Tojikistonlik fuqaro Eron aviakompaniyasini 1 mln dollarga «chuv tushirdi»

  • 13 iyul 2019, 21:26
  • 1 653
  • Dunyo
  • Tojikistonlik fuqaro Eron aviakompaniyasini 1 mln dollarga «chuv tushirdi»
    Foto: Planespotters
    Tojikistonda R.Haydarov ismli shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi. «Asia-Plus» xabariga ko‘ra, u firibgarlik va chet el valyutasida noqonuniy operatsiyalarni amalga oshirganlikda ayblanib, 13 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

    Ma’lum bo‘lishicha, u jinoyatni Sog‘d viloyatining Bo‘ston shahridagi «Adjam-Avia» kompaniyasiga rahbarlik qilgan paytida amalga oshirgan.

    Xabarda aytilishicha, Haydarov Eronning Taban Airlines aviakompaniyasining mas’ul vakillari ishonchiga kirib, ulardan qariyb 1 million dollarni o‘zlashtirgan.

    Bu pullar evaziga Taban Airlines aviakompaniyasiga Boing 757-200 samolyoti dvigatelini yetkazib berish majburiyatini olgan, ammo uni bajarmagan. Shuningdek, Haydarov o‘zining bu harakati bilan Tojikistonning «Naxustlizing» kompaniyasiga ham zarar yetkazgan.

    Unga nisbatan Tojikiston Jinoyat kodeksining 247 (firibgarlik) va 286-moddalari (chet el valyutasida noqonuniy operatsiyalarni amalga oshirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va sud qarori bilan 13 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

    Bundan tashqari, Taban Airlines kompaniyasi foydasiga Haydarovning 16 ming dollarlik BMW mashinasi musodara qilingan va 987,5 ming dollar undirilgan.

    » » Tojikistonlik fuqaro Eron aviakompaniyasini 1 mln dollarga «chuv tushirdi»