08:50 / 24.07.2019
3 621

Kipr kimniki? Turkiya yarim asrlik ziddiyatga barham berish yo‘lini taklif etdi

Kipr kimniki? Turkiya yarim asrlik ziddiyatga barham berish yo‘lini taklif etdi
Foto: «Tourdom.ru»
Kipr – O‘rtayer dengizida, g‘oyat qulay strategik hududda joylashgan orol. So‘nggi 50 yilda orol dolg‘ada qolgan kema kabi turfa ziddiyatlarga ro‘baro‘ bo‘ldi. Yarim asrki, BMT shafeligida ikki davlatga bo‘linib ketgan hududni birlashtirish yo‘lida sa’y-harakatlar davom etmoqda. Ammo hozircha murod hosil bo‘lgani yo‘q.

Ayya-Napa
Isyon, iste’fo va islohot
Avval-boshda ziddiyat tarixi xususida ikki og‘iz. Kipr (Qibris) oroli XVI-XIX asrlarda Usmoniylar davlati qalamravida bo‘lgan. Turk saltanati zaiflashuvidan unumli foydalangan ingliz imperiyasi XX asr birinchi choragida orolni o‘z tarkibiga qo‘shib oladi. To‘rt yil davom etgan ozodlik kurashidan keyin 1960 yilda Kipr mustaqil respublika deb e’lon qilingan. Mustaqil davlat tuzilishi arafasida, 1959 yili Turkiya, Buyuk Britaniya va Gretsiya o‘rtasida orol taqdiri yuzasidan bitim imzolangan. Mazkur uch davlat turklar va greklarning teng huquqliligiga asoslangan Kipr respublikasi ta’sis etilishiga kafolatchi bo‘lgan.

Bu qarangki, yangi tashkil topgan davlat mo‘rt va omonat bo‘lib chiqdi. Oroldagi ikki etnik jamoa – turklar va greklar o‘rtasidagi dahanaki tortishuvlar avj oldi. Bu orada turklar bosim ostida hokimiyatdan chetlashtirildi. 1974 yil 15 iyulda esa Gretsiyadagi harbiy xunta qo‘llab-quvvatlashi bilan Kiprda davlat to‘ntarishi amalga oshirildi. Isyonchilar prezident Makariosni majburiy tarzda iste’foga chiqardi. Davlat to‘ntarishi boshida turgan «EOKA-B» yashirin tashkiloti Kiprni Gretsiyaga qo‘shish yuborish tarafdori edi.

Foto: sigmalive.com
O‘rmonga o‘t ketsa ho‘lu quruq baravar yonishi ma’lum. Davlat to‘ntarishi vaqti oroldagi turklar qirg‘in etilgani haqida xabarlar tarqaldi. 1959 yilgi shartnoma bo‘yicha turk jamoasi huquqlari himoyachisi sifatida Turkiya orolga harbiy bo‘linmalarini kiritib, qutqaruv operatsiyasi o‘tkazdi. Turklar orolning shimolidan, greklar esa janubidan panoh topdi. Shu tariqa orolda qo‘sh hokimiyat, ikki davlat paydo bo‘ldi. Ayni paytda orolning 60 foiz hududi Kipr respublikasi, 38 foiz esa Shimoliy Kipr turk respublikasi nazoratida.

Orolda yagona davlat ta’sis etish borasida BMT Bosh kotibi (1997-2006) Kofi Annan taklif etgan tashabbus diqqatga sazovordir. «Annan rejasi»da yagona davlat va ikki muxtor hudud tashkil etilishi, markaziy hokimiyat esa greklar va turklar tomonidan navbat bilan idora qilinishi ko‘zda tutilgan. 2004 yil aprelda orolda bu bo‘yicha referendum o‘tkazildi. Shimoliy Kipr turk respublikasining 65 foiz aholisi yagona davlat g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi, janubda yashovchi 75 foiz aholi (greklar) esa «Annan rejasi»ni rad etdi.

Foto: Yeni Akit
2017 yili Shveysariyada BMT shafeligida o‘tkazilgan muzokaralar ham natija bermadi...

Kemaga tushganning joni bir
Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li yaqinda «Kipr pochtasi» nashrida e’lon qilgan maqolasida ziddiyatga barham berish yo‘lini taklif qildi. Qayd etilishicha, ziddiyat teng huquqli hamkorlik tamoyili asosida hal etilishi mumkin.

Rasmiy Anqaraga ko‘ra, muzokaralarning muvaffaqiyatsizlikka uchrayotgani asosiy sababi – Kiprning grek jamoasi kiprlik turklar bilan hokimiyatni bo‘lishishni istamayapti, ular o‘zini orolning yagona xo‘jayini kabi tutmoqda.

«Muzokaralarni qayta boshlash uchun shartlar, yondashuvlar va yo‘nalishlarni aniq belgilab olish lozim. So‘nggi o‘n yilliklar davomida ikki hududli, ikki jamoali federatsiya tashkil etish yo‘lidagi muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirdi», – deydi M.Chovusho‘g‘li.

Turkiya tashqi siyosat mahkamasi rahbariga ko‘ra, ziddiyatni bartaraf etish yo‘li bitta: kiprlik turklarga siyosiy tenglik berish, ularni orol taqdiriga daxldor muhim qarorlarni qabul qilishga jalb etish, ularning xavfsizligini kafolatlash lozim.

Sharqiy O‘rtayer dengizi havzasidagi tabiiy boyliklar taqsimoti ham hayot-mamot masalasiga aylanmoqda. Shimoliy Kipr turk respublikasi ma’muriyati Kipr respublikasi rahbariyatini tabiiy boyliklarni baham ko‘rmayotganlikda ayblab keladi. Rasmiy Anqara ham umumiy boylik sanalgan tabiiy resurslardan ikki tomon birgalikda foydalanishi lozimligini talab qilmoqda.

«Biz Sharqiy O‘rtayer dengizida tinchlik va barqarorlik hukm surishi tarafdorimiz. O‘rtayer dengizida eng uzun sohil sarhadini nazorat qilayotgan Turkiya tarix va geosiyosat nuqtai nazaridan mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda hal qiluvchi o‘rin tutadi. Bu jihatdan, Turkiyani istisno etgan holda hamkorlik va sheriklik yo‘llarini qidirish muvaffaqiyatsizlikka yuz tutishi muqarrar», – deydi Turkiya tashqi ishlar vaziri.

Foto: 112.ua
Kiprdagi tinchlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha harbiy operatsiyalarga 45 yil to‘lishi munosabati bilan 20 iyul kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ham bayonot berdi. Bayonotda Kiprda yashovchi turklar umumturk millatining ajralmas qismi ekani, ular huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘lida sa’y-harakatlar davom etajagi ta’kidlangan.

...Maqola avvalida Kipr orolini dolg‘ada qolgan kemaga o‘xshatgan edik. «Siyosat ummoni»da kuchayib borayotgan dovullar turklar va greklar bir yoqadan bosh chiqarib, yaxlit davlat tuzish yo‘lida jiddu jahd qilishini talab etmoqda. Zero, kemaga tushganning joni bir, dovulda omon qolishning boshqa yo‘li ham yo‘q.
Sobir Salim

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kipr kimniki? Turkiya yarim asrlik ziddiyatga barham berish yo‘lini taklif etdi