13:38 / 26.06.2019
3 442

Dahanaki jang. Tramp Eronni butunlay yo‘q qilib yuborish bilan tahdid qildi

Dahanaki jang. Tramp Eronni butunlay yo‘q qilib yuborish bilan tahdid qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp va Eron prezidenti Hasan Ruhoniy bir-biriga nisbatan keskin bayonotlar va bevosita haqoratlar bilan chiqishmoqda. Ruhoniy Oq uy «aqlan zaif» ekanligini aytganidan so‘ng Tramp tvitterda Eronga qarshi «yakson qiluvchi kuch» qo‘llanilishini aytib tahdid qildi.

«Eronning Amerikaning biror narsasiga hujumiga AQSh yakson qiluvchi kuch bilan javob qaytaradi. Ba’zi sohalarda bu butunlay yo‘q qilib yuborishni anglatadi», deb yozdi Tramp tvitterda.

Amerika prezidenti Eron rahbarlarini tajovuzkor siyosatda aybladi va ular bugungi voqelikni tushunib yetmaganini aytdi.

«Eron yaxshilik va rahm qilinayotganini tushunmayapti. Hech qachon tushunmagan. Ular afsuski, kuchni tushunishadi, AQShda esa dunyodagi eng qudratli armiya bor», - deya qo‘shimcha qildi Tramp.

Tramp Eron prezidenti Hasan Ruhoniyning milliy televideniye orqali qilgan bayonotlariga javoban bu so‘zlarni yozdi.

Ruhoniy Vashingtonning Eron diniy yetakchisi Oyatulloh Ali Xominaiyga nisbatan shaxsiy sanksiyalar kiritish haqidagi qarorini keskin qoraladi.

«Oq uyning harakatlari uning aqli zaifligini bildiradi», - dedi Eron prezidenti.
Rasmiy Tehron yangi sanksiyalar nizoning diplomatik yo‘l bilan hal qilinishiga to‘sqinlik qilishini bildirdi.

«Tramp ma’muriyati dunyoda tinchlik va xavfsizlikni saqlashga imkon beradigan barcha xalqaro mexanizmlarni yo‘q qilmoqda», - dedi Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Musaviy.

Tehronda AQShga qarshi graffitilarni uchratish mumkin. O‘zaro munosabatlar o‘tgan asrning 70-yillarida yomonlashgan
Foto: GETTY IMAGES

Avvalroq Tramp agarda yadroviy sinovlardan voz kechmasa Shimoliy Koreyani butunlay yo‘q qilib yuborish bilan tahdid qilgandi. 2017 yilda Kim Chen In Trampni aqlini yo‘qotgan qariya deb atagandi.

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton esa Eron «ochiq eshikdan kirishi» va Vashington bilan muzokaralar stoliga o‘tirishi mumkinligini aytdi.

Eronga qarshi sanksiyalar

Oyatulloh Ali Xominaiy
Foto:​​​​ ANADOLU AGENCY

Tramp Eronga, jumladan mamlakat diniy rahnamosi Oyatulloh Ali Xominaiyning shaxsiy devonxonasiga nisbatan yangi sanksiyalar kiritilishini e’lon qildi.

Eron hukumatining ta’kidlashicha, Xominaiyga qarshi sanksiyalardan ma’no yo‘q, chunki uning hech qanday shaxsiy boyligi yo‘q.
Ammo AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Xominaiyning boyligini 95 mlrd dollar deb baholagandi.

Rasmiy Vashington ma’lumotiga ko‘ra, Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi faoliyati ana shu mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.
AQSh moliya vazirligi qo‘riqchilarning sakkiz nafar qo‘mondoni ham sanksiyalar ostiga tushganini bildirdi.

Sanksiyalar shuningdek, Eron rejimi va sanksiyalarga tushgan shaxslar bilan hamkorlik qiladigan xorijiy moliya kompaniyalariga ham qaratilgan.

21 iyun kuni AQShda yashovchi eronliklar Tehronga qarshi miting o‘tkazishdi
Foto: EPA

Moliya vaziri Mnuchin hafta oxirida Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Musaviy ham sanksiyalarga tushishini xabar qildi.

Tramp ma’muriyati Tehronni Eron yadroviy va raketa dasturi bo‘yicha yangi muzokaralar boshlashga majbur qilmoqchi va Eron kelgusida yadro quroliga ega bo‘lmasligiga kafolat olishni istamoqda.

Eron hukumati yadro quroli ishlab chiqarish niyati yo‘qligini ta’kidlamoqda.

«Tasavvur qilib bo‘lmas ssenariy»

Hantning ishontirib aytishicha, Britaniya Eron bilan urushmaydi
Foto: AFP

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Jeremi Hant Britaniya AQSh tomonida turib Eronga qarshi urushishi ssenariysini tasavvur qila olmasligini bildirdi.

U Yaqin Sharqdagi vaziyat hamda Vashington va Tehron o‘rtasidagi diplomatik nizoning rivojlanishidan jiddiy tashvishda ekanligini aytdi.

«AQSh bizning yaqin ittifoqchimiz, biz ular bilan muntazam muloqotdamiz, ularning barcha iltimoslarini diqqat bilan ko‘rib chiqamiz, ammo biz ularning qandaydir harbiy harakatlar borasidagi iltimoslariga rozi bo‘lishimiz mumkinligini tasavvur qila olmayman», - dedi vazir.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dahanaki jang. Tramp Eronni butunlay yo‘q qilib yuborish bilan tahdid qildi