22:59 / 21.04.2019
3 336

Ukrainada ovoz berish yakunlandi. Ekzitpolga ko‘ra Zelenskiy mutlaq g‘olib

Ukrainada ovoz berish yakunlandi. Ekzitpolga ko‘ra Zelenskiy mutlaq g‘olib
Ukrainada prezidentlik saylovlarining ikkinchi turida ovoz berish jarayoni yakunlandi.

Milliy ekzitpol ma’lumotlariga ko‘ra, shoumen Vladimir Zelenskiy prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘ldi. Mahalliy vaqt bilan 18:00gacha (Toshkent vaqti bilan soat 20:00) o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, u 73,2 foiz ovoz olgan, saylovdagi ikkinchi nomzod, Ukrainaning amaldagi prezidenti Petro Poroshenkoni esa saylovchilarning 25,3 foizi qo‘llab-quvvatlagan.

Zelenskiy uchun hammadan ko‘proq Ukraina sharqidagi oblastlar ovoz bergan - Donbass atrofidagi hududlarda u 87,7 foiz ovoz olishga erishgan. Unga nisbatan kamroq ovoz mamlakat g‘arbida berilgan - 57 foiz. Poroshenkoni g‘arbdagi saylovchilar nisbatan yaxshiroq qo‘llab-quvvatlashgan - 41,3 foiz.

Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovda davomat 63 foizni tashkil qildi. Dnepropetrovsk, Zaporoje va Poltava oblastlarida saylovchilar nisbatan faolroq bo‘lishdi.

Milliy ekzitpol xalqaro tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladi va siyosiy kuchlar yoki nomzodlar ta’sirida bo‘lmaydi. Tashkilot xodimlari saylov uchastkasida ovoz berib chiqqan har 12-saylovchidan intervyu olib, uning tanloviga qiziqadi. So‘rovnomalar shifoxonalar, qamoqxonalar, harbiy qismlar va xorijdagi saylov uchastkalarida o‘tkazmaydi, shuningdek, uyda turib ovoz bergan saylovchilardan fikr olinmaydi.

Ukraina milliy politsiyasi ovoz berish jarayonida mingdan ortiq qoida buzilishlarini qayd etgan, ammo bularning hech biri saylov natijasiga ta’sir ko‘rsatuvchi qoidabuzarliklar bo‘lmagan.

Saylov-2019
Ukraina prezidentligi saylovlarining birinchi turida 39 nafar nomzod ro‘yxatga olindi. Saylov kuniga qadar ikkinchi turga kimlar o‘tishi noaniqligicha qolayotgandi. 31 mart kuni bo‘lib o‘tgan birinchi turda Zelenskiy 30,24 foiz ovoz bilan birinchi, Poroshenko 15,95 foiz ovoz bilan ikkinchi bo‘ldi va keyingi bosqichga chiqishdi. Birinchi turda sobiq bosh vazir, «Batkivshina» partiyasi rahbari muxolifatchi Yuliya Timoshenko, rossiyaparast partiya bo‘lmish «Muxolifat bloki» rahbari Yuriy Boyko ham nisbatan yaxshi natija ko‘rsatdi.

Qayd etish kerakki, Zelenskiy saylovoldi kampaniyasi davomida deyarli intervyu bermadi va saylovchilar bilan muloqotlar o‘tkazmadi. 17 aprel kuni u ilk marta RBK-Ukraina uchun intervyu berdi. Intervyu Zelenskiy 31 mart kuni o‘z shtabida stol tennisi o‘ynagan vaqtida muxbirga yutqazgani tufayli qo‘yilgan shart munosabati bilan o‘tkazildi.

Zelenskiy bu intervyuda Donbassni Ukrainaga qaytarishi haqida gapirdi. U shuningdek, prezidentlikka saylangach, prezidentlik qarorgohini bolalar oromgohi uchun berib yuborishi, 3 ta prezidentlik samolyotini sotib yuborib, o‘zi oddiy fuqarolar bilan birga reyslarda uchishi, prezident korteji boshqa avtomobillar qatori svetoforda to‘xtab turishi hamda yo‘l harakatiga ta’sir ko‘rsatmasligi bo‘yicha rejalarini ham bayon qilgandi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainada ovoz berish yakunlandi. Ekzitpolga ko‘ra Zelenskiy mutlaq g‘olib