22:48 / 06.08.2019
2 825

Yulduzlarning yangi turi kashf etildi

Yulduzlarning yangi turi kashf etildi
Foto: Cambridge University
Astronomlar koinotda juda kichik va nihoyatda qaynoq mitti yulduzni aniqladi. U bir necha daqiqalik davriylik bilan miltillaydi; bu uning tashqi qatlamlari muvozanat saqlashga intilayotgani bilan bog‘liqdir. Olimlarning fikricha, bu — yulduzning umri poyoniga yetib borish jarayonida, tabiiy o‘limining to‘xtab qolishi natijasida yuzaga kelgan holat bo‘lib, bunday yulduzlar haqida hozirgacha ilm-fan biror narsa bilmas edi. Katta ehtimol bilan, bu yulduz — yulduzlarning avval fanga ma’lum bo‘lmagan yangi bir turi bo‘lishi mumkin. Har holda olimlar kashfiyot haqida so‘z ochib bo‘ldi.

Yangi kashf qilingan bunday turdagi yulduzlarni olimlar qaynoq submitti pulsator (hot subdwarf pulsators) deb atashga qaror qilgan. Katta ehtimol bilan, bunday yulduzlar yaqindagina, 2017 yilda kashf etilgan boshqa bir tur yulduzlar — yuqori amplitudali moviy pulsatorlarning qardoshi bo‘lsa kerak, degan taxmin mavjud. Xo‘sh, bu yulduzlar nimasi bilan qiziq?

Santa-Barbaradagi Kaliforniya universiteti, Nazariy fizika instituti olimi Tomas Kepferning tushuntirishicha, mazkur yulduzlarning qiziq va g‘alati jihati, avvalo ularning pulsatsiyasi chastotasi va kuchida ekan. Aslida, haqiqatan ham aksariyat yulduzlarda pulsatsiya mavjud. Bizga bilinmasa ham, yulduzimiz — Quyosh ham muayyan pulsga ega.

Astronomlar kuzatgan eng katta yorqinlik o‘zgarishi amplitudasiga ega yulduzlar odatda radial pulsatorlar bo‘ladi va ularda xuddi nafas olib-chiqarib turgandek, hajm kattalashib va kichrayib turadi. Quyoshning puls sikli qariyb 11 yil bo‘lib, bu vaqtda yulduzimizning yorqinligi atigi 0,1 foizga o‘zgaradi xolos. Shu sababli ham biz uni umuman sezmaymiz ham. Aynan shu tufayli Quyosh pulsator yulduz hisoblanmaydi.

Pulsatorlarning yorqinligi esa, hajmi va haroratiga bog‘liq ravishda, 10 foizgacha o‘zgarishi mumkin. Eng katta puls bilan o‘zgaruvchi yorqinlik qo‘shaloq yulduzlarda kuzatiladi. Bunda esa mantiq juda oddiy: unda ikkala yulduz, umumiy massalar markazi atrofida katta tezlik bilan aylanayotgan bo‘ladi. Qo‘shaloq yulduzlarning yorqinligi taxminan 5 foiz atrofida o‘zgarish bilan har 200—475 soniya orasida davriy puls namoyon qiladi.

Shu sababli ham yaqinda Zwicky Transient Facility jamoasi tomonidan kashf qilingan va g‘alati pulsatsiyaga ega bo‘lgan to‘rtta yangi yulduzning hech biri qo‘shaloq yulduz emasligi istisno qilingach, tahlillar natijasida astronomlar submittilarning mutlaqo yangi turini kashf etganini fahmlab qoldi. Ular B spektral sinfiga mansub mitti yulduzlardan bo‘lishi mumkin ekan.

Bu sinfga mansub submitti yulduzlar favqulodda qiziq ob’ektlardir. Ularning o‘lchami juda kichik bo‘lib, taxminan Quyosh hajmining 10 foizi atrofida bo‘ladi. Shunga qaramay, bu mitti yulduzlar juda katta zichlikka ega bo‘lib, ushbu kichik jussada Quyosh massasining 20 foizidan 50 foizigacha teng bo‘lgan miqdordagi massa jamlangan bo‘ladi. Boz ustiga, ulardagi harorat favqulodda baland bo‘lib, spektrning ko‘k qismiga mos keladi va 20000 Kdan 40000 Kgacha haroratga ega bo‘ladi.

Shu sababli bunday mittilar juda kuchli yorqinlikka ega bo‘ladi. Taxminlarga ko‘ra, evolyutsiya zanjiridagi vafotiga yaqin muddatdagi massasi Quyosh massasidan sakkiz barobardan katta bo‘lmagan yulduzlar oxir-oqibat shunday qaynoq submitti pulsatorga aylanar emish. Bunday yulduzlarda vodorod yoqilg‘isi tugab borayotgan vaqtda ular geliyni yoqishni boshlaydi va shishib, qizil gigantga aylanishni boshlashi kerak.

Lekin B sinfga mansub submittilarda vodorodning tashqi qatlamlari qandaydir hozircha tushunarsiz omil evaziga qayta ichkariga tortilib, hajm yana kichrayib borishi aniqlangan. Shu tariqa, u yulduz qizil gigant sifatida shishib, oxiri katta chaqnash bilan portlash o‘rniga, aksincha, yana hajman kichrayib, o‘ta zich mitti moviy yulduzga aylanadi. Ularning ayrimlari esa, yuqoridagi singari, kuchli pulsatsiyaga ega bo‘ladi.

Shunday yulduzlardan biri V361 Hya o‘zining ichki bosimi sababidan pulsatsiyalanadi; V1093 Her yulduzi esa gravitatsion to‘lqinlar ta’sirida puls beradi. Kashf qilingan yangi yulduzlar — qaynoq submitti pulsatorlarning puls berishiga aynan nima hodisa omil bo‘layotgani borasida astrofiziklarning o‘zida ham qaynoq munozaralar boshlanib ketgan.

Lekin hozircha biroz dadilroq ko‘rinayotgan farazlarning biriga ko‘ra, bunday katta tezlikdagi pulsatsiya yulduz qa’rida sodir bo‘layotgan beqaror radial tebranishlar sababidan bo‘lib, buni yulduz yadrosida tobora yig‘ilib kelayotgan og‘ir element — temir asosidagi energetik qatlam keltirib chiqarayotgan bo‘lishi mumkin ekan. Yana bir taxminga ko‘ra, yulduz yadrosida nimadir bo‘lyapti. U yerda vodorod emas, nisbatan sovuqroq bo‘lgan geliy yonayotgan bo‘lishi mumkin ekan.

Hajmning bu qadar kichrayib, mittilashib ketishining sababi esa, bunday yulduzlarda geliy yona boshlaydigan darajada qizib olishidan avval tashqi qatlam kosmosga tarqab ketib bo‘lar ekan va shu sababli so‘nggi bosqichda, qizigan geliydan iborat mitti yadroning o‘zi qolarkan. Bu jarayonni kichik massali va yadrosi nisbatan sovuq geliydan iborat yulduzlar pulsatsiyasini kompyuterda modellashtirib ko‘rish orqali amin bo‘lishgan.
Muzaffar Qosimov

Manba: Daryo.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yulduzlarning yangi turi kashf etildi