Berdimuhamedov taksichilar tufayli IIV rahbariga oxirgi ogohlantirish berdi

  • 05 aprel 2019, 14:04
  • 1 300
  • Dunyo
  • Berdimuhamedov taksichilar tufayli IIV rahbariga oxirgi ogohlantirish berdi
    4 aprel kuni xavfsizlik kengashining joriy yil uch oyi yakunlari bo‘yicha majlisida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov yana ichki ishlar vaziri Iskandar Mulikovga qattiq hayfsan va so‘nggi ogohlantirish berdi. Bu haqda «Xronika Turkmenistana» xabar qilmoqda.

    Mulikovning ishidan norozilikka prezident tegishli litsenziyasi bo‘lmagan xususiy taksichilar ko‘chalarda juda ko‘p ekanini aniqlagani sabab bo‘ldi.

    «Bunday faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan holda, ular yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol tarzda buzmoqda, bu yo‘l-transport hodisalari va favqulodda vaziyatlarga olib kelmoqda», - deya Berdimuhamedovning so‘zlarini keltiradi nashr TDX axborot agentligiga tayangan holda.

    Avvalroq, Ashxobod-Turkmanboshi avtomobil yo‘lida 31 mart kuni sodir bo‘lgan yirik YTH haqida xabarlar tarqalgandi. Uning oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan va o‘nga yaqin inson jarohat olgan. Bildirilishicha, YTH Balqan viloyatidagi sel va suv toshqinlari yo‘lning bir qismiga zarar yetkazgani sababli yuz bergan.

    Ta’kidlanishicha, Turkmaniston Ichki ishlar vazirligi rahbari I. Mulikov muntazam ravishda hayfsan va «so‘nggi ogohlantirish» oladi. 2018 yilda Mulikov ikkita «so‘nggi ogohlantirish» olgandi. Undan bir yil avval ham vazirga hayfsanlar berilgan.

    Manba: Kun.uz

    » » Berdimuhamedov taksichilar tufayli IIV rahbariga oxirgi ogohlantirish berdi