Rossiya, migrantlar qamoqxonasi: Jinoyatchi bo‘lmagan «mahbus»larning taqdiri kimning qo‘lida? (video)

  • 18 avgust 2019, 15:48
  • 873
  • Dunyo
  • Rossiya, migrantlar qamoqxonasi: Jinoyatchi bo‘lmagan «mahbus»larning taqdiri kimning qo‘lida? (video)
    Foto: BBC o‘zbek xizmati
    BBC o‘zbek xizmati muxbiri Sohiba Hayot Moskva viloyatidagi Rossiyadan deportatsiya qilingan chet el fuqarolarini vaqtinchalik saqlab turish markazida bo‘lib, u yerdagi tutqun o‘zbekistonlik muhojirlarning ahvoli bilan tanishdi.

    Rossiyada migratsiya qonunlarini buzgan muhojirlarni nima kutadi?
    Rossiyada muhojirlarga nisbatan eng ko‘p qo‘llaniluvchi qonunga ko‘ra, sud qarori bilan jarima va mamlakatdan chiqarib yuborilish jazosi tayinlanadi.
    Reydlar paytida qo‘lga olingan ayrim mehnat muhojirlari esa to‘g‘ri «spetspriyomnik» - deportatsiya qilingan fuqarolarni vaqtinchalik saqlab turish markazlariga yuboriladi.

    Bu yerda esa qonunbuzar muhojirlar deyarli jinoyatchi mahbuslar singari saqlanadi. BBC o‘zbek xizmati o‘zbekistonlik va tojikistonlik bir guruh faollar bilan Moskva viloyatidagi «migrantlar qamoqxonasi»da bo‘ldi.

    Jinoyatchi bo‘lmagan «mahbuslar» qamoqxonasi Yegorevsk shaharchasidan 8 kilometr uzoqlikda, Kostilyovo qishlog‘iga yaqinroq kimsasiz hududda joylashgan. Atrofi tikanli simlar bilan o‘ralgan 3 gektar maydonga 2 qavatli maxsus bino qurilgan. Kirish tartibi qattiq tekshiruv asosida, bino Rossiya Ichki ishlar vazirligiga qarashli xodimlar nazoratida.

    Bino hovlisidagi bir necha avtomashinalarda bu yerdagi muhojirlarni yo‘qlab keluvchilarni ko‘rish mumkin. Ularning qo‘llarida yupqa paketlarda kiyim-kechak va oziq-ovqatlar bor. Bu yerda muhojirlar o‘z taqdirini kutib oylab qolib ketadi. Moskvada salqin tushganiga ancha bo‘ldi.

    Bu yerga yozda keltirilganlarning issiq kiyimga ehtiyoji bor. Ammo Rossiyada hech kimi yo‘q muhojirlar nima qilishi noma’lum.
    Faollar tashrifidan ham maqsad shu: Hayit bayrami bahonasida tutqun muhojirlarning holidan xabar olish va ularga zarur ehtiyoj narsalarini yetkazishdir.

    Olib ketish muammo emas
    Muhojirlarni yo‘qlash tadbiri Moskvadagi migrantlar uchun bepul yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi «Tong jahoni» tashkiloti tashabbusi bilan Tojikistonning Moskvadagi konsuli yordamida tashkillashtirildi.
    Unga Moskva shahri O‘zbek milliy madaniy avtonomiyasi rahbariyati, O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi vakili, Migratsiya agentligining Moskvadagi vakolatxonasi rahbari va bir guruh ko‘ngillilar o‘z hissasini qo‘shdi.

    Tashrif munosabati bilan tutqun muhojirlarning bir guruhi deportatsiya markazining oshxonasiga olib kelindi. Elchixona vakili va Migratsiya agentligi vakolatxonasi rahbarini ko‘rishgach, o‘z muammolarini aytib yordam so‘radi.
    Eng ko‘p murojaat muhojirlarning shaxsini tasdiqlash masalasi elchixona tomonidan uzoq muddatda berilayotgani haqida bo‘ldi.

    O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining migratsiya masalalari bo‘yicha agentligi Moskvadagi vakolatxonasi ishga tushganidan buyon aynan shunday holatga tushib qolgan 2000 ga yaqin o‘zbekistonlikni oilasiga jo‘natdi va bu jarayon davom etmoqda.
    Vakolatxona rahbari muhojirlarning vatanga qaytishlari ularning hujjatlari holatiga bog‘liqligini bildirdi.

    «O‘zbekiston tomonidan hujjat tayyor bo‘lgan bo‘lsa, biz sizlarni davlat fondidan olib chiqib ketamiz. Bu umuman muammo emas. Sud mahkamasidan ma’lumot olishimiz kerak», - dedi vakolatxona rahbari Saidno‘mon Mansurov.
    Shuningdek, muhojirlarga ularni vatanga qaytarilishdagi jarayonlarni tushuntirdi.

    «Mashina bitta fuqaroni olib ketmaydi, guruh tashkil qilinishi, kuzatuvchi qo‘yilishi kerak. Xavfsizlik ta’minlanadi, aeroportga kuzatiladi».
    Tutqun muhojirlarning aksari ko‘rinishidan sog‘lom va baquvvat erkaklar, Rossiyaga ishlab pul topish ilinjida kelgan o‘zbekistonliklar.

    Non so‘rasak, berishmaydi...
    Muhojirlarni suhbatga tortdik: «Bu yerda sharoitlar qanaqa?».
    «Non so‘rasak, berishmaydi. Kechki payt 5 da bir bo‘lak berishadi, bo‘ldi. Kun uzoq, kechqurun 10 gacha och qolamiz. Non beringlar deymiz, yo‘q, berishmaydi», - nolishdi muhojirlar.

    «Hojatxona xonamizni ichida, 6 kishi bir xonada yotamiz. Kimdir hojatga kirsa, hidi xonani tutib ketadi. Haftada bir marta yuvingani olib chiqishadi. Ovqatlarni mazasi yo‘q. Ko‘pchilik kasal», — deydi yana bir muhojir.
    Deportatsiya markazida muhojirlarning salomatligi yomonlashayotgani va ularga kerakli dori-darmonlar tanqisligini tashkilotchilar tasdiqladi.

    «Tadbirdan avval muassasa ma’muriyatidan kerakli dori-darmon vositalari ro‘yxati olindi va xayriya aksiyasi e’lon qilindi. Bizga zarur dori-darmon vositalarining ro‘yxati berilgandi. Yig‘ilgan mablag‘ga migrantlar uchun zarur bo‘lgan barcha narsalarni imkon qadar olib keldik», - deydi yurist Botirjon Shermatov.

    Muhojir yigitlar bu sharoitlardan hech kimga shikoyat qila olmasligi, noligan taqdirda markaz xodimlari tomonidan kaltaklanishini aytishdi. Bu haqida yurist bilan fikrlashdik.
    «Afsuski, ularning kaltaklanayotganliklarini isbotlash muammo bo‘layapti», deydi huquqshunos.

    Yig‘ilishda savol-javoblar avjiga chiqib, oshxonada biroz shovqin, tartibsiz vaziyat yuzaga keldi. Markaz xodimlarining muhojirlarga do‘q-po‘pisalarini ko‘rdik. Yig‘inni tezroq tugatishga undashdi va muhojirlarni turtib, oldilariga solib o‘z xonalariga olib ketishdi.

    Elchixonadan hujjat kelishi qiyin
    Oshxonaga yig‘ilgan 50 ga yaqin muhojirlar orasida birgina ayol o‘tiribdi. Ko‘rinishidan juda asabiylashgandi. Yoniga bordim: «Bu yerda yana ayollar bormi?», deya so‘radim.
    «11 ta ayolmiz. Har bir xonadan bir kishini olib kelishdi bu yerga», - dedi o‘zini Gulnoz deya tanishtirgan ayol.

    «Iltimos, ayollarimizga yordam beringlar! Biz-ku, erkaklarmiz, bir amallab chidaymiz. Ammo ayollar qiynalishayapti, ularni tezroq ketishiga yordam bering», - elchixona rasmiylariga iltimos qildi muhojir erkaklar.
    «Qashqadaryo, qarshilikman. 42 kun bo‘ldi kelganimga. Elchixonaning hujjatiga qarab qoldim, berishi qiyin bo‘layapti», - deydi Gulnoz.

    Faqat Gulnozmas, yig‘ilganlarning ko‘pchiligi elchixona tomonidan beriladigan shaxsni tasdiqlovchi hujjatning uzoq vaqtda kelishi va shu sabab ular oylab bu qamoqxonada yotishga majbur bo‘lishayotganliklarini aytdi.

    Aybdor ham bor, aybsiz ham...
    Markazda saqlanayotgan muhojirlar Rossiya hududida hujjatsiz yurgan o‘zbekistonliklar bilan bir qatorda nohaq kelib qolganlar ham borligini bildirishdi.

    «Mana bu yigitning kelganiga 1 haftagina bo‘lgan. Kelib ‘registratsiya’ qilgan, ushlaganda bazadan chiqmagan. Kim aybdor?» - deydi yoshgina yigitcha.
    «Bu soxta hujjatlarni ham o‘zimiznikilar qilib bizni aldashayapti, ularga nisbatan ham chora ko‘ringlar», -deya rasmiylarga murojaat qildi yana bir kishi.

    O‘zbekistonlik yana bir muhojir yurtdoshi tomonidan qilingan soxta hujjat bois bu yerga tushib qolgani, patent qilish uchun sarflagan pullarga kuyganini aytib shikoyat qildi.
    «Aybsiz aybdorlarmiz-da. Hujjat qildikku pulga. Soxtaligini biz qayerdan bilamiz? O‘zimiznikilar bizni kuydirayapti».

    Muhojirlar bilan ko‘p suhbatlasha olmadik, ammo barcha murojaatlarning mazmuni va xulosasi deyarli bir xil: muhojirlarni vaqtinchalik saqlash markazining sharoitlari yomonligi va ularni tezroq uyga qaytishiga yordam ko‘rsatish.

    Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi vakili va Migratsiya agentligi vakolatxonasi rahbari Saidno‘mon Mansurov o‘zbekistonlik muhojirlarga yordam ko‘rsatilishini bildirdi.
    Tadbir tashkilotchilari tutqun muhojirlarga keltirilgan dori-darmon, oziq-ovqat va kiyim kechaklarni tarqatdi.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Rossiya, migrantlar qamoqxonasi: Jinoyatchi bo‘lmagan «mahbus»larning taqdiri kimning qo‘lida? (video)