22:48 / 03.04.2019
6 331

Oʻzbekistonlik talaba hikoyasi: Germaniyada oʻqish osonmi?

Oʻzbekistonlik talaba hikoyasi: Germaniyada oʻqish osonmi?
Foto: “Daryo”
Germaniya Yevropaning eng koʻzga koʻringan mamlakatlaridan biri hisoblanadi. U yerda tahsil olishni xohlamagan odam boʻlmasa kerak. Germaniyada oʻqish uchun nima qilish kerak? Qanday grantlar bor? Oʻqishga borgan talaba ham oʻqib, ham ishlashi mumkinmi?

Bu haqda “Daryo”ga Germaniyaning Shmalkalden amaliy bilimlar universiteti talabasi Muhammadsaid Fatullayev batafsil gapirib berdi.

Muhammadsaid Fatullayev Samarqand viloyati Urgut tumanida tugʻilgan. U 24 yoshda, Germaniyaning Shmalkalden amaliy bilimlar universiteti xalqaro iqtisodiyot va biznes yoʻnalishida grant asosida tahsil oladi. Rus, ingliz, nemis, turk va tojik tillarini mukammal biladi.

Germaniyaga borishim haqida
Akademik litseyni bitirganimdan soʻng, Toshkent Moliya institutiga hujjatlarimni topshirgandim. Ammo urunishlarim besamar ketdi. Tushkunlikka tushmay, ingliz tilini mukammal bilganim uchun xorijda oʻqishni maqsad qildim. Ilmiy va moliyaviy imkoniyatlarimni chamalab, taʼlim olishim uchun mumkin boʻlgan mamlakatlar “xarita”sini tuzib chiqdim. Angliya, Amerika va oxiri Germaniyada toʻxtadim. Lekin bu mamlakatga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish mushkul edi. Keyin Latviyaga ketishga qaror qildim. Shuni faxr bilan aytamanki, bu yer mening maqsadlarim yoʻlida mustahkam koʻprik vazifasini oʻtadi. Latviyada bir yarim yil vaqt mobaynida taʼlim oldim.

2017 yil iyul oyida oʻtkazilgan “Erasmus exchange program” tanlovining barcha bosqichlaridan oʻtib, final bosqichiga yoʻllanma oldim. Komissiya aʼzolari tomonidan ingliz tilida yozgan inshoyim yuqori baholangani bois birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtdim. Tanlovning ikkinchi bosqichi suhbat edi. Yaxshigina ter toʻkib, tayyorlandim. Suhbatda Yevropalik vakillar menga oʻzlarini qiziqtirgan savollarini berishdi. Shuni alohida aytishim kerakki, suhbatda intilish va istaklaringizni sodda va loʻnda qilib hakamlar hayʼatiga tushuntirib bera olishingiz sizning grant yutish uchun imkoniyatlaringizni oshiradi. Xullas, tanlovda gʻolib boʻlib, 2017 yil oktyabrda Germaniyaga 6 oylik grant asosida oʻqishga keldim. Shu vaqt mobaynida nemis tilini V2 darajada oʻrgandim. Dekanimiz tavsiyaga koʻra Shmalkalden amaliy bilimlar universitetining xalqaro iqtisodiyot va biznes fakultetiga qabul qilindim.

Foto: “Daryo”
Men bilgan Germaniya
Ilk bor Germaniyaga kelgan vaqtlarimda oʻzimni goʻyo boshqa dunyoga tushib qolganday his qilganman. Birinchi galda toza havosi yoqdi. Chunki, nemislar atrof-muhitga juda eʼtiborli, jonivorlarga mehribon. Esimda, talabalar yotoqxonasi yonidagi bogʻda olmaxonni koʻrib aqldan ozay degandim. Tabiatning noyob mavjudodlari, insonlardan qoʻrqmasdan erkin yashashi meni hayratlantirgan. Men yashagan joy adirliklar yonbagʻrida joylashgani uchunmi ayrim hayvonot bogʻlarida ham uchratish qiyin boʻlgan bugʻularni saharda koʻrib qolaman. Bu ham tabiat neʼmatlariga boʻlgan ehtiyotkorona munosabatdan deb bilaman.

Odamlarining oʻziga xos prinsplari bor. Yaʼni yoqmadimi qilmaydi, ipidan ignasigacha oʻrganmaguncha tinmaydi. Biroz qattiqqoʻlroq, lekin doʻstlashib ketish muammo emas. Begonalarni ajratishmaydi.

Foto: “Daryo”
Ularning kasbiga boʻlgan muhabbati menga hayratlantirgan. Umuman koʻcha supuruvchisi ham ishini yurakdan bajaradi. Buncha maqtadi deb oʻylamang, oddiy ishlarini ham sifatli bajarganini koʻp kuzatganim uchun shunday deyapman.

Nemislardan oʻrganadigan jihatlar koʻp. Tartibli, hamma narsani oʻz vaqtida, reja asosida qilishadi. Borgan kunimdan boshlab, shu xislatni oʻzlashtirib olganman. Shuning uchun doimo ishlarim unumli, baroridan kelaveradi.

Imkoniyatlar nuqtayi nazaridan qaraydigan boʻlsak, Germaniya ayni talabgor mamlakat deyish mumkin. Chunki, aksariyat universitetlar tekin, darsdan keyin ishlashga sharoit bor.

Bu yerda kompaniyalar koʻpligi bois, nemis tilini bilgan yaxshi kadrga ish muammo boʻlmaydi. Talabalar haftasiga 20 soat davomida ishlashi mumkin. Masalan, men oʻqishdan boʻsh paytlarimda xususiy maktabda 7—9-sinf oʻquvchilariga matematika va ingliz tilidan dars beraman. Topib tutishim koʻngildagidek. Xarajatlarimdan ortib, gohida boshqa davlatlarga ham sayohat qilib turaman. Xullas, intilgan talaba oʻzini bemalol taʼminlay oladi.

Albatta, hamma narsa ham mukammal boʻlmaydi. Ularning ham oʻziga yarasha minus taraflari bor. Meni eng xafa qiladigani, koʻpchilik oilalarda qariyalarni tashlab ketishadi yoki umuman qarashmaydi. Shuning uchun ham qariyalar uyi koʻp. Pensiya soligʻi ham oshib bormoqda. Sababi koʻpchilik oʻrta yoshdagilar qariganda oilasi tashlab ketishidan, farzandlarisiz qolishdan qoʻrqib, pensiya jamgʻarmalariga juda katta soliq toʻlashadi. Shuning hisobiga mamlakatda aholi oʻrtasida tugʻilish kamaygan. Menimcha, odamlar farzandli boʻlishdan naf yoʻq deb oʻylashmoqda.

Germaniyada oʻqish uchun qanday grantlar bor?
Odatda koʻp grantlar, dasturlar Germaniya uchun keladi. Oʻrinli bir savol tugʻiladi. Nega aynan Germaniyada grantlar koʻp?
Birinchidan, nemislarning faol va izlanuvchan talabalarni dunyo boʻylab izlab topish va ragʻbatlantirishga boʻlgan eʼtibori kuchli.

Ikkinchidan, deyarli barcha taʼlim bepul. Uchinchidan, talabalarni moddiy ragʻbatlantirish asosida nemis tilining dunyo boʻylab yoyilishini taʼminlash va iqtidorli talabalarni qulay infratuzilmaga ega boʻlgan kompaniyalarda ishlatishni maqsad qilgan. Ana shunday dasturlardan biri, nafaqat Germaniyada balki, butun Yevropada talabalar uchun eng mashhur va har tomonlama qulay boʻlgan dastur DAAD (Deuscher Akademischer Austauschdienst yoki German Academic Exchange Service) hisoblanadi. Har yili dunyo boʻylab, 29 ta yoʻnalish boʻyicha yuz mingdan ortiq talabaga DAAD stipendiyasi tarqatiladi. Dastur tomonidan taʼlim berish sifati past, oqsayotgan ayrim mamlakatlarga rivojlantirish uchun maqsadli kvotalar ajratiladi. Shuningdek, davlatlarning elchixonasi bilan hamkorlikda koʻplab musobaqalar ham tashkil qilinadi.

Agar siz Germaniyaga oʻqish uchun grant yutolmasangiz, oʻz hisobingizdan ham borishingiz mumkin.

Universitetda oʻqish osonmi?
U yerdagi taʼlim tizimi biznikidan keskin farq qiladi. Universitetim misolida bir qancha faktlarni hisobga olgan holda, Germaniyada oʻqish bir muncha qiyin degan boʻlardim.

Sababi, birinchidan, oʻquv yili davomida faqat maʼruzalar oʻtiladi. Darsni tinglash majburiy emas. Oʻzbekistondagi universitetlardagiday darsga kelgan, kelmagan talaba davomat qilinmaydi. Oʻqishga kelish ixtiyoriy lekin, oʻquv yili soʻnggida barcha talabalar belgilangan imtihondan oʻtishlari kerak.

Foto: “Daryo”
Ikkinchidan, dars ikkita professor tomonidan oʻtiladi va semestr soʻnggida imtihon ikkala oʻqituvchiga topshiriladi. Yaʼni bir fandan ikki bor sinovdan oʻtasiz. Buni talabaga qulaylik tarafi shundaki, agar birinchi oʻqituvchidan yaxshi ball ololmasangiz, ikkinchidan olishingiz mumkin. Va ikkala ustozdan olgan baholaringiz reyting daftarchangizga qoʻyiladi. Uchinchidan, bir fandan 3 bora yiqilish — bu oʻqish bilan butunlay xayrlashish degani. Buni magʻzini chaqqan talaba, albatta, har bitta fanni sinchkovlik bilan oʻrganadi.

Foto: “Daryo”
Kontraktlar har bir viloyatning qonunlariga va universitetlarning salohiyatiga qarab belgilanadi. Lekin Germaniyaning aksariyat viloyatlarida oʻqish tekin. Men ham grant asosida tahsil olaman.

Umuman olganda, Germaniyada Oʻzbekistondagiday talabalarga “3”, “4”, “5”lik stipendiyalar berilmaydi. Lekin talabalar uchun koʻplab stipendiya dasturlari bor. Agar siz qattiq harakat qilib, iqtidor va qobiliyatlaringizni koʻrsata olsangiz ularni yutib olishingiz mumkin. Yaʼni grantni qoʻlga kiritsangiz, bir yil davomida oʻrtacha (dasturda belgilangan mablagʻga qarab) 450—500 yevro atrofida stipendiya beriladi. Men ham bir yil oldin shunday dasturda gʻolib boʻlib, yil davomida 660 yevro atrofida stipendiya olganman.

Manba: Daryo.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Oʻzbekistonlik talaba hikoyasi: Germaniyada oʻqish osonmi?