13:38 / 14.04.2019
3 604

Sudanda eng uzoq hukm surgan diktatorning ag‘darilishi tafsilotlari (foto)

Sudanda eng uzoq hukm surgan diktatorning ag‘darilishi tafsilotlari (foto)
Aprel oyi boshida Afrika shimolidagi birvarakayiga uchta davlatda siyosiy-harbiy inqiroz yangi bosqichga chiqdi.

Dastlab, 2 aprel kuni Jazoir prezidenti Abdulaziz Butafliqa ushbu lavozimdagi 20 yillik faoliyatidan so‘ng iste’foga chiqishini e’lon qildi. Uning iste’fosi bir oydan beri davom etayotgan, u beshinchi marotaba prezidentlik saylovida o‘z nomzodini qo‘yishini e’lon qilganidan keyin boshlangan ko‘p ming kishilik norozilik namoyishlari fonida ro‘y berdi. Endilikda hududi jihatdan Afrikaning eng yirik davlatini 4 iyulda bo‘lib o‘tadigan saylovgacha parlamentning yuqori palatasi raisi Abdulqodir Binsaloh boshqarib turadi.

82 yoshli Butafliqa hokimiyatdan ketganidan ikki kun o‘tib, 4 aprelda Jazoirning qo‘shnisi Liviyada 75 yoshli feldmarshal Xalifa Haftar o‘z armiyasi bilan poytaxt Tripoliga yurish boshladi. U 2011 yilda Muammar Qazzofiyning o‘ldirilishidan keyin ikkiga ajralib qolgan mamlakatni birlashtirib, fuqarolar urushiga chek qo‘yishni da’vo qilmoqda. Davlatni markazlashtirish yo‘lida u milliy kelishuv hukumatini harbiy yo‘l bilan ag‘darishni maqsad qilgan va uzil-kesil g‘alaba qozonmagunga qadar chekinmoqchi emas. Haftar ancha vaqtdan buyon shunday amaliyot boshlash bilan tahdid qilib kelardi va hozir ham muzokaralardan bosh tortmoqda.

«Tripolini ozod etish operatsiyasi» davom etayotgan bir paytda Liviyaning boshqa bir qo‘shnisi – Sudanda 11 aprel kuni davlat to‘ntarishi sodir bo‘ldi. Mamlakat armiyasi isyon ko‘tarishi oqibatida prezident Umar al-Bashir hokimiyatdan ag‘darildi va uy qamog‘iga tashlandi. 75 yoshli Al-Bashir 30 yil davomida Sudanni boshqarib, Afrikada eng uzoq vaqt rahbarlik qilgan siyosatchiga aylandi. Uning o‘zi ham 1989 yilda harbiy to‘ntarish ortidan hokimiyat tepasiga kelgandi va mana endi xuddi shu yo‘sinda amaldan ketdi.

Umar al-Bashir
Foto: REUTERS/Mohamed Nureldin Abdallah

To‘rt oylik namoyishlar va uch kunlik voqealar rivoji
Sudandagi inqilob mamlakatda 2018 yil 19 dekabrdan beri davom etayotgan, 30ga yaqin shaharni qamrab olgan ko‘p ming kishilik norozilik namoyishlari vaqtida ro‘y berdi. Ommaviy aksiyalar dastlab non va boshqa oziq-ovqat turlari narxini pasaytirishga qaratilgan edi, keyinroq esa namoyishchilar prezident iste’fosini ham talab qila boshladilar. Bu esa kuchishlatar tuzilmalar bilan to‘qnashuvlarni kuchaytirdi, ular aholiga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, dubinka va o‘qotar qurollar qo‘llay boshladilar – taxminan 50 kishi qurbon bo‘ldi. Bu to‘qnashuvlarda armiya aholi tarafda turib, namoyishchilarni himoya qildi. Keyinroq Ichki ishlar vazirligi namoyishlarni bostirishda qatnashmasligini ma’lum qilib, tarqalib ketdi.

Fevral oyiga kelib, al-Bashir mamlakatda 20 yil ichida ilk marta favqulodda holat joriy qilishga majbur bo‘ldi. Inqirozdan chiqish uchun yuqori martabali qator mulozimlar, jumladan barcha provinsiyalar rahbarlari almashtirildi. Prezident tartibsizliklarda mamlakat janubidagi Darfur provinsiyasida joylashgan, Isroil qo‘llab-quvvatlashi aytiladigan qurolli muxolifatni ayblab, xalqqa murojaat bilan chiqish qildi. Ammo bu choralar uni qutqarib qola olgani yo‘q.

Foto: EPA
Payshanba kuni Sudan armiyasi poytaxt Xartumdagi asosiy yo‘l va ko‘priklarni egalladi. Davlat televideniyesi va radiosi harbiylar nazoratiga o‘tdi: TVda muntazam ravishda harbiy marshlar, radioda esa vatanparvarlik ruhidagi musiqalar yangrab turdi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kuni prezident atrofidagi sobiq va amaldagi mansabdorlardan yuz nafarga yaqini hibsga olingan. Inqilobdan bir kun avval Umar al-Bashir mamlakatdan qochib chiqib ketishga harakat qilgan.

To‘ntarishning ertasiga, 12 aprel kuni Sudan mudofaa vaziri va vitse-prezidenti Ahmad Avaz ibn Auf qasamyod keltirib, mamlakatning vaqtinchalik rahbariga aylandi. U o‘tish davri harbiy kengashi raisi lavozimini egalladi. Ushbu kengash Sudanda vaziyat barqarorlashmaguncha davlatni idora qiladi. Bunga esa, harbiylarning fikricha, 2 yil vaqt talab etilishi mumkin.

Ahmad Avaz ibn Auf / Foto: Reuters
Inqilob xalq ishonchini qozona oldimi?
Harbiylar Vazirlar Mahkamasi va Milliy kengashni tarqatib yuborishgan. Mamlakatda uch oylik favqulodda holat, ikki yillik o‘tish davri e’lon qilingan. Avaz ibn Auf konstitutsiya ham amal qilishdan to‘xtashi haqida ma’lum qilib, ertalabki soat 4:00dan kechki 22:00gacha komendantlik soati joriy qilgandi. Bu esa norozilik aksiyalariga taqiqni bildiradi, lekin namoyishlar davom etmoqda: sudanliklar harbiylarning yangi hokimiyatini tan olishmayapti. Ular Avaz ibn Auf va uning tarafdorlarini ham al-Bashir rejimining davomchisi sifatida ko‘rishmoqda.

Shunday sharoitda namoyishchilar va armiya o‘rtasida to‘qnashuvlar kelib chiqishi xavfi oshmoqda. Aholi komendantlik soatini pisand qilmay, tunda ham uylaridan ko‘chaga chiqishyapti. Ko‘p o‘tmay, o‘tish davri harbiy kengashi raisi Avaz ibn Auf lavozimini tark etdi. Bu haqda quyiroqda ma’lumot beriladi.


Al-Bashirni nima kutmoqda?
OAVdagi ma’lumotlarga ko‘ra, inqilobdan so‘ng darhol barcha siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqarilgan. Shu bilan birga, harbiy kengashning siyosiy qo‘mitasi raisi Umar Zeynning ma’lum qilishicha, sobiq prezident Umar al-Bashir xavfsiz hududda. U xalqaro tuzilmalar qo‘liga, xususan Xalqaro jinoiy sudga topshirilmaydi – u Sudanda sud qilinadi.

Haagadagi Xalqaro jinoiy sud 2009 yilda al-Bashirni qo‘lga olishga order bergan. U Darfur provinsiyasidagi harbiy mojaroni vahshiylarcha bostirib, tinch aholini o‘qqa tutishga shaxsan o‘zi buyruq berganlikda ayblanadi. Ayblovning 7ta bandidan 5tasi insoniyatga qarshi jinoyatlarga, 2tasi esa harbiy jinoyatlarga aloqador.

Ta’kidlash kerakki, Sudanning tabiiy boyliklarga boy janubiy viloyati – Darfurda 2003 yilda boshlangan harbiy mojaro insoniyat tarixidagi eng dahshatli genotsidlardan biriga olib kelgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, etnik va siyosiy to‘qnashuv natijasida 300 mingga yaqin inson qurbon bo‘lgan. Boshqa hisob-kitoblarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 178258 nafardan 461520 nafargachani tashkil etadi. Ushbu nizo davomi sifatida Chadda ikkinchi fuqarolik urushi boshlangan, 2011 yilda mustaqil Janubiy Sudan davlati tashkil topgandi.

2009 yilda Haaga sudi orderidan keyin o‘tgan o‘n yil davomida al-Bashir faqatgina uni sudga topshirmaslikka kafolat bergan davlatlargagina safar qilgan.

To‘ntarish ortida kim turibdi?
12 aprel kuni – inqilobdan bir kun o‘tib, o‘tish davri harbiy kengashi raisi Ahmad Avaz ibn Auf ushbu lavozimdan ketishini e’lon qildi. Uning o‘rnini Abdul Fattoh al-Burxon egalladi. Quruqlikdagi qo‘shinlar sobiq qo‘mondoni hisoblanuvchi al-Burxon fevral oyida Sudan Qurolli kuchlari bosh inspektori etib tayinlangan edi.

Abdul Fattoh al-Burxon
Taxminlarga ko‘ra, mamlakatda harbiy to‘ntarish uyushtirib, prezident al-Bashirni hibsga olish ortida turgan shaxs ham aynan al-Burxondir. U haqida ma’lumotlar juda kam. Harbiy kadr sifatidagi karerasidan tashqari OAVda mavjud yagona axborot shuki, u qishda al-Bashirdan biror bir provinsiyaga rahbarlik qilish taklifini olganida rad javobini bergan, shu vaqtgacha hech qachon siyosatchi bo‘lishga qiziqish bildirmagan. Sudan News 365 ma’lumotiga ko‘ra, al-Burxon Sudanning sobiq prezidentlaridan birining avlodiga mansub.

Abdul Fattoh al-Burxon bu lavozimga Muhammad Hamdan Daglo (Hamidti laqabi bilan mashhur) qo‘l ostidagi tezkor-maxsus xizmatga tayangan holda erishgani aytiladi. Abdul Fattoh al-Burxon va Muhammad Hamdan Daglo 2013 yilda Sudan harbiylarining Yamandagi faoliyatiga rahbarlik qilgan, bir-birlarini yaxshi bilishadi va qo‘llab-quvvatlashadi. Mavritaniyaning Taqaddum axborot agentligining yozishicha, lavozimdan ag‘darilgan prezident oxirgi 7 yil davomida aynan Hamidtining maxsus kuchlariga tayangan holda hokimiyatni ushlab turgan; bu xizmatga katta mablag‘ yo‘naltirib, uni armiyaning boshqa bo‘linmalariga nisbatan qudratliroq kuchga aylantira borgan. Bu esa armiya ofitserlarining noroziligini keltirib chiqargan.

Muhammad Hamdan Daglo
Hamidtining harbiy lavozimlardagi faoliyati yetarlicha uzoq davom etgan bo‘lsa-da, Sudan xalqi uni harbiy xizmatchi deb hisoblamaydi. Uning o‘zi hech qachon harbiy xizmatni o‘tamagan, harbiy kadr sanalmaydi. Biografiyasida esa xorijga tuyalar savdosi bilan shug‘ullangani asosiy o‘rin tutadi. Hamidti Darfurda oltin konlariga ham egalik qiladi. U dekabr oyidayoq, namoyishlar boshlangan vaqtda xalqning talabini adolatli deb baholagani va hukumat siyosatini qoralagani ishoniladi.

Sudanliklar nimadan umid qilishmoqda?
Yuqoridagi ikki omil – ikki shaxs sudanliklarda biroz umid uyg‘otayotgandek. Ya’ni birinchidan, Hamidtining harbiy soha vakili emasligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki 1956 yilda mustamlakachilar qo‘lidan xalos bo‘lgan Sudan o‘zining 63 yillik mustaqil tarixida bor-yo‘g‘i 12 yilni harbiy bo‘lmagan shaxslar boshqaruvi ostida o‘tkazdi. Ikkinchidan esa, o‘tish davri hokimiyatining yangi rahbari – al-Burxonning siyosiy ambitsiyalari katta emas, deb ishonilishi muvaqqat hukumat haqiqatan ham ikki yillik o‘tish davridan so‘ng hokimiyatni ishonchliroq qo‘llarga topshirishi ehtimoli yuqoriroq, degan xulosani keltirib chiqarmoqda.

Abdul Fattoh al-Burxon
Bu ikki faktorning Sudan xalqiga ta’sirini shundan ham sezish mumkinki, inqilobdan keyin sobiq mudofaa vaziri ibn Auf hokimiyat tepasiga kelgani namoyishchilarni tinchitmagan, ular yangi hukumatga qarshi ham ko‘chaga chiqishda davom etishgandi. Ammo bir kun o‘tib, ibn Auf iste’foga chiqib, Hamidtining yordami bilan al-Burxon uning o‘rnini egallagani olqishlar bilan kutib olindi.

Yangi hokimiyat oldidagi vazifalar o‘ta murakkab. 2011 yilda Janubiy Sudan ajralib chiqqanidan so‘ng mamlakat neft zaxiralarining katta qismini qo‘ldan chiqardi. Shundan buyon Sudanning neftdan keladigan daromadlari deyarli 10 barobarga kamayib ketdi. Byudjet xarajatlari daromadlaridan 5 mlrd dollarga oshib ketgan. 2018 yilgi jiddiy xalqaro sanksiyalardan so‘ng bir necha oy ichida inflyatsiya darajasi 70 foizga oshib ketdi. Mamlakat aholisining yarmi qashshoqlik yoqasida kun kechiradi, eng asosiy oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi bor. Shu boisdan ham dekabr oyida non narxining oshirilishi xalqning sabr kosasini to‘ldirib yuborgandi va bu oxir-oqibat 30 yillik diktatorning taxtdan ketishiga olib keldi.

Shunday sharoitda 11 aprel kuni Sudan armiyasi 40 millionga yaqin aholini boqish, iqtisodni oyoqqa turg‘azish, xalq ishonchini qozonishdek ulkan mas’uliyatni zimmasiga oldi. Terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatida turuvchi, korrupsiya darajasi bo‘yicha 180 mamlakat orasida 172-o‘rinda qayd etilgan davlat harbiylari bu vazifalarni qay darajada amalga oshira olishini faqat vaqt ko‘rsatadi.

Manba: Kun.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Sudanda eng uzoq hukm surgan diktatorning ag‘darilishi tafsilotlari (foto)