12:10 / 04.04.2019
5 627

Diqqat, uyimda o‘zga sayyoraliklar!!!

Diqqat, uyimda o‘zga sayyoraliklar!!!
Finlyandiyada tez-tez o‘zga sayyoraliklar kemasi havoda muallaq turgani haqida yozishadi. Ammo sizga hikoya qilmoqchi bo‘lgan voqea butkul boshqa manzara va kechmishga ega. Aytishlaricha, Finlyandiyadagi oilalardan biriga tunda rosmana o‘zga sayyoraliklar tashrif buyuribdi.

— Men, xotinim Ayno va qizim bilan kechasi uyda o‘tirgandik, — deydi Aatto ismli erkak. — Televizor tomosha qilayotgandik. Kutilmaganda televizor o‘chdi. Ketidan chiroq ham o‘chib qoldi. Hayron bo‘lib deraza qarshisiga bordim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, havoda hajmi yengil avtomobildek keladigan qora ob’ekt muallaq turibdi. Aylanasiga ko‘k va qizil chiroqlar yonib-o‘chyapti. Shu tobda xotinim tashqari eshikni ochib hovliga chiqmoqchi bo‘lganmi, qotgancha turganiga ko‘zim tushdi. Eshikdan bir necha metr narida esa bo‘yi baland, qora kombinezonga o‘xshash kiyim kiygan ikki odamsifat nusxalar turardi. Ularning yuzi yassi bo‘lib, ko‘zi, burni va og‘zi yo‘q edi.

Azbaroyi qo‘rqib ketganimdan bor ovozda baqirib yubordim. Shunday qilsam, ketishsa kerak deb o‘yladim.
— Yuqori qavatga chiq, — baqirdim xotinimga qo‘rquv aralash. — Qizimiz qo‘rqib ketadi! Tez bo‘l!

Ammo xotinim joyidan jilmasdi. Ikki nusxa esa ichkariga kirib, men tarafga o‘tkir nurni yo‘llashdi. Men yiqildim va o‘rnimdan qimirlay olmay qoldim.

O‘zga sayyoraliklar boshimga qandaydir metall qafassifat narsani kiydirishdi. Shu zahoti u o‘zidan oppoq nur tarata boshladi. Shu bilan bir vaqtda boshimda kuchli og‘riq tuydim. Shundan keyin ular xotinimga yaqinlasha borishdi. Darvoqe, Ayno o‘zini g‘alati tuta boshlagandi. Masalan, boshimda kuchli og‘riq tuygach, chiday olmay yig‘lab yuborgandim, u yig‘lash uchun bahona yo‘qligini, tinchlanishimni talab qildi. Ko‘zlarining rangi qoradan qizilga almashganini ham o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim. Harakatlanishi ham juda g‘alati edi…

Men daf’atan hushimdan ketdim. Ko‘zimni ochganimda qizimning xonasida yotgan ekanman. Xotinim va qizim ham shu yerda yotishardi. Ularning ko‘zlari qizil tusda edi. Ular menga nimalardir deyishar, ammo gaplarini umuman tushunib bo‘lmasdi. Ikkovi ham go‘yo robotga aylanib qolgandek edi…

Dahshatlisi, o‘zga sayyoraliklar hanuz bizning tepamizda ekan. Qo‘rquv zo‘r kelib qichqira boshlaganimni bilaman, ular yana men tomonga o‘tkir nur yo‘llashdi. Men ikkinchi marta hushimdan ketdim. Hushimga kelganimda, o‘zga sayyoraliklar meni yo‘lak bo‘ylab sudrab borishar, xayolan mendan nimalarnidir talab qilishardi. Mendan sado chiqmagach, uydan chiqib ketishdi. Xudoga shukr!..

Finlyandiyalik Aattoning hikoyasiga ufologlar alohida e’tibor bilan yondashishdi. Ularning gapiga ko‘ra, o‘sha oilaga o‘zga sayyoraliklar kelganini umuman isbotlab bo‘lmaydi. Shunisi yomon. Chunki ular ketar pallasida barcha izlarni yo‘q qilishgan. Umuman olganda, o‘zga sayyoraliklar, gumanoidlar shunchaki afsona yoki ertak emas. Ular mavjud va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Diqqat, uyimda o‘zga sayyoraliklar!!!