07:45 / 06.04.2019
11 667

Dunyo olimlari aniqlagan «Qora tuynuk»lar ilk bor Qur’onda qayd etilganmi?

Dunyo olimlari aniqlagan «Qora tuynuk»lar ilk bor Qur’onda qayd etilganmi?
Butun dunyo ilm-fani bugun olamga koinotning qora rangdagi siri haqida jar solmoqda. Falakkiyot ilmi bilan mashg‘ul olimlar, fan arboblari, akademiklar, fiziklar, astranomlar koinotdagi yulduzlarning «lahadi» haqida minglab isbotlar, dalillar, eng so‘nggi kompyuter texnologiyalari bilan hisob-kitob qilingan raqamlarni keltirishmoqda.

«Qora tuynuk» nomi singari qora falakkiyotning ajali haqida siz nimalar bilasiz, nimalar eshitgansiz bilmadimu, XX – XXI asr olimlari «kashf» qilayotgan «Qora tuynuklar» haqida islom dinining muqaddas kitobi Qur’oni Karimda to‘xtalib o‘tilgan desak, ishonmasligingiz mumkin. «Qora tuynuklar» haqida islom dinining muqaddas kitobida nimalar bitilganki, hali hamon dunyo olimlarining tavba – tazarru qilishiga, Yaratganning Yagona zot ekanligiga imon keltirishlariga sabab bo‘lmoqda. Islom va inson. Qay biri haqlikdan darak beradi. Dunyo olimlari qay darajada haq? Qur’onda zikr qilingan «yulduzlarning botish joyi» va «Qora tuynuklar» ning qay darajada aloqasi bor.

Maqolani oxirigacha o‘qing. Biz fandan qay darajada xabardormiz? Dindanchi?..

Avvalo, koinotdagi «Qora tuynuk»lar nima? Ular qanday hosil bo‘ladi? Shu haqida batafsil to‘xtalib o‘tsak.

Dunyoning eng kuchli astronomlari tomonidan taxmin qilingan, nazariy bilimlar bilan asoslab berilgan ob’ektlar orasida eng vahimalisi, eng g‘ayritabiiysi va qo‘rqinchlisi «Qora tuynuk»lar bo‘lsa kerak. Buni uning nomidan ham bilsa bo‘ladi. «Qora tuynuklar» fanga kirib kelganiga unchalik ko‘p bo‘lmadi. O‘tgan asrning o‘rtalarida hatto uning borligi haqidagi farazlarga ishonadigan odamlar anqoning urug‘idek edi. Xo‘sh, «Qora tuynuklar» o‘zi nima? Ular qanday paydo bo‘ladi?

Butun olam tortishish qonuniga binoan, Koinotdagi istalgan ikkita ulkan massali jismlar orasida o‘zaro tortishish kuchi mavjud bo‘ladi. Ushbu gravitatsion tortishish sababidan Yer Quyosh atrofida aylanadi. Umumiy nisbiylik nazariyasi esa bizni ushbu ko‘rinishdagi Quyosh-Yer sistemasiga boshqacharoq yondoshishga majbur qiladi. Ushbu nazariya uqtirish berishicha, Quyosh singari favqulodda ulkan massali jismning yaqin atrofida zamon-makon uyg‘unligi, ya’ni, fazo-vaqt strukturasi egrilanadi (qiyshayadi) va o‘zining ravonligini yo‘qotadi. Bu holatni, yupqa mato, aytaylik, oddiy ayollar ro‘molini to‘rt tomonidan tarang qilib tortib bog‘langan va o‘rtasiga og‘ir shar, masalan, bouling shari qo‘yib qo‘yilgan vaziyat bilan o‘xshatish mumkin. Sharning og‘irligi sababidan ro‘mol matosi shar yaqinida g‘ijimlanib, bukilib, pastga (ichkariga) botib turadi. Quyosh ham xuddi shu tarzda, o‘z yaqin-atrofidagi fazoni egrilantiradi. Endi tasavvur qiling, yuqorida taklif etilgan misoldagi og‘ir sharning massasini borgan sari orttirib boraveramiz. Bunda faqat va faqat massa ortadi, lekin sharning geometrik o‘lchamlari o‘zgarmay qoladi. Massa ortib boravergach, ro‘mol matosi ham borgan sari cho‘kib, chuqurroq botib boradi. Oxiri vaziyat nima bilan tugaydi?

Albatta, og‘irligi keskin kattalashib ketgan bouling shari o‘zi turgan ro‘molning tarangligini yumshatib-yumshatib boraveradi va oqibatda ro‘mol uni o‘rab, atrofiga yopishib boradi. Eng oxirida, sharning hamma tomonidan ro‘mol to‘liq o‘rab oladi va sharning o‘zi jismonan ko‘rinmay qoladi. Chunki, u o‘zi botib turgan matoga butunlar o‘ralib qoldi. Real olamda ham materiyaning massasi favqulodda ulkanlashib ketishi natijasida shunga o‘xshash jarayon yuz beradi. Materiya yetarlicha massa va zichlik yig‘ib olgani hamonoq, o‘z atrofidagi zamon-makon matosini o‘rab oladi va boyagi ob’ekt Koinotning qolgan qismi bilan aloqani yo‘qotadi. Ya’ni, u ko‘rinmas bo‘lib qoladi. Qora tuynuklar shu tarzda vujudga keladi.

Endi dinga to‘xtalamiz…

Qur’oni karim inson fikrini, zikrini, sa’iharakatini yagona va to‘g‘ri yo‘lga solib turadigan, insonga qiyomatgacha dasturi amal bo‘lgan kitob – Olloh taoloning hikmatidir.

«Voqea» surasi: Falo uhsimu bi mavohiʼ un—nujum,- deb boshlanadi.

Ya’ni: Botgan yulduzlarning joylariga qasamki…

So‘ng oyat juda qiziq jumla bilan davom ettiriladi:
Va innahhu lo qasamu lav ta’lamuna a’zim…
Va innahhu lo qasamu lav ta’lamuna a’zim

Bu oyat keltirilgan sura «voqea»ning ma’nosi «mudhish hodisa»dir. Endi yer yuzining man-man degan fiziklaridan: «Koinotda eng mudhish hodisa nima?» – deb so‘rang, oladigan javobingiz bitta «bu -qora tuynuk»lar bo‘ladi. Qora tuynuklar – bu qazosi yetib, botib ketgan, g‘oyib bo‘lgan, yo‘qolgan yulduzlarning joylari, mavqe’laridir.

Bu voqea fizik ma’noda bir gravitatsion shok (joziba tufayli o‘pirilish)dir. Ayni chog‘da Eynshteyning talabalaridan Auben Xelmer va Shneyder koinotdagi muvozanatni o‘zaro bir-biriga bog‘liq ikki hodisaga bog‘laydilar:

- Termoyadroviy kengayish.
- Qora tuynuklar.

Bu tuynuklar atrofidan (yaqinidan) o‘tgan har qanday moddiy borliq – yulduz, nur – yo‘q bo‘lmoqda, aql bovar qilmas joziba tomonidan yutilmoqda. Hatto vaqt ham bu nuqta yaqinida tezlashadi, unda sur’atlanish yuz beradi, so‘ngra u ham yutilib, yo‘q bo‘ladi.

Xullas, «Voqea» surasida Olloh bir necha oyati karimada bu haqiqatni namunaga keltirib, dalil qilib(qasam) mahsharni ta’riflaydi:

Botgan yulduzlarning mavqe’lariga qasamki, Va bu, naqadar ulug‘ qasamligini bilsaydinglar…

Haq-taolo bu oyatda: «Bu naqadar ulug‘ qasamligini bilsaydinglar , — der ekan, shunday qilib, xilqatning buyuk qonuniga ishora qilgandir. Ha, bu oyat haqiqatan koinotning eng tushunarsiz sirlaridan birini ochiq mo‘’jiza siri doirasida bayon etgandir.

Biz sizga dindan saboq bermoqchi emasmiz. Shunchaki, savol bermoqchimiz, xolos: Siz rostdan ham ko‘p narsa bilasizmi?..

Texnologiyalar qay darajada rivojlanmasin, dunyoda olam va odam bilimlariga bog‘liq bo‘lmagan g‘ayrioddiy hodisalar talaygina. Biz bularni o‘rganish bilan hayrat olamiga sho‘ng‘ib boraveramiz…


Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyo olimlari aniqlagan «Qora tuynuk»lar ilk bor Qur’onda qayd etilganmi?