Qosim-Jomart Toqayev hokimlarga: «Ko‘rsatgan xizmatinggayam, tajribanggayam qarab o‘tirmayman»

  • 15 iyul 2019, 18:56
  • 1 640
  • Dunyo
  • Qosim-Jomart Toqayev hokimlarga: «Ko‘rsatgan xizmatinggayam, tajribanggayam qarab o‘tirmayman»
    Foto: «Kazinform»
    Qozog‘iston hukumatining kengaytirilgan yig‘ilishida prezident Qosim-Jomart Toqayev hududlarga sarmoya jalb etishda oqsayotgan hokimlarni tanqid qildi. Bu haqda «Kazinform»ga tayanib "Xabar" nashri ma’lum qilmoqda.

    Davlat rahbari ta’kidladiki, Qozog‘iston xalqaro sarmoyalar bozorida o‘ta jiddiy raqobatga uchrayapti. Bu yoqda esa hududiy hokimiyatlar vakillari besamar ishlamoqda.

    «Shuyam ishmi?! O‘zlaring stolning tepasida o‘tirib olib, ularni (xorijlik investorlar — tahr.) ikki, uch metr nariga o‘tqazib qo‘yasizlar. Xuddiki o‘zingizni allaqanday knyazlardek tutyapsizlar. Xuddi investitsiyalar sizga emas, ularga kerakdek», — dedi prezident.

    Toqayev hokimlarga katta rahbar o‘yinini bas qilib, yaxshisi, sarmoyalarni jalb qilish bo‘yicha kerakli adabiyotlarni topib o‘qishni maslahat berdi. Masalan, Li Kuan Yuning Singapurga investitsiya jalb qilishga bag‘ishlangan «Uchinchi dunyodan birinchisiga» kitobini.

    «Li Kuan Yuning aytishicha, juda muvaffaqiyatli mamlakatning bosh vaziri bo‘la turib, u tinmay hali AQSh, hali boshqa mamlakatlarga zir qatnab sarmoyadorlarning ko‘nglini ovlagan. Siz ham shunday qiling, rahbar-rahbar o‘ynamay. Bu sizga yarashmaydi, to‘g‘risi. Ayniqsa, televizorda juda xunuk ko‘rinasizlar», — dedi Toqayev.

    Qozog‘iston rahbari hududlarga borgan chet ellik investorlarning arzini ham tilga oldi.

    «Viloyatlarga borganda xorijlik investorlar birinchi navbatda hukumat vakillarining allaqanday tushunib bo‘lmas talablari bilan to‘qnash kelishmoqda. Sizlarni ogohlantirdim. Hech qanday ko‘rsatgan xizmatlaringiz, tajribalaringizga qarab o‘tirmayman, jazo tayin», — dedi Qosim-Jomart Toqayev.

    » » Qosim-Jomart Toqayev hokimlarga: «Ko‘rsatgan xizmatinggayam, tajribanggayam qarab o‘tirmayman»