18:13 / 03.04.2019
2 956

Dushanbeda haydovchilar jurnalistlarning hazilini chin qabul qilishdi

Dushanbeda haydovchilar jurnalistlarning hazilini chin qabul qilishdi
1 aprel kuni Tojikistonning yirik internet nashrlaridan biri “Aziya-plyus” oʻquvchilari bilan hazillashishga qaror qildi. News.tj saytida “Dushanbeda 1 apreldan boshlab marshrutkalar tik turgan odamlardan haq olmaydi” sarlavhasida xabar paydo boʻldi.

“1 apreldan boshlab Dushanbeda avtobus, trolleybus va marshrutkalarda tik turgan holatda ketayotgan yoʻlovchilar yoʻl haqidan ozod qilindi. Shahar hokimiyati bu bilan jamoat transportidagi tirbandlik muammosini hal qildi. Tik turgan holatdagi yoʻlovchilarni olib ketayotgan jamoat transporti jarimaga tortiladi”, deyilgandi xabarda.

Bu hazilni chin deb qabul qilgan haydovchilar oʻtiradigan oʻrinlar toʻlgach, boshqa odam olmay, yoʻlovchilarga “Baxshish, namegirem” (kechirasiz, ololmaymiz) deb javob berishgan. Marshrutkalar bekatlarda odamlarni olmagach, yoʻlovchilar shikoyat qilishgan. Haydovchilar esa dizel qimmatlashgani, shundogʻam xarajatlarini qoplay olmayotgan vaqtda jarima toʻlashni istamasliklarini aytishgan.

Tik turganlar uchun yoʻlkira tekinligi haqidagi xabarni tarqatgan “Aziya-plyus” jurnalistlari ham marshrutkalar toʻlgach, bekatlarda toʻxtamasligidan “jabrlanishgan”. Ayollar mashinalar bolalarni olmayotganidan arz qilishgan. DAN xodimlaridan biri birorta jamoat transportida ortiqcha odam yoʻqligini koʻrib shunday deydi: “Bunaqasini anchadan beri koʻrmagandim”.

Tojikiston qonunchiligiga koʻra, marshrutkalar tik turgan yoʻlovchilarni tashiganlari uchun 55-110 (1 somoniy – 892 soʻm) somoni miqdorida jarima toʻlashadi. Agar bunday qoida buzish yana takrorlansa, jarima miqdori oshadi va haydovchilik guvohnomasi olib qoʻyilishi ham mumkin. Dushanbe shahri rahbariyati maʼlumotiga koʻra, ayni damda poytaxtda 2 900ta jamoat transporti vositasi bor va ulardan 80 foizi xususiy hisoblanadi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dushanbeda haydovchilar jurnalistlarning hazilini chin qabul qilishdi