06:00 / 25.08.2019
1 934

Tramp Yevropa bilan savdo urushini boshlaydimi?

Tramp Yevropa bilan savdo urushini boshlaydimi?
Foto: London Post
Amerikaliklar va yevropaliklar Trampga birgalikda qarshilik ko‘rsatib, dunyo tartibini va tinchligini himoya qilishlari va transatlantik do‘stlikni saqlab qolishlari mumkin, deb yozadi The Project Syndicate nashri.

2019 yil avgusti oxirida Tramp G7 sammitida qatnashish uchun Yevropaga keladi. Ammo Yevropa rahbarlari u bilan murosa qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishlatib bo‘ldi. Yevropa oldida birgina yo‘l – qarshilik qilishgina qoldi.

Eng muhim masala Yevropa–Eron savdo masalasi bo‘lib turibdi. Aynan shu masalada Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi yana bir mag‘lubiyatni hazm qila olmaydi. Tramp harbiy va iqtisodiy sohadagi tahdidlari bilan Eron va Venesuelani inqiroz jarligiga qulatmoqchi. Shuningdek, Xitoyni valyuta qallobligida ayblab, uning iqtisodiy rivojlanishini cheklamoqchi yoki to‘xtatmoqchi.

Har narsani o‘z nomi bilan atash maqbulki, Trampning bu siyosati uning dunyoqarashini aks ettiradi va birgina shaxsning noxolis qarorlari oqibatidir. AQSh konstitutsiyasi qabul qilinganidan 230 yil o‘tar ekan, amerikaliklar Tramp diktaturasidan aziyat chekmoqda. Tramp o‘z ma’muriyatining mustaqil fikrlash qobiliyatiga chek qo‘yishga erisha oldi. Misol uchun, mustaqil fikriga ega bo‘lgan sobiq mudofaa vaziri Jeyms Mettis hukumat tarkibidan chiqarib yuborilishi natijasida amaldagi hukumat fikrlariga e’tiroz bildiradiganlar sanog‘i kamayib qoldi.

Tramp uning istaklariga qarshi borayotgan har qanday davlatni tiz cho‘ktirishni maqsad qilgan. Oddiy amerikaliklar takabbur emas, ammo Amerika siyosatchilari ayni paytda takabburlik siyosatini dastak qilib oldi. Masalan, milliy mudofaa bo‘yicha maslahatchi Jon Bolton va davlat kotibi Mayk Pompeo dunyoga takabburlik bilan past nazar tashlamoqda. Boz ustiga, Pompeo diniy mutaassib hamdir. Ustiga ustak, yaqinda Boltonning Londonga safari Birlashgan Qirollik Yevropa Ittifoqidan ajralishi qanday oqibatlar bilan tugashidan qat’iy nazar, yangi bosh vaziri Boris Jonsonni qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi.

Tramp va Bolton aslida Buyuk Britaniya uchun zarracha bo‘lsa-da qayg‘urmaydi, ularga Yevropa Ittifoqi fiaskoga uchrashi muhim. Shunday ekan, Yevropa Ittifoqining haqiqiy dushmani AQShning do‘sti bo‘lishga urinayotgan Boris Jonson, Italiya bosh vaziri Matteo Salvini va Vengriya bosh vaziri Viktor Orbandir.

Tramp Osiyoda Eron rejimini to‘ntarishni istaydi. Unga bu vaziyatda yong‘inga suv sepayotgan Eronga shaxsiy adovatda bo‘lgan Isroil va Saudiya Arabistonining mas’uliyatsiz rahbarlari ham yordam bermoqda.

Yevropa Ittifoqi AQShning Yaqin Sharqdagi vaziyat masalasida uquvsizligi nimalarga olib kelishi mumkinligini yaxshi tushunadi. AQSh sababli bugunda Yevropa Ittifoqi migratsiya muammolarini boshidan kechirmoqda. Misol uchun, Kichik Jorj Bushning Afg‘oniston va Iroqdagi harbiy amaliyotlari, Barak Obamaning Liviya va Suriyadagi harbiy siyosati Yevropa Ittifoqini moliyaviy xatarga qo‘ydi va badallarini Yevropa Ittifoqi to‘lamoqda.

Endilikda Eronga qarshi olib borilayotgan siyosat yanada jiddiy siyosiy va iqtisodiy jarayonlarga olib kelishi mumkin va bu to‘g‘ridan to‘g‘ri BMT nizomini buzish hamdir. Trampning Eronga qarshi qaratilgan siyosati eng avvalo oddiy eronliklarga qarshi qaratilgan siyosat bo‘lib, buni insoniyatga qarshi qaratilgan jinoyat deyish mumkin. Garchi Yevropa Ittifoqi siyosatchilari mazkur jarayonlarni qoralab chiqqan bo‘lsa-da, AQShga qarshi chiqishga botina olmay, Tramp soziga o‘yinga tushmoqda.

Aslida AQShning mintaqiviy sanksiyalari hech qanday tahlikaga sabab bo‘la olmaydi. AQSh iqtisodiy sanksiyalarni Xitoy, Hindiston, Eron, Yevropa Ittifoqi va Rossiyaga qarshi yo‘naltirganda edi, BMT Xavfsizlik Kengashida AQSh fond-birjasi, dollar va uning yetakchiligiga bo‘lgan iddaosi qarshilikka uchrashi tayin edi. Yoki, AQSh Xavfsizlik Kengashi qaroriga veto qo‘yganida edi, BMTning 193 dan ziyod a’zosi AQShning mintaqiviy sanksiyalariga qarshi oyoqqa turgan bo‘lar edi.

Yevropa Ittifoqi rahbarlari Trampning Eron, Venesuela, Xitoy va boshqa mamlakatlarga qarshi do‘q-po‘pisalariga xayrixoh bo‘ladigan bo‘lsa, dunyo xavsizligi tahdidi ostida qoladi. Yevropa Ittifoqi hamda aksar amerikaliklar Trampning nosog‘lom dunyoqarashi va o‘ziga maftunlik siyosati ommaviy otishmalar hamda boshqa jinoyatlarga sabab bo‘layotganini e’tirof etishi shart. Tramp siyosatiga qarshi chiqibgina Yevropa Ittifoqi kelajak avlodning farovon hayoti uchun dunyodagi tartib va qoidalarni buzilmasligini kafolatlashi mumkin.

Jahongir Ergashev

Manba: Daryo.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Yevropa bilan savdo urushini boshlaydimi?