Dubay amiri va malika Haya ajrashadi – bu haqda rasman e’lon qilindi

  • 26 iyul 2019, 09:35
  • 997
  • Dunyo
  • Dubay amiri va malika Haya ajrashadi – bu haqda rasman e’lon qilindi
    Dubay amiri Muhammad ibn Rashid Ol-Maktum va Iordaniya malikasi Haya bint Ol-Husayn rasman ajrashayotganlarini e’lon qilishdi. StarHit portalining yozishicha, Londonda bo‘lib o‘tadigan ajrashish jarayonida mol-mulk emas, farzandlar kim bilan qolishi masalasi hal etiladi.

    Xabar qilinishicha, London sudidagi ilk eshituvlar iyul oyi oxirida bo‘lib o‘tadi. Ajrashish to‘g‘risidagi arizalar allaqachon sudga topshirilgan.

    «Bu eshituvlar bolalarning keyingi taqdiri, ularning farovonligiga doir bo‘ladi, moliyaga tegishli bo‘lmaydi», — deyiladi hujjatda.

    Ta’kidlanishicha, qochib ketgan malika manfaatlarini advokat Fiona Sheklton himoya qiladi. U malika Diana va shahzoda Charlzning ajrashish jarayonida ishtirok etgan. Dubay amiri Muhammad ibn Rashid Ol-Maktum esa, o‘z navbatida yurist Elen Uordni yollagan bo‘lib, u qo‘shiqchi Madonnaning rejissyor Gay Richi bilan ajrashishida pop yulduziga yordam bergan.

    Eslatib o‘tamiz, shu yilning yoz mavsumi boshida Haya Ol-Husayn turmush o‘rtog‘idan Britaniya poytaxtiga qochib ketgan va boshpana so‘ragan edi. Dastavval, malika o‘zi bilan 40 mln dollar hamda Amir bilan farzandlari — 11 yoshli Al-Jalila hamda 7 yoshli Zaydni olib ketgani xabar qilindi.

    Iordaniyaning marhum podshohi Husayn ibn Talalning qizi, Iordaniyaning hozirgi podshohi Abdulloh II singlisi, 45 yoshli malika Haya Dubay amiri Muhammad ibn Rashid Ol-Maktumga 2004 yilda turmushga chiqqan edi. U shayxning oltinchi va kenja rafiqasi bo‘ldi. Amirning barcha xotinlaridan 23 nafar farzandi bor.

    » » Dubay amiri va malika Haya ajrashadi – bu haqda rasman e’lon qilindi