11:08 / 21.05.2019
5 483

Xitoy uyg‘urlarni millat sifatida yo‘qotish yo‘lini topdimi?

Xitoy uyg‘urlarni millat sifatida yo‘qotish yo‘lini topdimi?
Shinjonda Xitoyning asosiy millati bo‘lmish xanlar bilan qurilgan nikohdan tug‘ilgan bolalar universitetga kirishda qo‘shimcha ball oladi. Tahlilchilar buni musulmon uyg‘urlarni yo‘qotishdagi so‘nggi choralardan biri sifatida talqin qilmoqda.

Asosan uyg‘urlar yashovchi Shinjon viloyatida universitetlarga kirish tartibi o‘zgardi. France Press agentligining xabar berishicha, boshqa millat bilan qurilgan nikohdan tug‘ilgan bolalarga o‘qishga kirishda imtiyozlar beriladi.

2014 yili zo‘ravonliklar avj olishidan so‘ng Xitoy hukumati Shinjon viloyati bo‘ylab qat’iy xavfsizlik choralarini kuchaytirdi.

Ayollarning hijobi, erkaklarning soqoliga qo‘yilgan taqiqlar, milliondan ortiq musulmonni maxsus lagerga joylashtirishgacha yetib bordi.

Kuzatuvchilar ko‘ra, universitetga kirish shartlarining o‘zgartirilishi mintaqadagi aholining yarmini tashkil qiluvchi uyg‘urlarga qarshi qaratilgan choralardan biridir.

O‘tgan hafta Shinjon avtonom mintaqasi hukumati kollejlarga kirish umummilliy imtihonlarida himoyasiz guruh vakillariga qo‘shimcha ballar berish haqida yangi qoidalarni e’lon qildi.

Mahalliy hukumat ikki millat vakilidan tug‘ilgan abituriyentlarga beriladigan qo‘shimcha ballar ikki barobar ko‘paytirdi. Ota yoki onasi xan bo‘lganlarga 20 ball qo‘shiladi. Ota-onasi boshqa etnik ozchiliklardan bo‘lgan abituriyentlarga 15 ball beriladi.

La Trob universiteti professori Jeyms Leybold France Press agentligiga bergan izohida yangi imtihon siyosatini "xanlarnikiga o‘xshamagan fikr va fe’l-atvorni chinlashtirishga bo‘lgan harakatlarning biri" degan.

Unga ko‘ra Xitoy hukumati millatlararo nikoh integratsiya va uyg‘urlar hamda boshqa etnik ozchiliklarning xitoy millati bilan assimilitsiya bo‘lishida asosiy omillardan ekaniga ishonadi.

Xitoy hukumati boshqa millatlardan tashkil topgan nikohni birinchi bora targ‘ib qilmayapti.

2014 yili Shinjondagi Kyoma tumani hokimiyati Xitoyning asosiy millati bo‘lmish xan va boshqa millat vakilidan tashkil topgan oilaga har yili 10 000 yuan (1450 dollar) naqd pul berishini ma’lum qilgan. Ushbu mablag‘ nikohning birinchi 5 yili davomida berib borilishi aytilgan.

BMTning o‘zi o‘tgan yili xalqaro tashkilot o‘laroq Xitoydagi uyg‘urlarning ommaviy tarzda hibsga olinayotgani borasidagi xabarlardan chuqur tashvishda ekanini bayon qilgan.

Tashkilot Xitoy hukumati tomonidan terrorizmga qarshi amaliyot «bahonasida» qo‘lga olinganlarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirgandi.

Bu bayonot Shinjonda soni millionga yaqin deb ko‘rilayotgan musulmon uyg‘urlarning qayta tarbiyalov lagerlarida tutib turilgani haqidagi hisobotlar BMTning maxsus qo‘mitasi tomonidan tinglanishi ortidan e’lon qilingan.

Rasmiy Pekin bu iddaolarni rad etgan, ammo ba’zi diniy radikallar qayta tarbiyalanish uchun hibsga olinganini tan olgan.

Xitoy Shinjondagi tartibsizliklarda islomiy jangarilar va ayirmachilarni ayblab keladi.

O‘tgan yil avgust oyining boshida mazkur masalani ko‘rib chiqish davomida BMTning Irqiy kamsitishga barham berish bo‘yicha qo‘mitasi Uyg‘ur avtonom regioni rasmiy Pekin tomonidan «ommaviy tarzda hibsga olinganlar tutib turiladigan lagerga o‘xshash hududga aylantirilgani»ga ishora qiluvchi ishonchli hisobotlar bor ekanini aytgan edi.

Xitoy bu da’voga uyg‘urlar to‘liq fuqarolik huquqlariga ega ekanini «yana bir bor» eslatish bilan javob qaytargan. Biroq rasmiy Pekin «diniy ekstremizm tuzog‘iga tushib qolganlar… qayta joylashtirilishi va qayta tarbiyalanishi lozim»ligini ham ta’kidlab o‘tgan.

Inson huquqlarini himoya qilish guruhlari, xususan, Amnesty International va Human Rights Watch BMT qo‘mitasiga uyg‘urlarning ommaviy hibsga olinishi hujjatlashtirilgan hisobotlarni taqdim etgan.

Ularga ko‘ra lagerlarda tutib turilgan uyg‘urlar Xitoy raisi Si Jinpingga sodiq bo‘lish uchun qasam ichishga majburlanadi.

Jahon uyg‘ur kongressi o‘zining hisobotlarida uyg‘urlar lagerlarda biror ayblovsiz tutib turilishi va Xitoy kommunistik partiyasi shiorlarini bor ovozda aytishga majburlanishini ko‘rsatib o‘tadi.

Manba: BBC O‘zbek xizmati

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy uyg‘urlarni millat sifatida yo‘qotish yo‘lini topdimi?