06:45 / 22.08.2019
3 814

Napoleon: mustabid tojdormi yo ma’rifatparvar hukmdor?

Napoleon: mustabid tojdormi yo ma’rifatparvar hukmdor?
Foto: pikabu.ru
Bundan roppa-rosa 250 yil avval, 1769 yil 15 avgustda Fransiyaning O‘rtayer dengizidagi hududi – Korsika orolida o‘rtahol oilada o‘g‘il farzand dunyoga keladi. Tili italyanchada chiqqan bu bolakay yillar o‘tib, imperator bo‘lishi, nainki Fransiya, balki butun Yevropa taqdirini o‘zgarib yuborishini kim o‘ylabdi deysiz...

Tarixiy solnomalarda yozilishicha, Napoleon Bonapart (1769-1821) yoshligidanoq yetakchilik qobiliyatini namoyish etgan. 1785 yilda kichik leytenant lavozimida harbiy faoliyatni boshlab, qisqa muddatda, 24 yoshidayoq general rutbasiga erishgan. Misrga yurish payti fransuz qo‘shiniga qo‘mondonlik qilgan. 1799-1804 yillarda birinchi konsul sifatida davlatni idora etgan. 1804 yili esa Fransiya imperatori deb e’lon qilingan. Jahongirlik yo‘lini tanlagan sarkarda keyingi 10 yil davomida Farangistonni ko‘hna qit’aning peshqadam saltanatiga aylantirish yo‘lida jangu jadal olib borgan.

Napoleon zamonaviy Fransiya davlatchiligining asoschilaridan biri sanaladi. U Buyuk fransuz inqilobidan keyin parokandalikka yuz tutgan mamlakatda tartib-intizom o‘rnatgan. Imperator rahbarligida ilk bor fuqarolik kodeksi ishlab chiqilgan, prefekt tizimi – ma’muriy boshqaruv tizimiga asos solingan. Ma’rifatparvar hukmdor bir qator oliy ta’lim maskanlarini tashkil qilgan. Fransiyaning Faxriy legion ordeni ham Napoleon tomonidan ta’sis etilgan.

«Napoleon mamlakatni inqilobiy terrordan xalos etdi, 1789 yilda inson huquqlari sohasida erishilgan yutuqlarni saqlab qoldi, moliya tizimida tartib o‘rnatdi va milliy tarixning oltin sahifalarini ochdi. Harbiy daho, nodir strateg, jasur siyosatdon va dono davlat arbobi sanalgan Napoleon hammasiga o‘z kuchi bilan erishdi. Oradan ikki yuz yil o‘tsa-da, u dunyo yangi tarixining atoqli namoyandasi bo‘lib qolmoqda», – deb yozadi Fransiya hukumatining sobiq a’zosi Iv Jego «Le Mond» gazetasida e’lon qilingan maqolasida.

Tarixchi va adib Jan-Mari Ruar esa Napoleon nafaqat olamshumul shuhrat qozongan sarkarda, ayni choqda, faoliyati beadoq bahs-munozaralar uyg‘otgan davlat arbobi ekanini ta’kidlaydi. «Napoleon ulkan g‘alabalarga erishdi, ayni choqda, uning mag‘lubiyat va xatolari ham kam bo‘lmagan», – deb hisoblaydi tarixchi olim.

Napoleon Bonapart. Bu nom yetti iqlimda ma’lum va mashhur. Jahondagi tartibotlarni o‘zgartirmoqqa bel bog‘lagan sarkarda haqida 75 mingga yaqin ilmiy va badiiy asar yozilgan, 700 dan ziyod film suratga olingan.

Aksar tarixchi olimlar Napoleonni ma’rifatparvar hukmdorlar safiga qo‘shadilar. Muxoliflari esa uni toju taxt havasi ila minglab odamning yostig‘ini quritgan mustabid tojdor deb hisoblaydi.

So‘nggi yillarda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlarga qaraganda, Napoleon dunyodagi eng mashhur fransuz sanaladi. Bu borada u mamlakat milliy qahramoni Janna d’Ark va atoqli olim Rene Dekartni ham ortda qoldirgan.
Sobir Salim

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Napoleon: mustabid tojdormi yo ma’rifatparvar hukmdor?