Nima uchun Erdo‘g‘on Rossiya tomon yuz tutdi?

  • 17 avgust 2019, 13:55
  • 1 635
  • Dunyo
  • Nima uchun Erdo‘g‘on Rossiya tomon yuz tutdi?
    Foto: Getty Images
    The Financial Times nashri e’lon qilgan maqolada Turkiya prezidentining Rossiya bilan qurol yetkazib berish borasida tuzgan bitimi uning NATOdagi mavqeiga va AQSh bilan munosabatlariga putur yetkazadimi yoki Turkiyaning tavakkalchilikka asoslangan bu siyosiy qadami o‘zini oqlaydimi, degan savol qo‘yiladi.

    Amerikalik amaldorlar va tahlilchilar Turkiya Rossiyadan qurol sotib oladigan bo‘lsa, Donald Tramp Turkiyaning mo‘rt iqtisodiyotiga moliyaviy jazo choralari kiritishidan ogohlantirib kelayotgan edi. Ammo keyingi haftalarda Anqaraga 30 dona raketa tashuvchi uchoq va ularga tegishli jihozlar olib kelingan bo‘lsa-da, jazo choralari joriy etilmadi. Bu tahlilchilarni ajablantirmay qolmadi. Erdo‘g‘onning avantyurasi hozircha ish bermoqda.

    Ayni paytda kuzatuvchilar Turkiya NATOning ashaddiy raqibi Rossiya bilan 2,5 milliard dollarlik bitim tuzgani javobsiz qolaveradimi yoki jazo choralari keyinroq amalga kiradimi, degan savol ustida bosh qotirmoqda. Vaziyatni Trampning jumboqli siyosati ham chigallashtirib yubordi. Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yozda AQSh hukumati amerikalik ruhoniy Endryu Bransonning hibsga olinishi ortidan Anqara bilan munozaraga kirishgan, bu bahs hattoki Turkiya moliyaviy bo‘hronga uchrashiga olib kelishiga bir baxya qolgandi.

    Oradan bir yil o‘tib, Tramp Erdo‘g‘on Amerika Patriot tizimini sotishni istamagani uchun C-400 ni sotib olishini ham ma’qullab chiqdi. Shunga qaramasdan, hatto prezident Tramp Erdo‘g‘on tarafida bo‘lsa ham, bu vashingtonlik siyosatchilar nazarida Turkiya Moskva tomon yuz tutishining salbiy oqibatlarini bartaraf etolmadi. Pentagon Turkiyani F-35 dasturidan chiqarib bo‘ldi, bu esa turk armiyasi uchun yangi og‘riqli muammolarni keltirib chiqarishi tayin. Boz ustiga, AQSh Kongressi Erdo‘g‘onga qarshi kayfiyatda va Anqaraning Moskva bilan yaqinlashuvini jazosiz qoldirmaslik uchun barcha choralarni ko‘radi.

    Erdo‘g‘on Turkiyaning o‘ta muhim geosiyosiy maydonda o‘rnashgani mamlakatni AQSh hukumatining jazo choralaridan qutqarishini doimo ta’kidlaydi. AQShda esa uning bu ta’kidi kulgi ostida. Biroq Osakada o‘tgan G20 sammitda AQSh va Turkiya prezidentlarining uchrashuvi Erdo‘g‘on haqligini isbotlab qo‘ydi. Tramp Erdo‘g‘on tarafini olganday «Anqaraga mudofaa uchun raketa tizimi kerak edi, shu bois u Rossiyaga murojaat qilgan.

    Boshqa yo‘l ham yo‘q ediku», deb aytdi. Mazkur bayonotning ertasiga hukumatga yaqin Sabah nashri «hech qanday jazo choralari bo‘lmaydi», deb bong urdi. Vashingtonlik siyosatdonlar hangu mang bo‘lib qoldi. Filadelfiya tashqi siyosat masalalari tadqiqot institutining Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha dasturi rahbari Aaron Steyn «Erdo‘g‘on bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Donald Tramp aqldan ozdi», deb aytdi.

    Ikki haftadan keyin C-400 ning dastlabki qismlari Anqaraga olib kelindi. Erdo‘g‘on mazkur voqeani «Turkiya tarixidagi eng manfaatli savdo bitimi», deb olqishladi. Bir oydan ko‘p vaqt o‘tyaptiki, iqtisodiy jazo choralaridan asar ham yo‘q. Ayrim siyosatchilar nazarida AQSh Turkiyani Suriya shimolidagi kurdlarga hujum uyushtirmasligi uchun shu tariqa tizginda tutib turibdi.

    Pentagon esa buyurtma qilingan 100 dona F-35 qiruvchisini Turkiyaga sotishdan bosh tortdi. Bu uchoqlar uchun Turkiyada ishlab chiqarilayotgan qismlar ham endi AQSh tomonidan xarid qilinmaydi. Bu Turkiyaning rivojlanib borayotgan harbiy sanoatiga katta zarbadir. Ular mazkur bitim bo‘yicha 12–15 milliard dollar mablag‘ni qo‘lga kiritishni mo‘ljalga olib ham qo‘ygan edi. Turkiya quruq qoldi.

    Buning yanada jiddiyroq oqibati – Turkiya harbiy havo kuchlarining kelajakdagi harbiy amaliyotlarda tayanchi bo‘lishi kutilayotgan uchoqlarsiz qoldi. F-35 dan mahrum bo‘lgan Anqara NATO harbiy amaliyotlarida qatnasha olmasligi ham mumkin. Tramp ham Erdo‘g‘onni, qanchalik istamasin, himoya qila olmay qolishi ham mumkin. Kongressdagi respublikachilar ham, demokratlar ham Turkiyadan g‘azabda.

    Ular prezident Trampni Turkiyani jazolashga majbur qiladigan qonun loyihasi ustida ish olib bormoqda. Kongress sentyabr oyida ta’tildan qaytgach, agarda vakillar palatasining uchdan ikki qismi mazkur qonunni tasdiqlab ovoz bersa, Tramp veto qo‘ya olmay qoladi. Voqealar jadal rivojlanib bormoqda.
    Jahongir Ergashev

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Nima uchun Erdo‘g‘on Rossiya tomon yuz tutdi?