«Uning o‘zi aybdor»: Otunbayeva Atamboyevning hibsga olinishini izohladi

  • 10 avgust 2019, 18:23
  • 2 314
  • Dunyo
  • «Uning o‘zi aybdor»: Otunbayeva Atamboyevning hibsga olinishini izohladi
    Qirg‘izistonning sobiq muvaqqat prezidenti Roza Otunbayeva o‘zining sobiq safdoshi Almazbek Atamboyevning qo‘lga olinishi haqidagi vaziyat yuzasidan «Nastoyaщeye Vremya» jurnalistlariga izoh berdi.

    «U uch marta Batukayev ishi bo‘yicha chaqiruv qog‘ozi olgan. Bu shov-shuvli ish, u guvohlik berishi kerak edi. Bu ish bo‘yicha odamlar qamoqda o‘tiribdi, sobiq bosh prokuror tergov izolyatorida saqlanmoqda», - dedi Otunbayeva.

    Uning fikricha, Atamboyev to‘qnashuvlar va tartibsizliklar uchun birinchi navbatda aybdor. Shuningdek, jinoyat olamida nufuzli shaxs bo‘lgan Aziz Batukayevning noqonuniy ozod etilishi bo‘yicha ishdan tashqari, yana «besh-olti yoki yettita shunday ish» sobiq prezidentning gardanida.

    U Atamboyevga berilayotgan savollarni «asosli», deb hisobladi. Otunbayeva Atamboyevni «ashaddiy o‘yinchi» va juda jiddiy jinoyatlarga bog‘liq shaxs deb atab, «u ko‘p narsaga qodir» ekanini bildirdi.

    Otunbayevaning eslatishicha, Atamboyev Ichki ishlar vazirligiga Batukayev ishi bo‘yicha chaqiriq qog‘ozini uch marta e’tiborsiz qoldirdi - shuning uchun sobiq davlat rahbarining uyiga maxsus kuchlar yuborildi.

    Maxsus kuchlar va Atamboyev tarafdorlari o‘rtasidagi to‘qnashuvdan keyin Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Maxsus kuchlar xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Usenbek Niyazbekov halok bo‘ldi. Bundan tashqari, 52 kishi jarohat oldi, ulardan 20 nafari hanuz kasalxonalarda.

    Otunbayeva va Atamboyev Qirg‘izistonning ikkinchi prezidenti Qurmanbek Bakiyev davrida yaqin safdoshlar hamda muxolifatchilar bo‘lgan. Davlat to‘ntarishi va Bakiyevning mamlakatdan qochib chiqib ketishi ortidan Otunbayeva muvaqqat prezidentga aylandi - bu bir yil davom etdi. Keyin Almazbek Atamboyev prezidentlikka saylandi.

    2016 yilda Atamboyev konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazishga qaror qildi, Otunbayeva esa uning tashabbusini tanqid qilib chiqdi. Sobiq safdoshlarning munosabatlari yomonlashdi.

    Bundan oldin, Atamboyevning qizi videomurojaat bilan chiqqandi.

    » » «Uning o‘zi aybdor»: Otunbayeva Atamboyevning hibsga olinishini izohladi