08:33 / 26.04.2019
2 834

Kim Chen In Rossiyaga kelish orqali AQShga «salom yo‘lladimi»?

Kim Chen In Rossiyaga kelish orqali AQShga «salom yo‘lladimi»?
24-25 aprel kunlari dunyo siyosatidagi shov-shuvli voqealardan biri sodir bo‘ldi. Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiyada bo‘ldi. Har kuni ham xorijiy safarlarga chiqavermaydigan janob Kim bungacha faqat Janubiy Koreya, AQSh va Xitoy rahbarlari bilan rasman uchrashgandi. Dunyo siyosatida shov-shuvli chiqishlari bilan mashhur bo‘lgan Shimoliy Koreya yetakchisi Putin bilan birinchi marta ko‘rishdi. Tashrifning asosiy qismi har ikki davlat rahbarining bir-biriga qilich sovg‘a qilishi bo‘ldi. Xo‘sh, Kim Chen Inning Rossiyaga tashrifi nimani anglatadi?

Ehtiyotkor tashrif
Kim Chen In kamdan-kam xorijiy tashriflarni amalga oshiradi va har gal o‘ta ehtiyotkorlik bilan harakat qiladi. Masalan, u Tramp bilan ikki marta uchrashgan bo‘lsa, har safar uning tashrifi vaqtidagi yuqori darajadagi ehtiyotkorlik mashhur bo‘lgan.

U Vetnamga o‘zining maxsus poyezdida borgandi. Singapurga esa xitoyliklar samolyotida uchgandi. Singapurda o‘tgan AQSh – Shimoliy Koreya sammitida ayniqsa ehtiyotkorlik darajasi oshirilgandi. Chunki, Shimoliy Koreya yetakchisi pozeddagina o‘zini xavfsiz his qiladi, lekin Singapurga samolyotda borgandi. O‘shanda Pxenyandan Singapurga har xil vaqtda uchta samolyot uchgan va ularning qaysi biri «birinchi layner» ekani ma’lum bo‘lmagan. Xullas, Kim Chen Inning tashriflari haqida ko‘p va xo‘p yozish mumkin.

U Tramp bilan ham uchrashuv joyini o‘zi belgilagandi, Rossiya rahbari bilan ham shunday bo‘ldi. Kim Chen In rossiyalik hamkasbi bilan Vladivostokda uchrashdi. Bu Rossiyaning Shimoliy Koreya bilan chegaradosh oblasti va u yerda Shimoliy Koreyadan to‘g‘ri kelish mumkin bo‘lgan temiryo‘l o‘tgan. Shu sabab janob Kim Putin bilan aynan Vladivostokda uchrashishga qaror qildi. Bu hudud Putin uchun ham qulay edi, chunki Rossiya yetakchisi Vladivostokdan to‘g‘ri Xitoyga «Bir makon, bir yo‘l» forumida ishtirok etish uchun uchib ketadi. Xitoyga Moskva orqali uchishdan ko‘ra, ancha yaqin bo‘lgan Vladivostokdan uchish qulay.

Quroldosh do‘stlar

© Sputnik / Aleksey Nikolskiy
Kim Chen In va Vladimir Putinning bir-biriga sovg‘a berishi kunning «eng qaynoq» voqeligi bo‘ldi. Har ikki siyosatchi bir-biriga qilich sovg‘a qildi. Sovg‘alar orasida boshqa narsalar ham bor edi, lekin aynan qilichlar asosiy detal edi. Odatda bunday uchrashuvlarda asosiy mavzular o‘zaro suhbat chog‘ida gaplashiladi (Putin va Kim Chen In ikki soat davomida yopiq muloqot o‘tkazishdi), lekin mana shunday sovg‘alar va har xil ilmoqli gaplar bilan uchrashuvning maqsadini boshqalarga ham ayon qilishadi.

Ularning bir-biriga qilich sovg‘a qilishlari bir qarashda shunchaki o‘xshashlikdir, lekin uchrashuv davomida maxsus orkestr chalgan musiqalar orasida «Qilich bilan raqs» nomli asar ham borligiga nima deysiz? Albatta, davlat rahbarlarining bunday sovg‘a ulashishlarida aslida hech qanday maqsad bo‘lmasligi ham mumkin, lekin Vladimir Putin va Kim Chen Inning bunday «qurol almashishi» qaysidir ma’noda AQShga yo‘llangan «salom» bo‘lishini taxmin qilish qiyin emas.

Kim Chen In va Tramp oxirgi marta ko‘rishganda uchrashuv muddatidan oldin yakunlangan va hech qanday kelishuv imzolanmagandi. Biroq Shimoliy Koreya yetakchisi Putin bilan belgilanganidan ham bir soat ko‘proq vaqt davomida yopiq eshiklar ortida suhbatlashdi.

Tramp Shimoliy Koreya yetakchisi bilan uchrashishdan oldin uni «semiz kartoshka», «raketa-odam» deb haqorat qilgandi. O‘zaro uchrashuvdan keyin esa Trampning jimjimador ta’riflari «U yaxshi yigit ekan» degan xulosa bilan o‘zgardi. AQSh yetakchisi oddiy siyosiy etikaga rioya qilmagani sabab ko‘pchilikning asabiga tegayotgan bir vaqtda ko‘pchilik agressorlikda ayblaydigan Rossiya yetakchisi hammaning ko‘z o‘ngida o‘zini sipo tutib, ketma-ket siyosiy g‘alabalarga erishmoqda. Shimoliy Koreya yetakchisi bilan «qurol almashinuvi»ga ham shunday baho berish mumkin. Go‘yoki, ular okean ortiga qarab «Janoblar, e’tiboringiz uchun biz quroldoshmiz» degandek...

Shimoliy Koreya yetakchisi Rossiyaga kelish orzusi bo‘lganini aytdi. U Rossiyaga nafaqat orzusini amalga oshirib mamlakat kezish uchun yoki kimgadir «siyosiy salom yo‘llash uchun», balki konkret masalalar uchun ham borgan. Masalan, Rossiyada o‘n minglab shimoliy koreyalik muhojirlar mehnat qilishadi. Putin bugungi uchrashuvda bu masala ko‘rilishini ham aytgandi. Ya’ni, muhojirlarning Rossiyada ishlash muddatini uzaytirish masalasi.

BMT Shimoliy Koreyaga qarshi qo‘llagan sanksiyalar doirasida 2017 yilda barcha davlatlarga shimoliy koreyalik muhojirlarni chiqarib yuborganini aytgan, ammo shimolliklar hamon Rossiyada mehnat qilishmoqda. Bundan tashqari, Putin Rossiya Shimoliy Koreyada bir qator iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishni ham istisno qilmadi. Gap temiryo‘llar, gaz va neft o‘tkazish yo‘nalishlari haqida ketmoqda.

Putin Koreya yarimorolini yadrodan xoli hududga aylantirish haqida gapirar ekan, AQShni sezdirmay tanqid qilishga ham ulgurdi: «Bu borada shoshib bo‘lmaydi, asta-sekin harakat qilish kerak»,- dedi Putin. Rossiya yetakchisi bu bilan AQSh prezidenti Donald Trampning Kim Chen bilan uchrashuvda «Yadro dasturlarini tezda yo‘qotish kerak» deganiga ishora qilgandi. Kim Chen In amerikalik hamkasbining aynan shu gapidan keyin «tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan» va muzokaralarni muddatidan oldin yakunlagandi.

Putin bu uchrashuvni AQSh bilan muhokama qilishini aytdi: «Bu masalani amerikaliklar bilan muhokama qilamiz. Bu borada hech qanday sir bo‘lishi mumkin emas. Janob Kim Chin Inning o‘zi AQShga uning pozitsiyasini yetkazishimni so‘radi». Bu ham muhim chiqish. Kim Chen In Rossiya orqali AQShga o‘z pozitsiyasini yetkazishi ham ko‘p narsani anglatadi.

Hayajon...

Foto: epa/vostock-photo
Rossiyalik ekspertlar Kim Chen In uchrashuv chog‘ida qattiq hayajonlanganini taxmin qilishdi. Qo‘l harakatlari va mimika orqali analiz qiluvchi maxsus ekspertlarning aytishicha, Kim Chen In Putin bilan uchrashuv chog‘ida haddan tashqari ko‘p marta qo‘llarini o‘ynagan va bu uning hayajonlanganidan dalolat. Shimoliy Koreya yetakchisi Putin bilan rasmiy ovqatlanish vaqtida so‘z olar ekan qo‘lidagi qog‘ozlarni bir muddat varaqlab qolgani ham ekspertlar fikrini tasdiqlaydi. Rossiyalik ekspertlar Kim Chen In Tramp bilan uchrashuv vaqtida o‘zini ancha erkin tutganini ham ilova qilishdi.

Hech qanday hujjat imzolanmadi
Putin va Kim Chen Inning o‘zaro uchrashuvi har qancha iliq kechmasin tomonlar hech qanday shartnoma imzolashmadi. Xuddi Tramp bilan uchrashuvda bo‘lgani kabi. Ammo bu uchrashuv Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar yanada yaxshilanishiga olib kelishi mumkin. Kim Chen In Rossiya rahbari bilan birinchi marta uchrashdi. Uning otasi va bobosi Rossiya bilan doim yaxshi munosabatda bo‘lishgan. Shimoliy Koreya va Rossiya rahbarlari oxirgi marta 2011 yilda ko‘rishishgan. U vaqtda Rossiyani Dmitriy Medvedev, Shimoliy Koreyani esa Kim Chen Inning otasi Kim Chen Ir boshqarardi.

Xullas, Kim Chen Inning Rossiyaga tashrifidan u hamkor sifatida AQShni emas, Rossiyani tanlamoqchi ekanini taxmin qilishimiz mumkin...

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kim Chen In Rossiyaga kelish orqali AQShga «salom yo‘lladimi»?