06:01 / 09.04.2019
6 648

Orzusini taqdirga aylantirgan yulduz… (foto)

Orzusini taqdirga aylantirgan yulduz… (foto)
Tug‘ilgan yili: 1985 yil 16 yanvar
Tug‘ilgan joyi: Hindiston
Taxallusi: Sid
Otasi: Rajiv Malxotra — shifokor
Onasi: Lina Malxotra — maktab direktori
Eng yaqin do‘sti: kosta-rikalik model Natali
Kasbi: aktyor, model, rejissyor yordamchisi va vijey (oldindan tayyorlangan turli tasvirlar va video fragmentlar asosida maxsus asbob-uskunalar yordamida real vaqtda ijro qilinadigan musiqa uchun effektlarni tanlaydi yoki yaratadi).
Debyut filmi: «Yil talabasi» (2012).

Sidxart Malxotra Surat shahrida tug‘ilib, Mumbayda voyaga yetgan. Uning otasi Rajiv Malxotra panjoblik, onasi esa amritsarlik. Sidning bolaligidanoq aktyor bo‘lishga ishtiyoqi bo‘lgan. Shu boisdan ham maktabda o‘tiladigan birorta fanlardan ham yaxshi natijaga erishmagan. Ota-onasi esa bundan qattiq tashvishga tushgan. Vaholanki, Sidxart oilada yagona farzand bo‘lib, ota-onasining bor umidi o‘g‘lining kelajagiga qaratilgan. Ular o‘g‘lining injener bo‘lishini istashgan. Ammo bo‘lajak aktyor maktabda o‘qiyotgan chog‘laridanoq sahnani egallab ulgurgandi. Birorta tadbir yoki spektakl usiz o‘tmagan va doim olqishlarga sazovor bo‘lgan.

Modellik sari birinchi qadamni 16 yoshida tashlagan. O‘shanda u kafelardan biriga do‘stlari bilan borgan. Buni qarangki, aynan o‘sha yerda uni Hindistondagi mashhur moda agentligining xodimi ko‘rib qolgan. Yoshiga nisbatan ancha xushbichim va istarali ko‘ringan yigitcha darhol uning e’tiborini tortgan. Sidxartning ota-onasi esa o‘g‘lining shou-biznesga aralashishiga qat’iy qarshilik ko‘rsatgan. Ammo bo‘lajak yulduz sahna va kamera uning orzusi ekanini yaqinlariga tushuntirgach, ular rozilik berishgan.

Shunday qilib, Sid 2007 yilda o‘tkazilgan «Mister Gujarat» tanlovida birinchi o‘rinni, «Gladrags Mega-model & Manhunt» bellashuvida esa ikkinchi o‘rinni egallagan. Shundan so‘ng uning yulduzli onlari boshlagan. Yosh bo‘lishiga qaramasdan Sidxart Manish Malxotra, Roxit Bal kabi Hindistondagi mashhur dizaynerlar bilan ishlab, Parij, Dubay, Milan, Nyu-York va Singapurda bo‘lib o‘tgan modalar haftaligida ishtirok etgan.

22 yoshida «Roberto Kavalli» brendining reklamasida qatnashib, «Redbook», «Men’s Health» va «Gladrags» jurnallarining yuzini bezagan. 2010 yilda «Mening ismim Xon» kartinasining suratga olinish jarayonlarida Karan Joxarning yordamchisi sifatida ishtirok etgan.

2012 yil Sidxartning hayotida tub burilish yasagan. Shu yili u «Yil talabasi» filmida debyut rolini ijro etgan. Aytish kerakki, kartina birdaniga uch yangi yulduzni — Sidxart, Aliya va Varunni keng ommaga tanishtirgan. Film birinchi namoyishining o‘zidanoq yaxshigina daromad to‘plagan.

Kartinadagi Abximanyu roli uchun Sidxartning «Film Awards», «Color Screen Awards» va «Zee Cine Awards» kabi taqdirlash marosimlariga nomzodi qo‘yilgan.

«Stardust Awards» taqdirlash marosimining «Eng yaxshi debyut rol» nominatsiyasida esa g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Qiziqarli ma’lumotlar:
- Sidxart «Fashion» filmida Priyanka Chopra bilan juftlikda o‘ynashi kerak edi. Ammo o‘sha vaqtda «Gladrags» kompaniyasi bilan ishlagan bois bu taklifdan voz kechishga majbur bo‘lgan.
- Aktyor Mumbaydagi uyida iti bilan yolg‘iz yashaydi. Aytish kerakki, Sid yolg‘izlikni juda yaxshi ko‘radi.
- Shirinliklar jonu dili.
- Sportsiz hayotini tasavvur qila olmaydi. Bir kun jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanmasa, o‘zini yomon his qiladi.
- Uning sehrli va yoqimli ovozi ko‘plab muxlisalarning aqlu hushini o‘g‘irlagan. Sidxart juda yaxshi qo‘shiq aytadi. Bundan tashqari, pianinoni ham yaxshi chaladi.
- Shohrux Xonning ashaddiy muxlisi.
Nodira QURBONBOYeVA tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Orzusini taqdirga aylantirgan yulduz… (foto)