19:16 / 25.08.2019
2 410

«Xitoysiz yashash yanayam yaxshi» — AQSh savdo urushida g‘olib bo‘ladimi?

«Xitoysiz yashash yanayam yaxshi» — AQSh savdo urushida g‘olib bo‘ladimi?
Foto: GETTY IMAGES
AQSh hamda Xitoy butun dunyo bozorlariga ta’sir ko‘rsatayotgan savdo urushini davom ettirmoqda. Xitoy AQShning 75 milliard dollarlik import mahsulotlariga bojni oshirdi. Tramp esa Amerika albatta javob berishini ta’kidladi. Xo‘sh, bu savdo urushi chindan ham Trampning qaysarligi bois sodir bo‘lmoqdami? Unda g‘olib bo‘lishning imkoni bormi?

Savdo urushining «yangi raundi»da yurishni Xitoy boshladi. Rasmiy Pekin AQShning 75 milliard dollarlik mahsulotlariga belgilangan 5 foizlik bojni 10 foizga ko‘tardi. Bu gal Xitoyning «qora ro‘yxat»iga qishloq xo‘jalik mahsulotlari, neft va kichik samolyotlar tushdi. Xitoy shuningdek AQSh avtomobillariga kiritilgan 25 foizlik bojni qayta tiklashini ma’lum qildi. Avtomobil va ehtiyot qismlari uchun belgilangan bu boj yil boshida Pekin tomonidan AQSh bilan munosabatlar yaxshilanishiga umid qilib bekor qilingandi (Xitoy tomoni bojning bekor qilinishini shunday izohlagan). Vaziyat jiddiylashgani bois AQSh avtomobil sanoatiga jiddiy ta’sir qiluvchi bu boj yana tiklandi.

Bu gal hujumni Xitoy boshladi deb aytdik, lekin Pekin bojlarni oshirish haqidagi qarorni AQShning bu boradagi rejasidan so‘ng joriy qildi.

Oldinroq Tramp AQSh Xitoyning 300 milliard dollarlik mahsulotlariga bojni 10 foizga oshirishini aytgandi. AQSh prezidenti o‘zining doimiy minbariga aylangan tvitterdagi rasmiy sahifasida «Xitoysiz ham yashash mumkinligi» haqida post ham qoldirdi: «Bizga Xitoyning keragi yo‘q. To‘g‘risi, Xitoysiz ancha yaxshi bo‘lardi. Xitoy uzoq yillar AQShning pullarini o‘marib keldi. Bu tugashi kerak va tugaydi ham. Amerikadagi ajoyib kompaniyalarimiz Xitoy o‘rniga boshqa bozor topishi kerak. Shuningdek, ular ishlab chiqarishni uyga qaytarib, tovarlarni AQShning o‘zida tayyorlashlari kerak», — deb yozdi Tramp.

AQSh Xitoyning 300 milliard dollarlik mahsulotlariga bojni boshida rejalashtirilganidek 10 foiz emas, 15 foiz etib belgilaydigan bo‘ldi. Tramping fikricha, Xitoy sabab AQSh har yili milliardlab dollar yo‘qotadi va bu yo‘qotishlar oxir-oqibat soliq to‘lovchilar gardaniga tushadi.

AQShning Xitoy mahsulotlariga belgilagan yangi bojlari 1 sentyabrdan kuchga kirishi aytilgandi, ammo ikki hafta o‘tib Tramp bojlar 15 dekabrdan amalda bo‘lishini ma’lum qildi. AQSh prezidentining fikricha, yangi bojlar Rojdestvo arafasida savdolarga ta’sir qilishi mumkin va shu bois ularni kiritish sentyabrdan emas, dekabrdan boshlanadi.

«Barcha og‘irlik Xitoyga tushishiga harakat qilamiz»
Trampning savdo masalalari bo‘yicha maslahatchisi Piter Navarroning aytishicha, AQSh bojlar oshirilishidan soliq to‘lovchilar zarar ko‘rishini istamaydi va bu o‘zaro «jang»da barcha og‘irlik Xitoy gardaniga tushishiga harakat qiladi: «Iste’molchilar bundan (ya’ni davlatlar bir-birining mahsulotlariga bojni oshirishidan) zarar ko‘rmaydi. Biz og‘irlik faqat Xitoyga tushishi uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz».

Urushda g‘oliblar bo‘ladi
«Urushda g‘oliblar bo‘lmaydi» degan gap bor, chunki har ikki tomon ham yo‘qotishga uchraydi. Urushda kim g‘olib bo‘lishi mumkin? Albatta, unda qatnashmaganlar. Xitoy va AQSh o‘rtasidagi urushdan ham boshqa mamlakatlar yutishdi. Masalan, har ikki mamlakatning boshqa hamkorlari. BMT ikki mamlakatning savdo urushidan kimlar foyda ko‘rishi mumkinligini prognoz qildi.

Unga ko‘ra, AQShning qo‘shimcha bojlar kiritishi Yevropa Ittifoqining yillik eksport hajmi 70 milliard dollarga oshishiga «xizmat qilgan». Xitoy kiritgan bojlar esa tashkilot eksport hajmini 20 milliard dollarga ko‘paytirgan. AQShning Xitoy tovarlariga kiritgan bojlari Meksika, Kanada va Yaponiya kabi davlatlarga ham foyda keltirgan. Chunki bojlar ko‘tarilgach, o‘z-o‘zidan xitoylik tadbirkorlar AQSh bozorida sustlashadi.

Oqibatda Xitoydan import qilinadigan tovarlar boshqa mamlakatlardan olib kelinadi. Bu o‘zgarish Meksika, Yaponiya va Kanadaning yillik eksport hajmi 20 milliard dollar atrofida oshishiga olib kelgan. Ikki iqtisodiy derjavaning savdo urushidan Janubiy Koreya, Hindiston, Avstraliya, Braziliya, Tayvan va Vetnam kabi mamlakatlar ham foyda ko‘rishi kutilmoqda.

Dahshatli tovar ayirboshlash hajmi
AQSh va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi juda katta raqamlarda aks etadi. Masalan, 2017 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmi 710,4 milliard dollarni tashkil qilgan. Shundan 522,9 milliardi Xitoy eksportiga, 187,5 milliardi esa AQSh eksportiga to‘g‘ri keladi. Ya’ni, AQShning Xitoy bilan savdo defitsiti 335,4 milliard dollarni tashkil qiladi.

AQSh ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi maksimumga yetgan 2017 yilda Xitoydan quyidagi mahsulotlarni eksport qilgan: elektrotexnikalar (146 milliard dollar), mashina va uskunalar (110 milliard dollar), mebel va yotoq mahsulotlari (32 milliard dollar), o‘yinchoqlar va sport jihozlari (26 milliard dollar), plastmassa (16 milliard dollar), xizmatlar (17).

AQSh esa Xitoyga asosan xizmatlar eksport qilgandi (58 milliard dollar). Bundan tashqari, asosiy eksport mahsulotlari quyidagilar bo‘lgan: samolyot (16 milliard dollar), mashina va uskunalar (13 milliard), bug‘doy, mevalar va soya (13 milliard), avtomobil (13 milliard), elektrotexnikalar (12 milliard).

Hammasi nimadan boshlangandi?
Yuqorida 2017 yil AQShning Xitoy bilan savdo aylanmasidagi defitsiti 335 milliard dollardan oshib ketgani haqida aytdik. Bu holat amerikalik iqtisodchilarning xavotirlariga sabab bo‘layotgandi. Chunki bitta davlat bilan eksport va import o‘rtasidagi farq bu qadar kattalashib ketishi eksportdan ko‘ra importni ko‘proq amalga oshirayotgan mamlakat o‘sha hamkoriga bog‘lanib qolayotganini ko‘rsatadi. Xitoy iqtisodining «eplab bo‘lmas» darajada o‘sishi AQShga yoqmasligi aniq va balki shuning uchun okean ortida Xitoyga qarshi savdo urushi boshlangandir.

Savdo urushi boshlanishidan avval hali inauguratsiyasi ham o‘tkazilmagan Tramp boshqa bir «yurish»ni amalga oshirishga ulgurgandi. U 1979 yilda AQShda qabul qilingan qonunga zid tarzda Tayvan prezidentiga qo‘ng‘iroq qiladi. Xitoy esa o‘z provinsiyasi deb hisoblaydigan Tayvan rahbariyatining boshqa mamlakatlar bilan muzokara o‘tkazishini taqiqlagan. Trampning qo‘ng‘irog‘i Xitoy va AQSh munosabatlarining yanada sovuqlashishiga olib kelgandi.

2018 yildan boshlab AQSh mamlakatga import qilinadigan quyosh batareyalari va katta hajmdagi kir yuvish mashinalariga qo‘shimcha boj belgilaydi (30 foizdan 50 foizgacha). Bojlar oshishi borasidagi bu qarorda Xitoydan olib kirilayotgan mahsulotlar degan gap yo‘q edi, ammo AQShga bu ikki mahsulotni eng katta hajmda olib kirayotgan Xitoy o‘zgarishlar o‘ziga qaratilganini sezib, AQShning harakatlaridan hayratda qolganini ma’lum qiladi. Shundan so‘ng AQSh va Xitoy bir-birining mahsulotlariga bojlar qo‘yish poygasini boshlab yubordi.

Bu urush kimning foydasiga yakunlanishi mumkinligi haqida har xil taxminlar bor. Kimdir mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi kamayayotganini inobatga olib, AQSh o‘z maqsadiga yaqinlashganini aytadi. Chindan Xitoy har qancha kuchli bo‘lmasin, AQShning bosimiga turib berish oson emas. Shuningdek, tarix AQSh o‘z oldiga qo‘ygan har qanday maqsadni eplashiga, u bilan o‘ynashish yaxshilikka olib kelmasligiga ham guvoh. Boshqa tomondan AQSh tashqi qarzining 1,18 trillion dollari Xitoyga to‘g‘ri kelishini inobatga olsak, bu borada ustunlik sharqliklar tomonida...

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Xitoysiz yashash yanayam yaxshi» — AQSh savdo urushida g‘olib bo‘ladimi?