«Qonundagi o‘g‘ri» Aslan Qobuladze Rossiyadan quvib solindi

  • 09 aprel 2019, 11:45
  • 1 027
  • Dunyo
  • «Qonundagi o‘g‘ri» Aslan Qobuladze Rossiyadan quvib solindi
    So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, jinoyat olamida «Aslan Batumskiy» laqabi bilan mashhur gruziyalik o‘g‘riboshi yaqinda Rossiyadan Turkiyaga haydab solindi. Uni politsiyachilar Domodedovo aeroportida samolyotga chiqarib qo‘yishdi. Endi 53 yoshli Qobuladze Rossiya ichkarisiga umrining oxirigacha kiritilmaydi.

    Oxirgi marta o‘g‘riboshi Rossiya turmasida narkotik savdosida ayblanib, 6 yil-u 10 oylik jazo muddatini o‘tagandi. O‘shanda Gruziya ham unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Shu sababli o‘g‘riboshi ozodlikka chiqqach, 13 oy davomida vataniga ketmadi. Keyinchalik uchinchi davlatga chiqarib yuborildi.

    Shu narsa ma’lumki, Turkiyada hozir Batumi o‘g‘riboshisi sifatida allaqachon tan olingan 37 yoshli Mindiya Goradze yashab turibdi. U Batumskiyning asosiy va xavfli raqibi sanaladi.

    Rasmiy xabarlarga ko‘ra, Batumskiy «Qonundagi o‘g‘ri» maqomiga ega bo‘lish uchun ilk bor 1992 yili urinib ko‘rgan. Lekin asosiy o‘g‘riboshi Zurab Sinsadzedan beso‘roq bu ishga qo‘l urgani, qolaversa, qimordan qarzi borligi uchun urinishi behuda ketgan. Ikkinchi marta 1999 yili turmada birga jazo muddatini o‘tagan Dato Kakuliya Batumskiyga «Toj» kiydirmoqchi bo‘ldi. Ammo yana Sinsadze ta’qiqladi. Faqat uchinchi martagina 2000 yili «Qonundagi o‘g‘ri» maqomiga ega bo‘ldi.

    2018 yil 16 fevralda qirg‘izistonlik 43 yoshli «Qonundagi o‘g‘ri» Qamchibek Ko‘liboyevga ham Rossiya ichkarisiga kirish ta’qiqlab qo‘yilgan. Qamchibek jinoyat dunyosida «Qamchi» laqabi bilan mashhur.

    » » «Qonundagi o‘g‘ri» Aslan Qobuladze Rossiyadan quvib solindi