20:36 / 09.04.2019
4 957

“Saddam quladi, lekin o‘nlab yangi Saddamlar paydo bo‘ldi”

“Saddam quladi, lekin o‘nlab yangi Saddamlar paydo bo‘ldi”
Iroqda Saddam Husayn tuzumi ag‘darilganiga 16 yil to‘ldi. “Saddam biologik qurollar ishlab chiqaradi” degan iddao bilan boshlangan qonli ishg‘ol va’da qilinganidek Iroqqa demokratiya emas, fuqarolar urushi, terror va taloto‘pni olib keldi.

AQSh va Buyuk Britaniya boshchiligidagi koalitsiya kuchlari 2003 yilning 20 martida Bag‘dodni bombardimon qilgan holda Iroqni ishg‘ol qilish davrini boshlab bergan edi. 9 aprel kuni Bag‘dod markaziga kirilgunga qadar tinch aholi yashaydigan mavzelar, davlatga tegishli ko‘plab harbiy va razvedka tashkilotlari aviazarbalarga uchradi.

Iroqqa “barqarorlik va demoktariya” olib kelishni va’da qilgan operatsiyaga “Iroqni ozod qilish operatsiyasi” nomi berildi. Biroq bu harbiy aralashuv tufayli kelib chiqqan mazhablararo urush va teraktlar tufayli yuz minglab tinch aholi qirilib ketdi, milliardlab dollar havoga sovrildi va terrorchi tashkilot – IShIDning paydo bo‘lishiga zamin hozirlandi.

AQSh harbiylari 2003 yilning 9 aprelida Bag‘dodning ramzlaridan biri bo‘lgan Firdavs maydoniga kirib, Saddam Husaynning bahaybat haykalini zirhli mashina yordamida, iroqliklarning ko‘z o‘ngida qulatdi. Shu tariqa 35 yillik davr nihoyasiga yetdi.

Saddamdan keyin mamlakat boshqaruvini qo‘lga olganlar fuqarolarga eng asosiy xizmatlarni taqdim eta olmadi, aholining katta qismi ishsiz qoldi, ko‘pchilik mamlakatni tark etib, xorijga yo‘l oldi.

Iroqliklarning aksari Saddamning repressiv davri ortda qolgan bo‘lsa-da, “kelajak noaniq va umid bag‘ishlovchi emas” degan fikrda. Ularda 9 aprel haqida aniq fikr yo‘q: bu kun Bag‘doning qulashimi hisoblanadimi yoki tuzumning qulashi?..

67 yoshli Abu Saad Iroqiyning fikricha, 9 aprel kuni BAAS va Saddamdan keyin o‘nlab yangi Saddamlar paydo bo‘ldi.

“Mamlakat boshqaruvini qo‘lga olgan siyosatchilar aniq-tiniq muvaffaqiyatsizlikka uchradi, xalqqa hech narsa bera olmadi. Ularning ko‘pida qo‘sh fuqarolik bor, shuning uchun Iroqqa sodiq emas, – deydi u. – Saddamning tuzumi quladi, ammo hech narsa o‘zgarmadi. Iroq xalqi eng yomon davrni boshidan o‘tkazyapti. Iroqda qariyb 4,5 million kishi ishsiz va 3,5 million beva ayol bor, ularga davlat yordam bermaydi. Bag‘dodda 2003 yildan beri 448 ta zavod-fabrika bekor yotibdi”.

Iroqiy mamlakatdagi umidsizlik va mavhumlik tufayli xalqning katta qismi Saddam davrini sog‘ina boshlaganini aytadi. “Saddamni qulatishdi, lekin u amalga oshirgan ishlarni nega yo‘q qilishdi?” – deya savol beradi u.

Jurnalist Husayn Lamiy ham 9 aprelda diktatorlik davri nihoyasiga yetdi degan fikrda: “O‘sha kuni Bag‘dodda edim, xalqqa qarshi qonli jinoyatlarni sodir etgan Saddam davri ko‘z o‘ngimda tarixga aylandi. Shu kunni sabrsizlik bilan kutgan edik va nihoyat Firdavs maydonida tuzumning haykali quladi”.

Uning ta’kidlashicha, 2003 yildan keyin xalq kutgan ozodlik va farovonlik kelmadi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermadi. Jurnalist Lamiy davlatning boshqaruvi korrupsiyalar guruhining qo‘liga o‘tib qolganini va alg‘ov-dalg‘ov mamlakatda yashashini aytadi.

Tadqiqotchi va siyosiy tahlilchi Ali Suhayl 2003 yilning aprelida bir partiyalilik va oilaviy tuzumga barham berilganini aytadi: “Bugun esa bir nechta partiyalar va oilalar hukmronlik qilyapti. Iroqni bu tarzda boshqarayotganlar mamlakatni qay tomonga yetaklayotgani aniq emas”.

Shuningdek, u Iroq iqtisodiy tanazzulga uchraganini va xalq yerosti boyliklaridan (neftdan) foydalana olmayotganini ta’kidlaydi.
“Iroqda mazhabchilik va hizbchilik ko‘payib ketdi”, – deydi u.
Haydar Karaalp, “Anadolu” agentligi
Turkchadan Ubaydulloh Adhamov tarjimasi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Saddam quladi, lekin o‘nlab yangi Saddamlar paydo bo‘ldi”