qoʻllab-quvvatlamoqchi emas
    “Batkishshchina” partiyasi yetakchisi, Ukraina prezidentligi uchun saylovlarda nomzod boʻlgan va ikkinchi turga oʻta olmagan Yuliya Timoshenko ikkinchi turda amaldagi prezident Petro Poroshenkoni ham va shoumen Vladimir Zelenskiyni qoʻllab-quvvatlamasligini bildirdi.

    “Men MSK qarori bilan ikkinchi turga oʻtgan nomzodlarning hech biri mamlakat rahbari sifatida oldinga qoʻyiladigan vazifalarni bajarishga qobil emas deb hisoblayman. Ular na urushni va na qashshoqlikni toʻxtata olishadi”, degan Timoshenko.

    Shu tariqa, Zelenskiy ikkinchi turda Timoshenko bilan birlashishi haqidagi taxminlar yoʻqqa chiqdi.

    Saylovda ovoz berish jarayoni yakunlangach, rada deputati Mustafa Nayem Timoshenko va Zelenskiy ikkinchi turda birgalikda harakatlanishga kelishib olishgani, unga koʻra Zelenskiy prezidentga aylansa, 2019 yilning oktyabrida boʻlib oʻtadigan parlament saylovlarida Yuliya Timoshenko bosh vazirga aylanishi uchun yordam berishi kerakligi aytilgandi.

    Timoshenko yana nimalar dedi?
    Birinchi turda 13,39 foiz ovoz olib uchinchi boʻlgan nomzod bor diqqatini “ikkinchi turda ovozlar soxtalashtirilmasligi uchun harakat qilishi”ni taʼkidladi.

    U saylovlarni “maynabozchilik” deb atagan va natijalar bir nomzod foydasiga - amaldagi prezident Petro Poroshenko manfaatlari yoʻlida soxtalashtirilgani haqida gapirgan.

    U natijalardan shikoyat qilar ekan, shu bilan birga sudga ham murojaat etmasligini qoʻshimcha qilib, sud tizimiga ishonmasligini taʼkidlagan. “Biz yoʻq narsadan umid qilmaymiz. Ukrainada sud tizimi yoʻq, shu tufayli saylov natijalaridan shikoyat qilish oʻrinsiz”, degan Timoshenko.

    U shuningdek, oʻz tarafdorlarini koʻchalarga chiqib, aksiyalar oʻtkazishga ham chaqirmagan. Uning soʻzlariga koʻra, norozilik aksiyalari mamlakatda beqarorlik keltirib chiqarishi va ichki parokandalikka sabab boʻlishi mumkin. “Biz bunday siyosat yuritmaymiz. Men saylovchilarning ovozini hurmat qilaman. Biz saylovlarni himoya qilishda davom etamiz”, degan muxolif siyosatchi.

    Ovoz berish jarayoni yakunlangan kechada Petro Poroshenko shtabi vakili Sergey Berezenko jurnalistlarga “saylovlar mutlaqo halol oʻtgani” haqida maʼlum qilgandi.

    Xalqaro kuzatuvchilar ayrim hududlarda qoida buzilishlarini qayd etishdi, ammo bu qoida buzilishlari natijalarga taʼsir koʻrsatmagan deb topildi. YEXHT kuzatuvchilari ham saylovlarni “erkin va raqobat muhitida” kechdi deb baholadi.

    Manba: Kun.uz

    » » Prezidentlik saylovida Timoshenko Zelenskiyni qoʻllab-quvvatlamoqchi emas