09:00 / 20.04.2019
2 625

Poroshenko va Zelenskiy Kiyevdagi markaziy stadionda nimalar haqida bahslashishdi?

Poroshenko va Zelenskiy Kiyevdagi markaziy stadionda nimalar haqida bahslashishdi?
Kiyevdagi «Olimpiyskiy» stadionida Ukraina prezidentligiga nomzodlar Petro Poroshenko va Vladimir Zelenskiy o‘rtasida debat bo‘lib o‘tdi.

«Olimpiyskiy» stadionidagi debatni tomosha qilish uchun nomzodlar shtablari 60 mingta chipta chiqardi. Debat boshlanishiga bir kun qolganida barcha chiptalar sotib bo‘lindi.

Nomzodlarga chiqish qilish uchun 5 daqiqadan vaqt berildi. So‘ngra nomzodlar bir-birlarining savollariga javob qaytarishlari uchun 36 daqiqa vaqt ajratildi. Yakunda nomzodlar nutqi uchun 5 daqiqadan vaqt berildi.

Qur’aga ko‘ra, bahsni Zelenskiy boshlab berdi. U o‘z chiqishida Petro Poroshenkoni ikkiyuzlamachilikda, so‘zda boshqa, amalda boshqa ish qilishda aybladi.

Poroshenko esa o‘z chiqishida Zelenskiyni jurnalistlardan, xalqdan yashirinishda, oligarxlar bilan til biriktirishda aybladi.

So‘ngra nomzodlar savol-javoblarga o‘tishdi.

Zelenskiy Poroshenkoning qanday qilib boyib ketgani, deputatlar daxlsizligi va boshqa masalalar bo‘yicha savollarga javob berishini so‘radi.

Poroshenko esa uning barcha savollariga ilgari turli ko‘rsatuvlarda javob qaytarganini bildirdi.

Petro Poroshenko savol berish navbati kelganida Zelenskiydan «Ukrainani tahqirlashni bas qilish»ni so‘radi.

Ikki nomzod savol-javob jarayonida bir-birlariga turli ayblovlarni yog‘dirishdi va o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarni rad etishdi.

Zelenskiy yakuniy nutqida «hozirgi tizim me’yordagi va XXI asr mentalitetiga ega bo‘lgan insonlar bilan birgalikda yakson qilinishiga» ishonch bildirdi.

Poroshenko esa yakuniy nutqida «mamlakat taqdiri bilan o‘ynashmaslikni, bu juda qimmatga tushishini, davlatni yaxshi, biroq hech qanday tajribasi bo‘lmagan aktyor boshqara olmasligi»ni aytdi.

Zelenskiy mamlakatdagi urushni yakunlash uchun hamma narsani qilishini aytgan bo‘lsa, Poroshenko Qrimni qaytarish va Donbassni himoya qilish, mamlakatni yolg‘on xabarlar va Rossiya ta’siridan muhofaza qilish zarurligini bildirdi.

Shu bilan ikki nomzodning stadiondagi bahsi yakuniga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, Nomzodlarning «Olimpiyskiy» stadionidagi debati avvaliga 14 aprel kuni o‘tkazilishi belgilangan, ammo bu vaqtda Parijda bo‘lgan Zelenskiy debatga kelolmagandi. Poroshenko esa jurnalistlar bilan suhbatlashgan, o‘z raqibini «qopdagi mushuk» deb atab, Ukraina xalqini «haqiqiy prezident va qo‘mondon»ga ovoz berishga chaqirgandi.

Ukrainadagi prezidentlik saylovining ikkinchi turi 21 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Poroshenko va Zelenskiy Kiyevdagi markaziy stadionda nimalar haqida bahslashishdi?