Kamsitishlar o‘lkasi — AQSh Xitoyga qarshi qanday kurashmoqchi?

  • 27 iyul 2019, 00:15
  • 1 170
  • Dunyo
  • Kamsitishlar o‘lkasi — AQSh Xitoyga qarshi qanday kurashmoqchi?
    Foto: Getty Images
    Mehnat lagerlari, «qayta tarbiyalash», repressiya va mutlaq nazorat ostidagi hayot — ko‘plab huquqshunoslarning ta’kidlashicha, Xitoydagi musulmon-uyg‘urlar hayoti aynan shunday ko‘rinish kasb etgan. Aynan jabrdiyda uyg‘urlar taqdiri AQSh va Xitoy o‘rtasidagi «sovuq urush»ning yangi raundiga sabab bo‘ldi. Hozircha Oq uy sanksiyalar bilan tahdid solmoqda. Bir vaqtlar sobiq ittifoq ham shu tahlit tanazzul sari yuzlangan edi. AQSh yana shunday harakatni amalga oshirmoqchimi? Keling, shu savolga javob qidirib ko‘ramiz.

    Qoralagan G‘arb va oqlagan Sharq
    «Butun hudud ulkan konslagerga o‘xshaydi va unda millionlab uyg‘urlar tutqunda saqlanmoqda. Ular o‘z dinidan voz kechishga, xitoy tilini o‘rganishga va xitoycha dunyoqarashni o‘zlashtirishga majburlanmoqda. Pekin 11 million aholining diniy e’tiqodi va tarbiyasini o‘zgartirishga intilyapti. Bu bilan o‘zligini unutgan va kommunistik partiyaga sadoqatli odamlarni yetishtirishni maqsad qilgan», — deyiladi g‘arb matbuoti tomonidan tarqatilayotgan xabarlarda. Agar ilgari jahon hamjamiyati shunchaki norozilik bildirgan bo‘lsa, oxir-oqibat BMT inson huquqlari kengashida Xitoy masalasi ovoz qo‘yishga qadar borildi.

    Ammo G‘arb Xitoyni qoralab chiqdi, Sharq esa oqladi. BMT kengashida 36 mamlakat Xitoyning tarafini oldi. Ular orasida Rossiya, Saudiya Arabistoni va KXDR qatori Tojikiston va Belarus ham bor edi. Bu davlatlar bergan bayonotga ko‘ra Xitoy Uyg‘uristonda inson huquqlari poymol etilayotgani haqidagi ayblovlarni inkor etish imkoniga ega. Natijada Xitoy G‘arbning ayblovlariga oson chap berishning uddasidan chiqdi, chunki uni qo‘llayotgan davlatlar soni ko‘proq edi. Agar 22 mamlakat Xitoyni ayblab chiqqan bo‘lsa, 36 davlat qo‘llab-quvvatladi. Ammo bu bilan mamlakat tashqi ishlar vazirligi jiddiy yutuqqa ega bo‘lgani yo‘q. AQSh allaqachon yangi sanksiyalar urushiga tayyorgarlik ko‘rishni boshlab yuborgan edi.

    Bu urush alomatlari allaqachon ko‘zga tashlanib qolgandi — 27 iyunda AQShning 7 senator-demokrati Xitoyga qarshi sanksiyalarni kechiktirmaslik haqida Donald Trampga xat yo‘lladi. Xatda shunday yozilgan edi: «Bu sanksiyalar Shinjondagi uyg‘urlar uchun qurilgan «mehnat lagerlari»ga munosib javob bo‘lishi lozim». E’tiborli tomoni, xatni imzolaganlar orasida Elizabet Uorren, Berni Sarders va Kirsten Jillibrand ham bor. Bu senatorlar AQSh prezidentligiga da’vogarlik qilishi kutilmoqda. Ular Amerika qadriyatlariga sodiq qolgan holda Xitoydagi huquqbuzarliklar Amerikaning ma’naviy yetakchiligiga tahdid solishiga ishonadi. Demak, Xitoy bilan AQSh o‘rtasidagi munosabatlar yaqin orada yaxshilanishini kutishga hojat ham yo‘q.

    O‘xshamagan javob
    Shubhasiz senator-demokratlar ushbu xatni yozishda AQSh davlat departamenti tomonidan chop etilgan «Dunyodagi e’tiqod erkinligi to‘g‘risida doklad»ga asoslangan. Ushbu dokladda Xitoy hukumati inson huquqlarini poymol qilishda va Shinjonda musulmon-uyg‘urlarga nisbatan repressiyalar tashkil etishda ayblanadi. Boz ustiga davlat departamenti rahbari Pompeoning gaplari yonib turgan olovga moy sepgandek bo‘ldi. U Uyg‘uristondagi holatni «asr sharmandaligi», Xitoyni esa «inson huquqlari inqirozi hududi», deb atagan.

    Xitoy darhol bunga javob qaytardi, biroq u qadar muvaffaqiyatli emas. Ertasi kuni Shinjonda istiqomat qiladigan yuzlab olimlar va din xodimlari Pompeoning gaplari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi haqidagi murojaatga imzo qo‘yishdi. E’tiborli tomoni, ushbu xatning faqat oxirgi abzatsi xitoycha imzolar bilan e’lon qilingan. Unda Xitoyning ichki ishlariga aralashmaslik va Shinjon masalasiga «xolis yondoshish» talabi qo‘yilgan. Shu sababdan imzo qo‘yganlarga xat to‘lig‘icha emas, balki faqat shu abzats o‘qitilgani to‘g‘risida shubha paydo bo‘ladi.

    Ko‘chirish va sarmoya
    Shinjondagi vaziyat darhaqiqat ancha qaltis bo‘lib turibdi. Garchi ushbu hudud aholisi tarixan musulmonlar bo‘lib kelgan bo‘lsa ham, hukumat u yerga borgan sari ko‘proq xan-xitoylarini ko‘chirishga harakat qilmoqda. Bu borada Pekin ancha katta muvaffaqiyatga erishgan — provinsiya poytaxti Urumchida uyg‘ur millatiga mansublar allaqachon kamchilikni tashkil etadi.

    Shu bilan birga Xitoy Shinjon Uyg‘ur Avtonom tumaniga ancha katta sarmoya kiritayotganini tan olish kerak. Pekin asosan qishloq xo‘jaligi va foydali qazilma boyliklarini o‘zlashtirishga pul tikayotgani esa boshqa masala. Masalan, neft-gaz sohasi oxirgi yillarda ancha o‘sishga erishdi.

    Eski uslub — kerak bo‘lsa tarix ham o‘zgaradi
    Xitoy 20 iyulda Uyg‘uriston tarixiga oid kitob taqdimotini amalga oshirdi. «Oq kitob» deb ataluvchi g‘oyalar jamlanmasiga ko‘ra bu yerlar qadimdan Xitoy tamadduniga tegishli bo‘lgan. Islom dini va turkiy xalqlar esa chetdan kirib kelgani ta’kidlanadi. Xitoy qadimgi an’analar va kommunizm g‘oyalarini tarannum etgan holda yana bir bor tarixga o‘z g‘oyalarini tasdiqlab olish vositasi o‘laroq murojaat etgan.

    Oq kitobning asosiy tezislari:

    1. Shinjon Xitoyning ajralmas qismi hisoblanadi.
    2. Shinjon hech qachon Sharqiy Turkiston bo‘lmagan.
    3. Shinjon xalqi va madaniyati — xitoy millatining tarkibiy qismi.
    4. Islom uyg‘urlarning yagona va dastlabki dini emas.
    5. Islom Shinjonga Arab xalifatining ekspansiyasi o‘laroq kirib kelgan. Uyg‘urlar islomni ixtiyoran qabul qilmagan, balki «hukmron sinf» tomonidan kuch bilan, diniy urushlar orqali majburan singdirilgan.

    Ushbu kitob orqali Xitoy yana bir bor targ‘ibot mashinasining amaliyotini ko‘rsatib berdi.

    Harbiy militsiya, bronetransporterlar va ayg‘oqchi-smartfonlar
    Chin o‘lkasi uchun ShUAT hamon muammoli hudud bo‘lib qolmoqda. Chunki o‘lkada separatist kayfiyatdagi shaxslar ko‘plab topiladi. Mahalliy aholi oxirgi marta 2013 yilda norozilik bildirgan va 200 dan ortiq uyg‘urlar o‘ldirilgan edi. Shundan buyon Pekin nazoratni tobora kuchaytirib kelmoqda. Masalan, Urumchi shahridagi har bir katta ko‘chada harbiy militsiya va bronetransporterlar bo‘lishi odatiy holga aylangan.

    Shuningdek mahalliy aholining smartfonlarini tekshirish ham. Har bir uyg‘ur o‘z telefoniga maxsus ilovani o‘rnatishi shart. Ushbu ilova «xavfli» faylni topgani hamono politsiyaga telefon egasi haqida xabar jo‘natadi.

    Shinjondagi «mehnat lagerlari» haqida ilk bor 2017 yilning aprelida xabarlar paydo bo‘lgan edi. Ayni vaqtda bu lagerlarda 800 mingdan 2 milliongacha odamlar ushlab turilibdi. Rasmiy Pekin kichik huquqbuzarliklar sodir etgan odamlar bu lagerlarda «qayta tarbiyalanishi» shart deb hisoblaydi. Amerika esa bu lagerlar haqida mutlaqo boshqacha fikrda.

    Ikki qutb
    Aslida AQSh 70-yillarda sobiq ittifoqqa qarshi olib borgan kurashida ham aynan inson huquqlari masalasini birinchi o‘ringa qo‘ygan edi. Prezident Jimmi Karter ma’muriyati SSSRda inson huquqlari qay tariqa buzilayotgani haqida xabarlar tarqatgan va qizil imperiyaning obro‘yini to‘kish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni amalga oshirgandi. Hozir ham shunga o‘xshash holat yuzaga kelmoqda.

    Xitoy hukumati sanksiyalar haqidagi xabarlarni yaxshi qabul qilmasligi turgan gap. Umuman, Pekin Uyg‘uriston haqidagi xabarlarni juda og‘riqli qabul qiladi. AQSh esa aynan shunday xabarlar orqali uni obro‘sizlantirishga urinadi. Bunday vaqtda Xitoy ko‘proq Rossiya bilan yaqinlashishga harakat qilishi kutilmoqda. Agarda voqealar jarayoni shu tahlit davom etsa, yana bir vaqtlardagidek dunyo siyosiy olamida ikki qutb yuzaga kelishi turgan gap. Agar allaqachon yuzaga kelgan bo‘lmasa...

    Manba: Xabar.uz

    » » Kamsitishlar o‘lkasi — AQSh Xitoyga qarshi qanday kurashmoqchi?