07:35 / 22.08.2019
3 611

Dunyo iqtisodiy bo‘hronlarining yangi belgilari

Dunyo iqtisodiy bo‘hronlarining yangi belgilari
Foto: Google Photos
Iqtisodiy o‘sish sur’atining pasayishi va savdo sohasidagi taranglik dunyo iqtisodiyoti bosim ostida qolishi xavfini tobora kuchaytirmoqda. 14 avgust sanasida bu barcha moliyaviy bozorlarda sezildi.

Gap shu kunda Uol-Stritdagi aksiyalar narxi keskin tushib ketishi haqida ketmoqda. Obligatsiyalar bozoridagi vaziyat AQSh iqtisodiyotiga ogohlantirish bo‘ldiki, bu obligatsiyalardan foydani misli ko‘rilmagan darajada pasaytirdi.

Payshanba kuni Osiyo bozorlarida kotirovkalar pasayishi nemis iqtisodiyotidagi retsessiya va Xitoy iqtisodining so‘nggi 17 yildagi eng past ko‘rsatkichni qayd etgani manzarasida yuz berdi.

Uzoq vaqt mobaynida iqtisodiyoti va sanoati qudratli sanalgan AQSh va Xitoydagi muammolar Tramp boshlagan savdo urushi ikki mamlakat uchun ham birdek kuchli zarba bo‘lganidan darak. AQShdagi Merrill Lynch sarmoya banki ekspertlari ishlab chiqarish hajmining hamda avtomobil savdosining kamayishi tufayli AQShda yaqin vaqtlar ichida retsessiya bardavom bo‘lib qolishini uchga bir nisbatda baholamoqda.

Bunday larzalar savdo urushining ta’siri hajminigina ko‘rsatib qolmay, Trampning bu urushni olib borish siyosatiga ham salbiy ta’sir etadi.

Pekin bilan savdo urushi boshlangan 2018 yilda prezident Tramp tomonida kuchli ittifoqchi – AQSh iqtisodiyoti turgan edi. 2018 yil bahorida Xitoyga qarshi bojlar kiritilishi vaqtida AQSh iqtisodiyoti Tramp prezident bo‘lgan davrdan beri eng yuqori cho‘qqisiga yetib, o‘sha kezlarda choraklik o‘sish 3,5 foizni tashkil etgandi.

Lekin o‘sish pasaya boshladi: o‘tgan chorakda o‘sish sur’ati 2,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, keyingi chorakda bu miqdor yanada pastroq bo‘ladi. Seshanba kuni prezidentning Xitoy mahsulotlari importiga bojlarni pasaytirish borasidagi qarori amerikalik iste’molchilarga yetkaziladigan zararni bir bo‘lsa-da yumshatish istagidandir. AQSh federal zaxira banki keyingi 10 yilda birinchi marta foiz stavkalarini pasaytirdi va bu bilan savdo sohasidagi zo‘riqish hamda dunyodagi iqtisodiy o‘sish sur’atining pasayishi bilan yuzaga kelgan tahdidlarning oldini olishga qaratilgan siyosat bo‘ldi. Yaqin orada foiz stavkalari yanada pasaytirilishini kutish mumkin.

14 avgust kuni birjalar yopilganidan bir necha soat o‘tgach, Tramp Twitter’da «kuchayib borayotgan savdo urushida kelishuv uchun imkoniyatlar borligi»ni yozdi. «Xitoy tomoni ham kelishuvni istaydi, buning uchun avvalo Pekin Gonkong bilan murosa qilib olsin», deb post qoldirdi prezident.

Tramp yuqori iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ishora qilar ekan, bu uning yutug‘i ekanini va bu yutuqlar 2020 yilda qayta saylanisho uchun asos bo‘lishini ta’kidladi. Chindan ham ko‘pgina ko‘rsatkichlar yuqoriligicha qolmoqda. Ishsizlik darajasi 3,7 foiz bo‘lib turishi AQSh tarixidagi eng past ko‘rsatkichdir, iste’molchilarning ishonch darajasi esa o‘ta yuqori.

Qolaversa, AQSh boshqa yirik davlatlarga qaraganda iqtisodiy larzalardan ko‘proq himoyalangan, chunki uning eksporti yalpi ichki mahsulotning 12 foizini tashkil etadi. Germaniya va Xitoy esa tashqi savdoga bog‘liq.

Eksportga Germaniya ishlab chiqarish hajmining yarmi, Xitoy ishlab chiqarishining beshdan bir qismiga to‘g‘ri keladi. Shunga qaramasdan, AQSh iqtisodiyotida faol o‘sish pasayib borayotgani kuzatilmoqda.

Germaniya banki moliyaviy tahlilchilari ham Germaniya iqtisodiyoti qisqarib borayotganini bashorat qilmoqda. Misol tariqasida nemis avtokonsernlari – Volkswagen, BMW va Daimler’larning Xitoy avtomobil bozoridagi foydasi kamaygan. Savdo urushi oqibatlaridan aziyat chekayotgan xitoyliklar qimmat turadigan avtomobillarni sotib olishni kamaytirgan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, AQShdan keyingi o‘rinda turadigan Xitoy, Germaniya, Yaponiya va Buyuk Britaniyada ham ishlab chiqarish hajmi kamayib bormoqda. Natijada alyuminiy, mis va po‘lat ishlab chiqaradigan kompaniyalarning daromadi sezilarli ravishda kamaygan.

Sanoat ishlab chiqarishdagi tushkunlik dunyo iqtisodiyoti ham tushkunlikka uchraydi degani emas. Sanoat ishlab chiqarishi bunday tushkunlikni 2016 yilda boshdan kechirgan. Bunga Xitoy sarmoya bozoridagi narxlar pasayishi va neft narxi tushib ketishi sabab bo‘lgandi. Sanoatdagi bu tushkunlik AQSh va butun dunyoga salbiy ta’sir o‘tkazgan. Lekin hali katta hajmdagi retsessiya boshlanmadi, sababi neft narxi ko‘tarila boshladi va markaziy banklar retsessiyaning oldini olish chora-tadbirlarini ko‘rib qo‘ydi. Bu safar vaziyat qanday tus olishi noma’lum.

Jahongir Ergashev tayyorladi.

Manba: Daryo.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyo iqtisodiy bo‘hronlarining yangi belgilari