07:13 / 20.05.2019
5 052

Suriya: Usmoniylardan to Kreml ta’sirigacha

Suriya: Usmoniylardan to Kreml ta’sirigacha
Suriya – qandaydir ma’noda anomal (normadan chetga chiqqan) joy. Buning sababi uzoq yillar davomida mavjud bo‘lib kelgan buyuk davlatlar o‘rtasidagi adovatdir (Rim imperiyasini olasizmi yo Fors sosoniylarimi, Erdo‘g‘on Turkiyasi yoki Putin Rossiyasi).

Hozirda Suriyadagi to‘qnashuvlarda asosan Moskva va Tehron faol ishtirok etmoqda, lekin ishtiyoqmandlar ichida Pekin, Vashington, Anqara, Ar-Riyod va ko‘plab kuchlar, xususan, terrorchi tashkilot Al Qoida va IShID ham bor.

Ig‘vogar OAV takror-takror bong uryaptiki, go‘yoki Bashar Asad va uning tarafdorlari urushda zafar qozonishdi. Aslida g‘alabaga hali ancha bor – hozir Suriyada fuqarolar urushi eng qaynoq pallasiga yetib keldi.

To‘g‘ri, Asad rejimi o‘z pozitsiyasida mustahkam o‘rnashib olishga ulgurdi, lekin bu faqat Rossiya, Eron va Xizbolla yordami bilan ro‘y berdi. Ularsiz Asad urug‘-aymog‘i bu yergacha yetib kelmagan bo‘lardi.

Xo‘sh, Suriya fuqarolar urushi negizida qanday sabablar yotibdi?

1. Usmoniylar merosi

16-yuz yillikdan boshlab birinchi jahon urushi oxirigacha Suriya, xuddi Iroq va Arabiston kabi, Usmoniylar imperiyasi tarkibida edi.

Suriyada Usmoniylar davrida ham qo‘zg‘olonlar bo‘lib turgan. Turklar bu hududni kuch bilan ushlab turgan. Birinchi jahon urushi zaif Usmoniylarni yanchib tashladi, saltanat quladi.

Uning bo‘laklarida yangi, yevropaliklar tomonidan sun’iy ravishda tuzilgan arab davlatlari paydo bo‘ldiki, shulardan biri qirol Feysal boshchiligidagi Hoshimiylar oilasi hukmron qilib qo‘yilgan Suriya podsholigidir.

Usmoniylar imperiyasi parchalanishidan keyin 100 yil o‘tdi hamki, Suriyada hanuzgacha usmoniylardan meros qolgan etno-dinik muammolar saqlanib qolmoqda. Sun’iy ravishda tashkil topgan Suriya hech qachon yaxlit mamlakat bo‘lmagan. Bu yerda yagona “suriyaliklar” millati shakllanmadi.

2. Fransuzlar Suriyasi

Suriyada Feysal I boshliq Hoshimiylar hukmronligi bor-yo‘g‘i to‘rt oy (1920 yid 11 martdan 25 iyulgacha) davom etdi va shundan so‘ng mamlakat fransuzlar nazoratiga o‘tdi. Suriya qiroli Feysal I mamlakatni hech qanaqa jangsiz fransuzlarga topshirib, Damashqni tark qildi va qo‘shni mamlakat Iroqda (1921-1933) taxtga chiqdi. Iroq ham britaniyaliklar tomonidan sun’iy tashkil qilingan davlatdir.

Fransuzlar Suriyani Millatlar Ligasining mandat osti hududi sifatida 26 yil boshqarib keldi va uni faqat 1946 yilda tark etdi. Suriya rasman 1941 yilda mustaqil bo‘lgan esa-da, 1946 yilda Suriyaning suveriniteti qayta tiklandi, bu safar respublikacha shaklda.

Fransuzlar boshqaruvi Suriyada aytarli o‘zgarish qilgani yo‘q, ichki nizolar hal qilinmadi. Ichki ixtiloflar Suriyada 1946-1970 yillarda qator qo‘zg‘olonlar va bir qonli diktatura boshqasini o‘zgartirgan davlat to‘ntarishi bilan birga kechdi.

3. Panarabizm

1958 yildan 1961 yilgacha bo‘lgan davrda panarabizm va nasrizm ta’sirida Suriyada yomon tajriba amalga oshirildi – Birlashgan Arab Respublikasi (BAR). U Jamol Abdul Nasr prezidentlik boshqaruvi ostidagi Misr va Suriya o‘rtasidagi “birodarlar ittifoqi” edi. Lekin Nasr boshliq Misr-Suriya panarab davlati dunyo yuzini ko‘rmadi.

BAR uchun hal qiluvchi zarba 1961 yil 28 sentyabrda bo‘ldi, o‘shanda Damashqda navbatdagi davlat to‘ntarishi ro‘y bergan va Nasrning Suriyani BAR tarkibida qolishiga har qancha urinishiga qaramasdan, ittifoqchi davlat BAR parchalandi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin tillarda doston bo‘lgan arab natsionalizmi va panarabizm vaqti kelib muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Unga muqobil ravishda islomiy fundamentalizm paydo bo‘ldiki, unga 1970-1980 yillarda ko‘plab suriyalik sunniylar yuz burishdi.

4. Alaviylar, BAAS va asadlar oilasi diktaturasi

1963 yilda Suriyadagi navbatdagi davlat to‘ntarishi natijasida hokimiyatni BAAS (Arab sotsialistik uyg‘onish partiyasi) partiyasi o‘z qo‘liga oldi.

Suriyada hokimiyat tepasiga sotsialistlarning kelishini Moskvada jo‘shqinlik bilan kutib olishdi, negaki Ikkinchi jahon urushidan keyin tashqi siyosatda Damashq Sovet Ittifoqi bilan aloqalarni rivojlantirishga intildi.

1966 yilda Saloh Jadid (1926-1993) va Hofiz Asad (1930-2000) davlat to‘ntarishi uyushtirdi, natijada Jadid prezident, Asad esa mudofaa vaziriga aylandi. Lekin Asad bu bilan kifoyalanmay, 1970 yilda Jadidni “taxt”dan ag‘dardi.

Shu tarzda mamlakatda BAAS partiyasi yetakchisi alaviy Hofiz Asad to‘liq hukmronlikka erishdi. Mamlakatda nisbatan barqarorlik boshlandi. U Suriyada o‘z oilasi diktaturasini o‘rnatdi – bu amalda monarxiyaning bir shakli bo‘lib, bunda otadan keyin taxtga o‘g‘li keladi.

Asad oilasi diktaturasi Suriyani 47 yilki qo‘rqitish yo‘li va maxsus xizmatlar yordamida boshqarib kelyapti.
Hofiz Asad davrida mamlakatda shaxsga sig‘inish siyosati olib borildi, bu ko‘proq o‘tmishdagi qadimgi Sharq va arab mustabidlarini esga soladi.

Allaqachon Hofiz o‘limidan oldin o‘ziga voris tayinlashga kirishdi. Boshida uning tanlovi akasi Rifat al Asad (1937 y. tug‘ilgan) edi. Lekin Rifat 1983 yilda davlat to‘ntarishi uyushtirishga uringani uchun “vorislik”dan mahrum bo‘lib, Suriyadan badarg‘a qilindi.

Navbatdagi “taxt vorisi” sifatida Hofiz to‘ng‘ich o‘g‘li Basilni (1962-1994) maqul ko‘rdi, lekin u avtofalokatda halok bo‘ldi. Shunday bir vaziyatda Londonda ko‘z shifokorligiga o‘qiyotgan Bashar kutilmaganda “voris shahzoda”ga aylandi-qoldi.

5. Livanga tikilgan tavakkalchilik

Hofiz Asad davrida Suriya o‘z qo‘shnisi bo‘lmish Livanning ichki ishlariga aralashishga ahd qildi va Livan fuqarolar urushi davomida o‘lkani 29 yil qamal qilib turdi (1976-2005).

Garchi 2005 yilda Livan bosh vaziri Rafiq Xaririy o‘ldirilgan va Suriyaga qarshi “kedr inqilobi”dan keyin Suriya o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketgan bo‘lsa-da, Damashq Livanda o‘z ta’sirini o‘rnatib oldi. Bu hozirgacha qator arab mamlakatlarini achchig‘ini chiqarmoqda.

Livanda faoliyat olib boradigan, Tehron va Damashq tomonidan moliyalashtiriladigan shia harbiy tashkiloti -“Xizbolla” Damashq va Tehronning Livanga ko‘rsatadigan ta’sir instrumenti hisoblanadi. Shuningdek u orqali Isroilga muammolar yaratish uchun ham foydalaniladi.

“Xizbolla” Suriyaga qanchalik muhim bo‘lsa, Livan ham shu darajada muhim.

6. Ko‘pmillatli va ko‘pdinli qotishma

Suriya fuqarolar urushi sabablaridan biri uning murakkab tuzilgan etnik va diniy tuzilmasidadir.

Suriyani boshqarib kelyotgan asadlar oilasi diniy ozchilik bo‘lmish alaviylarga mansub bo‘lib, ular mamlakat aholisining 15% ini tashkil qiladi. Albatta, Asad tarafdorlari ichida sunniylar ham, nasroniy va boshqa guruhlar ham mavjud. Masalan, Bashar Asadning rafiqasi – Asma al-Asad – kelib chiqishi sunniy, Hofiz Asadning yaqin safdoshi va uzoq vaqt mudofaa vaziri bo‘lgan Mustafo Tlas (1932-2017) – sunniy musulmondir.

Suriyaliklarning asosini sunniy arablar (90 %) tashkil qiladi. Arablardan tashqari o‘lkada turkman, kurd, ossuriyalik va cherkes, shuningdek druz va nasroniylar ham istiqomat qiladi.

Mazkur diniy va etnik guruhlarning har birining o‘z manfaati bor. Masalan, shialar va sunniylar, ma’lumki, dushman darajasigacha yetgan. Alaviylar bilan bog‘liq eng qiyin holat bu – ko‘plab sunniylar ularni musulmon o‘rnida ko‘rmasligidir, hatto shialarning o‘zlari ham alaviylarga salbiy munosabatda.

Hokimiyatni 1970 yilda alaviylar egallaganidan beri sunniylar, nasroniylar va yahudiylar norozilik kayfiyatini tuyib keladi. Konstitutsiya bo‘yicha Suriya prezidenti faqat musulmon bo‘lishi kerak. Aynan shuning uchun ham shia-imomlar alaviylikni shialikning bir oqimi, deb rasman tan oluvchi fatvo e’lon qilishdi. Bu esa sunniylarni yanada achchig‘ini chiqardi. 1976-1982 yillarda Suriyada qator Islomiy qo‘zg‘olonlar bo‘lib o‘tdi, ularni BAAS va alaviylarga qarshi ihvonlar-sunniy radikallar uyushtirdi. Pirovardida Hofiz Asad armiya va shafqatsiz usullardan foydalanib qo‘zg‘olonlar seriyasini bostirishga muvaffaq bo‘ldi.

Lekin muammo hech qayerga yo‘qolmadi, u muammoligicha qolaverdi va natijada BAAS partiyasi va alaviylar jabr-zulmiga qarshi ro‘y berib turgan sunniy-musulmonlar g‘alayonlari 2011 yilga kelib fuqarolar urushiga aylandi.

Maqola "Ildiz" kanalida o‘zbek tiliga o‘girildi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Suriya: Usmoniylardan to Kreml ta’sirigacha