17:23 / 22.05.2019
3 365

AQSh va Eron o‘rtasida qurolli to‘qnashuv bo‘lishi haqiqatga yaqinmi?

AQSh va Eron o‘rtasida qurolli to‘qnashuv bo‘lishi haqiqatga yaqinmi?
AQSh prezidenti Donald Tramp tvitterda Eronga qarshi urush qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yozdi.

«Eron biz bilan urushmoqchi bo‘lsa, bu ular uchun yakun bo‘ladi. AQShga tahdid qilish yaxshilikka olib kelmaydi», dedi Tramp urush bo‘lsa, AQSh Eronni kunpayakun qilajagiga ishora qilib.

Bu ikki davlat bir-birini har xil chiqishlar orqali qo‘rqitishni xush ko‘rishadi.

Sarlavhada Eron va AQSh o‘rtasida allaqachon urush ketayotgani aytildi. Bu bo‘rttirish emas. Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning tarangligiga boshqacha nom berish qiyin. AQSh Eronning terrorizmga homiylik qilayotgani va bu davlatdagi yadro quroli insoniyat uchun xavfli ekanini aytib, turli sanksiyalar qo‘llab kelsa, forslar AQShning agressorligini iddao qilishadi. Boshqa frontlarda davom etayotgan urush qurolli to‘qnashuvga aylanishini kutish mumkinmi? Bu qanchalik haqiqatga yaqin?

Tramp Eronning yadro quroli ishlab chiqarishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdi. Shu bilan birga, AQSh yetakchisi Eron bilan urush holati yuzaga kelishi mumkinligini istisno qildi.

«Men urush kovlaydiganlardan emasman. Urush bo‘lishi xohlamayman, chunki u iqtisodga katta zarar keltiradi. Bundan tashqari, urushda odamlar o‘ladi va bu eng yomoni», dedi Tramp Fox News kanaliga intervyu berar ekan.

Ammo uning harakatlari vaziyatni yumshatishga xizmat qilmayotgani ham bor gap. Masalan, AQSh Fors ko‘rfazidagi harbiy kemalar sonini oshirgani yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi aniq.

Shu o‘rinda Eron ham urushni xohlamaydi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri bu borada Eronning pozitsiyasini kiborlik bilan e’lon qilingan bayonotida ma’lum qildi: «Urush bo‘lmaydi, chunki biz buni xohlamaymiz. Mintaqada biz bilan ziddiyatga borishga jazm qiladiganlar yo‘q».

Vaziyat nega taranglashdi?

Eronning yadro quroli uchun xomashyo hisoblangan boyitilgan uran qazib olishni tiklashini ma’lum qilgani ikki mamlakat munosabatlarini yomonlashtirdi. Bundan tashqari, Fors ko‘rfazining BAA hududiy suvlarida turgan 4ta tanker noma’lum tomonning hujumiga uchradi. Bu voqealardan bir necha kun avval AQSh Eronning savdo kemalariga hujum qilishidan ogohlantirgandi. Bu voqealar AQSh Eron bilan yadro kelishuvidan chiqishi ortidan sodir bo‘ldi.

Iroqlik harbiylar 19 may kuni ko‘rfaz tomondan Iroq hududiga raketalar uchib kelganini ma’lum qilishdi. Raketalar Bog‘doddagi AQSh elchixonasi yonidagi bo‘sh yerga borib tushgan. Bu raketalar nima maqsadda otilganini tushunish qiyin emas.

120 ming askar nega kerak?

AQSh Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 120 ming piyoda askar yuborishi mumkinligi aytilgandi. Tramp buni rad etdi, ammo mintaqadagi holatdan kelib, bu ma’lumotning haqiqat bo‘lishi ham ehtimoldan yiroq emas. AQSh uchun Yaqin Sharq davlatiga qo‘shin olib kirish yangilik emas. 2003 yilda AQSh Iroqqa butun boshli qo‘shin bilan kirgandi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda 160 mingga yaqin amerikalik askar Iroqqa olib kirilgan. Ammo Eron Yaqin Sharqning eng yirik va eng qudratli davlati. Shu bois, AQSh Eronga yoki uning atrofidagi boshqa davlatga bu qadar katta qo‘shin olib kirishdek tavakkalchilikka borishi qiyin.

Raketa zarbalaridan so‘ng amerikalik diplomatlarga Iroqni vaqtincha tark etish aytilgani ham bejiz emas. Hududda Eronni qo‘llaydigan radikal guruhlar borligi aniqlangan va o‘zining mintaqadagi vaziyatidan xavotirga tushgan AQSh tezda chora ko‘rishga tushdi. Mamlakatdagi notinchlik sabab Niderlandiya va Germaniya harbiylari ham Iroqdagi mashg‘ulotlarini to‘xtatishga majbur bo‘lishgan. Eronga qarshi bayonotga neft quvurlari dronlar hujumiga uchragan Saudiya Arabistoni ham qo‘shildi. Saudiyadagi nashrlardan biri AQShni Eronga qarshi zarbalar berishga ham chaqirdi.

Eronning ham toqati toq bo‘lgan...

Eron ayni damda juda qiyin iqtisodiy holatga tushib qolgan. Mamlakat prezidenti Hasan Ruhoniyning aytishicha, bugun Eron 1980-yillardagi Iroq bilan urushdagidan ham yomonroq holatda.

«Urush vaqtida bizda hozirgi kabi neftni sotish, eksport yoki import uchun muammo yo‘q edi. Faqat qurol-yaroq sotib olishda qiynalganmiz, xolos», deydi Ruhoniy hozirgi holat yomonroq ekaniga ishora qilib.

O‘tgan yili Donald Tramp ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishuvdan bir tomonlama chiqib ketganidan so‘ng Eronga nisbatan sanksiyalar ko‘paydi. Sanksiyalarning eng asosiysi Eron neftiga qaratilgan va bu xomashyo savdosi mamlakat iqtisodiyotining katta qismini tashkil qiladi. Bundan tashqari, AQShning yirik korxonalariga Eron bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilish taqiqlangan. Dunyoning boshqa davlatlaridagi AQSh bilan aloqasi yaxshi bo‘lgan yirik korxonalar ham o‘z-o‘zidan Eron bilan savdo aloqalaridan voz kechgan.

Xalqaro valyuta fondi Eronning 2019 yilgi YaIMi 6 foizga tushishini prognoz qilgan. Biroq bu ko‘rsatkich sanksiyalar keskinlashishidan avval qayd etilgan va yangi ko‘rsatkichlar ancha past bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Chunki, yaqinda sanksiyalardagi istisnolar ham olib tashlandi. Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya va Turkiya kabi ishlab chiqarishi Eron neftiga bog‘liq bo‘lgan davlatlar sanksiyalardagi «istisno» bandiga ko‘ra Erondan neft olishi mumkin edi. Ammo Eron endi bu davlatlarga ham «qora oltin» sota olmaydi.

AQShning yana ikki harakati Eron siyosatchilari, xususan oyatullohning «asabini qitiqladi». Davlat departamenti Eron islom inqilobi soqchilarini, ya’ni mamlakatning eng qudratli qo‘shinlarini terroristik tashkilotlar ro‘yxatiga kiritdi. O‘zining asosiy armiya qo‘shinlariga nisbatan bu munosabatni Eron tomoni turgan gapki haqorat deb qabul qildi. Bundan tashqari, Eron AQShning Hurmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘yishga urinayotganidan darg‘azab bo‘lmoqda. Axir bu neft savdosi uchun mintaqadagi eng katta yo‘lak hisoblanadi. Butun dunyodagi neft xomashyosining naq 20 foizi aynan mana shu bo‘g‘oz orqali o‘tadi.

Xullas, Eron va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar borgan sari taranglashmoqda. Bu esa shundog‘am uzoq yillardan buyon siyosiy barqarorlikdan mosuvo bo‘layotgan Yaqin Sharq uchun yaxshilik olib kelmasligi aniq...

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSh va Eron o‘rtasida qurolli to‘qnashuv bo‘lishi haqiqatga yaqinmi?