21:35 / 21.07.2019
4 341

Turkiyani sanksiyaga boshlayotgan mojaro. 500 mln dollar turadigan S-400 nima karomat ko‘rsatadi?

Turkiyani sanksiyaga boshlayotgan mojaro. 500 mln dollar turadigan S-400 nima karomat ko‘rsatadi?
Turkiya 2017 yilda Rossiyaning S-400 zenitli raketa kompleksini sotib olish borasida kelishuvga erishgandi. 2019 yil 12 iyuldan boshlab Rossiya Turkiyaga kelishilganidek 4 diviziya raketa kompleksini yetkazib berishni boshladi. Tomonlar 4 diviziya S-400 uchun 2,5 milliard dollarga kelishishgan. Shartnomaga ko‘ra Turkiya pulning bir qismini o‘zi to‘laydi, qolgan qismi esa ruslar krediti hisobiga qoplanadi. Lekin havo hujumidan himoyalanish uchun mo‘ljallangan bunday turdagi raketa kompleksini sotib olgani Turkiyaga qimmatga tushishi mumkin.

– Mening raketamni otasan.
– Yo‘q, menikini otadi...


Foto: Reuters
Gap shundaki, Turkiya Rossiyaning bu raketa komplekslarini sotib olayotgani uchun AQSh sanksiyalariga uchrashi mumkin. AQSh prezidenti Donald Tramp Turkiyani shu haqda ogohlantirdi.

Oldinroq Tramp S-400 uchun Turkiyaga nisbatan sanksiya qo‘llanmasligini aytgandi, ammo prezident endi sanksiyalar qo‘llanishi mumkinligini istisno qilmayapti. AQSh Turkiya ajralmas a’zolaridan biri hisoblangan NATOning norasmiy xo‘jayini sifatida turklardan faqat Amerika ishlab chiqargan qurollarni ishlatishni talab qilmoqda. «Ruslardan raketa kompleksini sotib olib nima qilasizlar, mana bizda «Patriot» bor-ku?», deya iddao qilmoqda AQSh tomoni.

Xullas, hamma gap Turkiya kimning qurolidan foydalanishida.

AQSh nega xavotirga tushmoqda?

Turk harbiylari Rossiya ishlab chiqaradigan S-400 majmuasini havo hujumidan himoyalanish uchun eng yaxshi vosita deb hisoblamoqda. AQSh harbiylari ham bizning raketa kompleksimiz yaxshiroq demayapti, ularning xavotiri sababi boshqa. Gap shundaki, AQShning F-35 qiruvchi samolyotlarini ishlab chiqaradigan davlatlar orasida Turkiya ham bor. AQSh tomoni agar turklar Rossiyaning S-400 raketa kompleksidan foydalanadigan bo‘lsa, bu ruslar AQSh qiruvchi samolyotlarini kuzatishiga sharoit yaratib berishidan xavotirda. Ya’ni, AQSh Rossiya S-400 shunchaki o‘zini yuborishiga ishonmayapti va katta ehtimol bilan okean ortidagilar Rossiya bu savdodan nafaqat pul ishlashini, balki asosiy harbiy raqobatchisining eng zo‘r qiruvchilarini kuzatish uchun dars oladi deb o‘ylashmoqda.

AQSh xavotiriga sabab bo‘layotgan yana bir jihat shuki, dunyoning ikki eng ko‘p aholiga ega bo‘lgan davlati havo hujumidan himoyalanishda aynan S-400 xizmatidan foydalanishga qaror qilgan. Rossiya dunyoning iqtisodiy derjavasi hisoblangan Xitoyga allaqachon S-400 yetkazib bergan. Hindiston ham aynan shu turdagi raketa kompleksini sotib olishga kelishgan va bu savdo tez orada amalga oshiriladi. Harbiy injenering borasida dunyoda yetakchilardan hisoblangan Xitoy va Hindistonning havo hujumidan himoyalanishda Rossiya qurolini afzal bilgani AQShning jahlini chiqargani tabiiy. Endi bu ikki yirik davlat safida NATO a’zosi Turkiya ham bo‘lishi okean ortidagi sarosimani yanada kuchaytiradi.

AQSh 2017 yildayoq Turkiyani S-400 qurolini sotib olishdan qaytargan va bu uskunalar sotib olinsa, Turkiya F-35 ishlab chiqaruvchilar qatoridan chiqarilishini aytib «tahdid qilgandi». Turklar esa AQSh qiruvchilarini ishlab chiqaruvchi davlatlar qatoridan chiqishni qo‘rqinchlimas, deb hisoblashmoqda.

«Biz F-35 ishlab chiqaruvchilar qatoridan rasman chiqishimizni kutyapmiz, ungacha olgan buyurtmalarimizni yetkazib beramiz. Boshlanishida korxonalar zarar ko‘rishi mumkin, ammo bu kelishuvdan chiqsak, Turkiya harbiy ishlab chiqarishi yanada kuchayadi», deydi Turkiya harbiy ishlab chiqarish sekretariati raisi Ismoil Demir.

Janob Demir Turkiya faqat o‘z ehtiyojiga ko‘ra qurol-yaroq sotib olishini aytmoqda. Shu o‘rinda aniqlik kiritish kerak, Turkiya AQShning F-35 rusumli samolyotlari uchun detallar ishlab chiqaradi va bu detallar faqat Turkiyada ishlab chiqarilishi aytiladi.

Turkiya AQShdan 100ta F-35 qiruvchi samolyotini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgandi, ammo AQSh S-400 mojarosi sabab hamon bu samolyotlarni Turkiyaga yetkazib bermagan. Turkiya bunday turdagi samolyotlarni nafaqat ishlatish uchun, balki o‘zining yangi 5-avlod qiruvchi samolyotini yaratish uchun sotib olmoqchi. Turkiya bu borada allaqachon harakatlarni boshlab yuborgan va britaniyalik olimlar bunday turdagi samolyot loyihasida ishlashni boshlashgan. F-35 kabi tayyor samolyotlar bo‘lishi esa sinovlarni yanada tezlashtiradi.

F-35 AQShning eng zo‘r qiruvchi samolyoti hisoblanmaydi, u shunchaki eksportga chiqarilgan eng zo‘r qiruvchi. AQShning 5-avlod bombardimonchisi F-22 faqat AQShning o‘z operatsiyalari uchun ishlatiladi va ular hech qachon eksportga chiqarilmaydi. Turkiya esa xuddi shunday bombardimonchi samolyot yasashni maqsad qilgan.

Turkiya nega S-400`ni sotib olmoqda?

EPA-EFE / Turkiya Mudofaa vazirligi
2013 yilda AQSh Suriya tomonidan xavf pafdo bo‘lgach, Turkiyaga havo hujumidan himoyalanish uchun mo‘ljallangan «Patriot» raketa komplekslarini o‘rnatgan, lekin 2015 yilda bu komplekslar olib chiqib ketilgan. Bunga sabab qilib Suriyadan xavf pasaygani keltirilgan. Shunda Turkiya AQShdan o‘zining shaxsiy raketa kompleksini yaratish uchun «Patriot» dasturlarini so‘raydi va turgan gapki amerikaliklar bu taklifni rad etishadi. Keyin havo hujumidan himoya uchun zarur qurollarsiz qolgan Turkiya Rossiyadan C-400 sotib olishga qaror qiladi. Axir mamlakat o‘z havo hududini himoyasiz qoldira olmaydi-ku?

EPA-EFE / Turkiya Mudofaa vazirligi
Erdo‘g‘an Rossiyadan S-400 raketa kompleksi sotib olinishini Turkiya uchun tarixiy voqea deb atadi. Turkiya tomoni mamlakat havo hududida xavf sezilarli darajada oshgani bois Rossiyadan raketa kompleksini sotib olishga qaror qilganini aytmoqda. Shuningdek, turk harbiylarining fikricha, AQSh Turkiyani F-35 ishlab chiqaruvchi davlatlar qatoridan chiqarishi NATOning kuchsizlanishiga olib keladi.

Bu hali hammasi emas
AQSh Turkiya asosiy raqibi Rossiyadan S-400 sotib olayotgani uchun darg‘azab bo‘layotgan bir vaqtda turklar yanayam shov-shuvli shartnoma borasida muzokara o‘tkazishmoqda. Turkiya Rossiyadan Su-35 qiruvchi samolyotlarini sotib olish haqida o‘ylamoqda. Rossiyaning eng zamonaviy qiruvchisi turk armiyasida AQShning F-35 qiruvchilari o‘rnini egallashi mumkin. Hozircha bu kelishuv haqida rasmiy ma’lumot yo‘q, ammo u amalga oshsa, Turkiya naq NATOdan chiqib ketishdek xavf ostonasiga kelib qoladi. Chunki o‘zining qiruvchi samolyoti ishlab chiqariladigan mamlakat osmonida Rossiya bombardimonchi samolyotlari parvoz qilishini AQSh hazm qila olmasa kerak. Darvoqe, AQSh turkiyalik uchuvchilarni F-35`ning yangi modellarini sinovdan o‘tkazadigan uchuvchilar qatoridan chiqarib bo‘lgan.

Sanksiyalar davlat to‘ntarishiga urinishning 3 yilligi munosabati bilan o‘tgan haftada e’lon qilinmagan
Bloomberg nashri AQSh hukumatidagi manbalariga asoslanib xabar berishicha, prezident maslahatchilari Turkiyaga qarshi qo‘llanadigan sanksiyalar paketini tanlab bo‘lgan. Ularga uch xil turdagi sanksiyalar taqdim etilgan va maslahatchilar qaysi sanksiyalar kiritilishini belgilab olishgan. Bloomberg`ning yozishicha, Turkiya 12 iyulda Rossiyadan S-400`ning birinchi qismini qabul qilishi bilan AQSh sanksiyalarni qabul qilib bo‘lgan va ular 15 iyul kuni e’lon qilinishi kutilgandi.

Ammo 15 iyul Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish bartaraf etilganining 3 yilligi nishonlangani munosabati bilan bayram bo‘layotgandi. AQSh sanksiyalar aynan Turkiyadagi birdamlik kuniga aylangan 15 iyulda e’lon qilinsa, 2016 yilgi isyonni qo‘llagandek ko‘rinib qolishidan cho‘chib, sanksiyalarni e’lon qilishni keyinroqqa qoldirgan. Chunki Turkiya isyonning tashkilotchisi AQShda istiqomat qilayotgan Fathulloh Gulen ekanini aytib keladi.

C-400 Turkiya samolyotlarini ham urib tushirishi mumkin

Foto: Public domain/ US Air Force photo/ R.Nial Bradshaw
Turkiya havo hujumidan himoyalanish uchun S-400 sotib olishida eng asosiy muammo uning dasturi bilan bog‘liq. Masalan, S-400 AQSh ishlab chiqaradigan F-35 qiruvchi samolyotlarini «begona» deb biladi. Axir Rossiyada ishlab chiqarilgan raketa eng birinchi navbatda AQSh samolyotlarini nishonga olishga moslashgan-da. Turkiya esa aynan F-35`dan foydalanadi. O‘z-o‘zidan savollar tug‘iladi. Turkiya NATOga Rossiya raketa qurilmalari imkoniyatlari qandayligi borasida ma’lumot beradimi yoki Rossiyaga NATO samolyotlarining oshkor qilinmagan ma’lumotlarinimi? Har ikki holat ham xoinlik hisoblanadi. Bu borada esa aniq ma’lumot olinmagan, ammo olimlar chorasini qilishgandir. Axir 2,5 milliard dollarga sotib olingan qurilma turk samolyotlarini urib tushirmasa kerak.

Turkiya ham javob sanksiyalarini kiritadimi?
AQShning Turkiyaga sanksiya kiritishi yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi aniq. O‘tgan yili Turkiya amerikalik ruhoniy Endryu Bransonni davlat to‘ntarishiga urinishga aloqador deb qo‘lga olgani ortidan AQSh Turkiyaga nisbatan sanksiya qo‘llagandi. Oqibatda turk lirasi bir kechaning o‘zida 1,6 foizga qadrsizlanib, minimum qiymatga tushib ketgandi. Shu bois, Turkiya AQSh sanksiya kiritsa kiritaversin deb keta olmaydi. Mamlakat iqtisodiyoti bevosita AQSh bilan aloqalarga ham bog‘liq. Masalan, 2019 yil may oyida tomonlar Turkiya hamda AQSh o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 75 milliard dollarga yetkazishga harakat qilinayotganini ma’lum qilgandi.

Agar AQSh Turkiyaga qarshi sanksiyalar kiritsa, turklar ham qarab turmasligi aniq. Masalan, Turkiya tomoni AQShga nisbatan bir qator harbiy sohadagi sanksiyalar qo‘llashi mumkin. AQShning Yaqin Sharqdagi eng yirik harbiy bazasi Injirlik yopib qo‘yilishi ehtimoli yo‘q emas. Yoki bo‘lmasa, AQSh harbiy kemalari uchun yirik Aksaz bandargohini yopib qo‘yishi mumkin.

Turk nashrlarida yozilishicha, AQSh allaqachon shartnoma imzolab bo‘lingan F-35 bo‘yicha kelishuvdan chiqmoqdami, u holda Turkiya ham 1 milliard dollarga kelishilgan «Boing» samolyotlarini sotib olmasligi mumkin (bu shartnoma imzolanishida Erdo‘g‘an ham qatnashgandi). Yana bir sanksiya AQSh diplomatlariga nisbatan qo‘llanishi mumkin. Ammo «G20» yig‘ilishida Tramp bilan uchrashgan Erdo‘g‘an AQSh S-400 uchun Turkiyaga sanksiya qo‘llamasligiga ishonchi komil ekanini aytgandi.

S-400 nima o‘zi?
Butun boshli mamlakatlar orasiga sovuqchilik solayotgan S-400 qanday uskuna o‘zi? 2007 yilda kashf qilingan bu raketa kompleksining eksport varianti «Triumf» deb ataladi (ha, raketalarda ham mahalliy va eksport uchun alohida nomlari bor, xuddi Chevrolet yoki Ravon degandek). U bir vaqtning o‘zida 80ta uchuvchi ob’ektni aniqlab, yo‘q qila oladi. Uning radarlari 600 km atrofidagi uchuvchi texnikani aniqlash imkoniga ega. S-400 har qanday turdagi samolyotlarni 400 kilometrdan turib urib tushira oladi. Ballistik raketalarni esa 60 kilometr masofadan yo‘q qilishi mumkin. S-400 5 metr balandlikdagi samolyotni ham urib tushirishi mumkin, taqqoslash uchun «Patriot» 100 metrdan pastdagi samolyotni nishonga ololmaydi.

S-400 4ta qismdan iborat. Birinchi qism radar deb ataladi va yuqorida aytilganidek 600 km atrofidagi har qanday uchuvchi vositani aniqlaydi. Ikkinchi qism boshqaruv bo‘limi. Uchinchi qismda uchar buyum nishonga olinadi va to‘rtinchi bo‘linmadan zarba beriladi.

Bunday raketa kompleksining bitta divizioni 500 million AQSh dollariga baholangan.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turkiyani sanksiyaga boshlayotgan mojaro. 500 mln dollar turadigan S-400 nima karomat ko‘rsatadi?