16:30 / 26.07.2019
2 956

Alvido, Yevroittifoq! Boris Jonson bosh vazir sifatidagi ilk nutqida nimalar haqida gapirdi?

Alvido, Yevroittifoq! Boris Jonson bosh vazir sifatidagi ilk nutqida nimalar haqida gapirdi?
Ingliz davlatida shakllangan udumga ko‘ra, qirolicha Yelizaveta II o‘z saroyida iqtidordagi partiya yetakchisi sifatida bosh vazir vakolatini qo‘lga kiritgan Boris Jonsonni qabul qildi va undan yangi hukumatni shakllantirishni so‘radi. Qirolicha bilan uchrashuvdan keyin Boris Jonson Buyuk Britaniya bosh vaziri o‘laroq ilk bor jamoatchilikka murojaat qildi.

Yangi hukumat rahbari, avvalo, ko‘pchilikni qiziqtirgan mavzu – Birlashgan Qirollikning Yevropa Ittifoqidan chiqishi («breksit») masalasiga oydinlik kiritdi.

«Bugun sizning qarshingizda (Britaniyaning Yevroittifoqdan chiqishi) tanqidchilari yanglishayotganini aytmoq uchun turibman. Britaniyaga qarshi dov tikkanlar so‘nggi chaqalaridan ham ayrilishiga shubham yo‘q», – dedi Boris Jonson.

Yangi bosh vazir qirollikning joriy yil 31 oktyabrga qadar YeIni tark etishiga ishonchi komil ekanini ta’kidladi.

«Biz parlamentning xalqqa bergan va’dasini bajarib, YeIdan «agar» va «biroq»larsiz 31 oktyabrga qadar chiqishga harakat qilamiz. Bu masalani 99 kundan keyin hal etishimizga zarracha gumonim yo‘q. 99 kun o‘tishini kutib o‘tirmaymiz. Britaniyaliklar shundoq ham mahtal bo‘lib qoldi. Kuchli rahbariyat yo‘rig‘i asosida harakat qilish vaqti keldi», – deya qat’iy pozitsiyasini bildirdi u.

Xo‘sh, Buyuk Britaniya YeIdan qay shart, qay tartibda chiqadi?

Rasmiy London Ittifoqni tark etish arafasida Bryussel bilan maqbul bitimga kela oladimi? Mazkur savollar ko‘pdan buyon jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama etilmoqda.

2016 yil 13 iyuldan ingliz hukumati tepasiga kelgan Tereza Mey tomonidan erishilgan bitim parlamentda uch bora rad etildi. «Ikkinchi Tetcher» deb atalgan Mey xonimning muddatdan avval iste’fosiga ham bitim borasidagi muvaffaqiyatsizlik sabab bo‘ldi.

Aslida, Buyuk Britaniya joriy yil 29 martda Yevroittifoqni tark etishi rejalashtirilgan edi. Ammo ushbu muddatda tomonlar bir to‘xtamga kela olmadi. Aprel oyida esa YeIga a’zo mamlakatlar rahbarlari rasmiy Londonga 31 oktyabrga qadar muddat berdi.

Boris Jonson YeI bilan «breksit» borasida bitimga erishishga harakat qilishi, agar buning uddasidan chiqmasa, bitimsiz ham Ittifoqni tark etishga tayyorligini aytdi.

«Biz «breksit» jarayonini jadallashtirishga xizmat qiluvchi yangi, maqbul bitim imzolaymiz. Ayni choqda, ushbu bitim Yevropa bilan bundan-da manfaatli hamkorlik eshiklarini ochadi. Robitalar erkin savdo va o‘zaro yordam zamirida barpo etiladi», – dedi u.

Yangi bosh vazirga ko‘ra, Tereza Mey davrida YeI bilan erishilgan bitim ingliz xalqi manfaatiga ziddir va u qayta ko‘rib chiqilishi shart.

Avvaldan aytish joizki, Yevroittifoq bilan yangi bitim bo‘yicha muzokaralar xamirdan qil sug‘urgandek oson kechmasligi aniq. Negaki, Bryussel Tereza Mey davrida erishilgan bitimga sodiq qolishi va kelishuv shartlarini qayta muhokama etish niyatida emasligini ochiq-oshkora ma’lum qilgan.

Boris Jonson o‘z nutqida ichki xavfsizlikni ta’minlash, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minotni yaxshilash, ilm-fanni rivojlantirish borasidagi vazifalarga ham to‘xtalgan.

Konservatorlar yetakchisi mamlakat demokratik qadriyatlarga sodiq qolajagini alohida ta’kidlagan. Ayni choqda, Birlashgan Qirollikning jahon hamjamiyatidagi tarixiy o‘rnini mustahkamlashga so‘z bergan.

Eslatib o‘tamiz, Boris Jonson 23 iyul kuni iqtidordagi konservatorlar partiyasi rahbari sifatida bosh vazir lavozimini egalladi. Partiya ichki saylovida u raqibi – mamlakat tashqi ishlar vaziri Jeremi Hantni dog‘da qoldirdi. Boris Jonson siyosiy karerasi davomida London meri, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Sobir Salim

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Alvido, Yevroittifoq! Boris Jonson bosh vazir sifatidagi ilk nutqida nimalar haqida gapirdi?