23:50 / 30.07.2019
2 868

«Qafasdagi yo‘lbarslar». Janubiy Koreya va Yaponiya savdo urushini boshladi

«Qafasdagi yo‘lbarslar». Janubiy Koreya va Yaponiya savdo urushini boshladi
«Osiyo to‘rt yo‘lbarsi» dan biri — Janubiy Koreya kunchiqar mamlakat bilan savdo urushi ko‘chasiga kirib bormoqda. Yaponiya va Janubiy Koreya AQShning mintaqadagi yaqin hamkorlari, anti-Xitoy siyosatida yetakchi davlatlar hisoblansa-da, ular o‘zaro hisobni joyiga qo‘ymoqchi.

Eksportga taqiq qo‘yildi
Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe 3 turdagi kimyoviy komponentlarni Janubiy Koreyaga eksport qilinishiga cheklov qo‘ydi. Cheklov rasman 4 avgust kuni kuchga kiradi. Bundan tashqari, Janubiy Koreya yaponlarning yuqori texnologik ishlanmalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri import qilish huquqini beruvchi ro‘yxatdan chiqarib tashlandi.

Bularning barchasiga Yaponiya hukumat shubhasi, ya’ni koreyslar ikkilamchi tovar sifatida yapon yuqori texnologik ishlanmalarini Xitoyga sotayotgani sabab bo‘ldi. Kuzatuvlar boshqa kartinani ham taqdim etadi, aslida Abening qarori o‘zaro hisob-kitobga oid bo‘lishi mumkin.

Gap shundaki, Janubiy Koreya sudi o‘tgan yili noyabrda yaponlarning Nihon Steel, Fujikoshi Coporation Mitsui va Havy Industries kabi yirik kompaniyalarda Ikkinchi jahon urushi davri koreyslar mehnatga majburlaganini inobatga olib, Janubiy Koreya xalqiga kompensatsiya to‘lanishi zarurligini hukmda bildirgandi. Sud yapon kompaniyalarining Koreyadagi aktivlarini garov sifatida muzlatib qo‘ygandi. Ayni paytda 3ta kompaniya aktivlari sotuvga chiqarilishi oldidan Yaponiya hukumati shunday keskin choralar ko‘rmoqda.

Yaponiya rasmiy pozitsiyasiga ko‘ra, 1965 yili Janubiy Koreyaga urush davrida yetkazilgan ziyonni qoplash uchun 500 million dollar tovon to‘lagan, ammo pullar mamlakat iqtisodiyoti va infratuzilmaga yo‘naltirildi. Kompensatsiya talab qilayotgan aholi esa pulni Koreya hukumatidan talab qilishi kerak. Masalani hal etish uchun xalqaro arbitraj komissiyasi tuzilishi taklif etilgan, ammo Koreya tomoni buni rad etadi. Endilikda Yaponiya savdo urushi orqali hisob-kitobni o‘rniga qo‘ymoqchi.

Samsung zaxirasi ham tugaydi
Masalaning jiddiy tomoni shundaki, kimyoviy komponentlarni yetkazib berish muddati 3 oygacha cho‘zilishi mumkin. Shu tufayli yirik ishlab chiqaruvchilar zaxirada xom-ashyo saqlaydi, ammo ftorirallangan poliimid ishlab chiqarilishining 90 foizi Yaponiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu komponent moslashuvchan organik svetodiod displey ishlab chiqarish hamda yarim o‘tkazgichlar uchun rezist tayyorlashda kerak bo‘ladi. Yaponiya butun dunyoda mavjud 70 foiz rezistni ishlab chiqaradi. Shu tufayli Janubiy Koreya kimga murojaat qilmasin, iqtisod ziyon ko‘rishi tayin.

Ishlab chiqarilgan chiplar Janubiy Koreya eksportining chorak qismini tashkil qiladi. Xom-ashyo importining 30 foizga qisqarishi mamlakat YaIM 2,2 foizga tushiradi (35 milliard zarar paydo bo‘ladi).

«Albatta, bu — xavfli yo‘l. Yaponiya kabi qudratli davlat savdo cheklovini e’lon qilsa, natija narx o‘zgarishi, iqtisodiy sektorlar tushishiga olib keladi», — deydi AQSh prezidenti Jorj Bushning iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan Fil Levi.

Sud ishiga aralashmaydigan Seul chorasiz qolmoqda
Tokio bir necha marta diplomatik kanallar orqali sud qaroridan tashvishini bildirdi. Ammo Seul mustaqil sud hokimiyatiga ta’sir qila olmasligini bildirgandi. Qarorga ko‘ra, Yaponiya urush yillari mehnatga majburlangan har bir koreys fuqarosiga (marhumning farzandlari) 89 ming dollardan kompensatsiya berishi kerak.

Rasmiy Tokio savdodagi cheklovni Koreya sudi qarori bilan bog‘lamayapti. Ular kimyoviy komponentlar uchinchi davlat qo‘liga tushib, xavfli qurol ishlab chiqarishda foydalanishidan xavotirdaligini aytmoqda. Masala Janubiy Koreyaning reeksport amaliyotida.

O‘rtakash o‘rni hozircha vakant
Xitoy janubdagi Koreyani qo‘llab-quvvatlaydi. Pekin buni rasmiy notada bildirdi va Yaponiyani tinchlik uchun bo‘layotgan harakatlarni bo‘g‘ishda aybladi. Shunga qaramay, Yaponiya o‘tmishdagi dog‘ni tan olmay, Koreyaga savdo urushi e’lon qilganini baralla aytolmaydi. Bu Jahon savdo tashkiloti qoidalariga zid.

Vashington ikki davlat munosabatlari keskinlashgan bir nechta vaziyatda mediator bo‘lgan. Oxirgi marta 2015 yili Tokio va Seulni prezident Barak Obama kelishtirgandi. Hozirgi AQSh prezidenti ma’muriyati ayni muammoni hal etishga shoshilmayapti. Trampdan iltimos qilsa, u aralashuvga tayyorligini aytgan. Ammo Davlat kotibi o‘rinbosari Devid Sitvell masalaga e’tibor qaratmagan. Mintaqadagi AQSh siyosati aynan Sitvell bayonotidan keyin ravshan bo‘lishi kerak edi, u esa yanada jiddiy muammolar haqida bosh qotirish zarurligini ta’kidladi, xolos.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Qafasdagi yo‘lbarslar». Janubiy Koreya va Yaponiya savdo urushini boshladi