17:45 / 13.06.2019
3 848

Islom dushmanlarining Islomga kirishi

Islom dushmanlarining Islomga kirishi
Islom dunyosi tarixidagi eng vahshiyona bosqinchilikni mo‘g‘ullar qilishgan. Ibn Asir aytadi: «Bu musibat shunchalik dahshatli ediki, bu haqda gapirishga uzoq vaqt ikkilanib yurdim. Unga o‘xshagani tarixda umuman bo‘lmagan. Odam alayhissalom davridan to hozirgi kunimizgacha insoniyat bunaqasini aslo ko‘rmagan.

Ya’juj-Ma’juj bosqinini istisno qilganda ehtimol to qiyomatgacha bunga o‘xshashi bo‘lmas ham. Bosqinchilar hech kimni ayab o‘tirishmasdi, homilador ayollarning qornini yorib tashlar, chaqaloqlar , bolalarni vaxshiylarcha o‘ldirishar edi. Bu umumjahon miqyosidagi katta fojia edi» («Al-Komil»dan).

Mag‘lubiyat nimaligini bilmagan mo‘g‘ullar milodiy 650 yili Bag‘dodga kirishdi va shaharni xarobaga aylantirishdi. Ibn Kasir yozadi: «Bag‘dodda qirq kun qirg‘inbarot bo‘ldi, shundan keyin dunyodagi eng go‘zal shahar yer bilan yakson qilindi. U yerda talmovsirab yurgan bir to‘da odamni ko‘rish mumkin edi. Jasadlar ko‘chalarni shunchalik to‘ldirgandiki, balandligi hatto tomlarga yetgan edi. Murdalardan chiqqan hiddan nafas olishga imkon bo‘lmasdi. Ochlik, vabo va o‘lim butun mamlakatni chulg‘ab olgandi».

Mo‘g‘ullarning g‘olibona yurishini Misr sultoni Sayfuddin Kutuzgina to‘xtata oldi. Uning vafotidan keyin vorisi Biybars ularga qaqshatg‘ich zarba berib, butun Suriyani ozod qildi. Ammo mo‘g‘ullar hamon Iroqdan Erongacha bo‘lgan ulkan hududda hukmronlik qilishardi. Taqdirning qaltis «hazili»ni qarangki, ana shu yovvoyilarga o‘sha paytdagi jahon madaniyati va hazorasini boshqarish nasib etdi.

Musulmonlarning aqliy va madaniy salohiyatiga qattiq zarba berildi, ular biror narsa qilishga ojiz edilar. Go‘yo hamma narsadan mosuvo bo‘lingan bir pallada ajoyib mo‘’jizasini ko‘rsatish uchun Islomning ruhiy shavkati oldinga chiqdi. Musulmon ruhoniylar va saroy a’yonlari mo‘g‘ul hukmdorlari orasida ish boshlab yuborishdi, qolganini Islom maftunkorligining o‘zi uddaladi. Alloh taoloning irodasi bilan musulmonlarni mag‘lub qilganlarning o‘zlari Islomga taslim bo‘lishdi.

Muarrix ibn Kasir yozadi: «Shu yili (694) taxtda Chingizxonning evarasi Qozonxon o‘tirardi va uni Amir Tavzun (rahimallohu taolo) Islomga kiritgandi. U bilan birga barcha mo‘g‘ullar musulmon bo‘lishdi. Sulton Islomga kirayotgan kuni oltin, kumush, zumradlar sadaqa qilindi. Sulton Mahmud ismini tanladi va juma namoziga bordi. Bag‘dod va boshqa joylarda talab olingan mulklar egalariga qaytarildi va odil sudlov joriy qilindi. Odamlar mo‘g‘ullar qo‘lida tasbeh ko‘rib, Allohga hamdlar aytishdi».

Abul Hasan Nadaviyning «Musulmonlarning Islomdan uzoqlashuvidan dunyo nimalarni yo‘qotdi» kitobidan.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Islom dushmanlarining Islomga kirishi