07:40 / 07.09.2019
2 396

«Breksit» uchun «jang». Boris Jonson qirollikning asosiy muammosini hal qila oladimi?

«Breksit» uchun «jang». Boris Jonson qirollikning asosiy muammosini hal qila oladimi?
3 senyatbr kuni Britaniya parlamenti kichik ta’tildan so‘ng o‘z faoliyatini tikladi. Ta’tildan qaytgan parlament o‘z ishini yangi saylangan bosh vazirning imkoniyatlarini cheklash bilan boshladi. «Breksit»ni bir yoqlik qilish uchun hukumat rahbarligiga saylangan Boris Jonson o‘zi xohlaganidek «keskin breksit»ni qo‘llay olmaydigan bo‘ldi, chunki parlament buni cheklab qo‘ydi.

Parlament 328 ga 301 nisbat bilan hukumatdan parlamentning kun tartibni belgilash huquqini olib tashlashni yoqlab ovoz berdi. Bu parlamentga Yevropa Ittifoqidan birdaniga chiqib ketish, ya’ni «keskin Breksit»ni cheklash borasida qonun chiqarish imkonini beradi. Boris Jonson esa parlamentga tahdid qilishga ham ulgurdi. U deputatlar «Breksit»ni yana ortga suradigan bo‘lishsa, muddatidan avval parlament saylovlarini boshlashga va’da berdi.

Britaniya tarixida ko‘plab inqirozlar bo‘lgan, ammo VVS’ning yozishicha, bu qadar chigal holat avval kuzatilmagan: hukumat qaror qabul qilishi kerak (ya’ni «Breksit» borasida), ammo mustaqil qaror qabul qila olmaydi. Parlament hukumatdan qaror qabul qilish huquqini olib qo‘ymoqchi. Bosh vazirni parlamentda ko‘pchilik qo‘llamayapti, sudlar parlament faoliyatini to‘xtatishning qonuniyligini o‘rganmoqda, «bonus»iga Shotlandiya va Shimoliy Irlandiya mustaqillik uchun referendumga tayyorlanmoqda. Britaniya Yevropa Ittifoqidan tezroq chiqib ketish o‘rniga o‘zining ichki mojarolari bilan o‘ralashib qolgan. Xullas, hammasi boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

Britaniya 31 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqidan chiqib ketishi kerak, bu chiqish qay tartibda amalga oshishi esa hamon aniq emas. Agar ko‘pchilik yangi muddat uchun ovoz bersa, bosh vazir navbatdan tashqari parlament saylovlariga «start berishi» mumkin. Qirollikning Yevropa Ittifoqida qolishi bo‘yicha qayta referendum o‘tkazishi ham ehtimoldan xoli emas. Boris Jonsonning aytgani bo‘lsa, 31 oktyabr kuni qirollik YeIni hech qanday kelishuvsiz tark etadi va «keskin Breksit» amalga oshadi. Bu holatda Yevropa Ittifoqi Birlashgan Qirollikdan haqqini talab qilishni boshlaydi. Ya’ni, Britaniya har qanaqasiga katta xarajatlar ostonasida turibdi.

Boris Jonson imkon boricha Yevropa Ittifoqidan «muloyimroq» (hamma kelishuvlarda bir to‘xtamga kelib) chiqib ketishni xohlamoqda, ammo bunday bo‘lmasa, Jonson «keskin Breksit» amalga oshishiga erishmoqchi. Eng qizig‘i, parlament Jonson bu ishni qila olmasligi uchun maxsus qonun chiqarmoqchi (havas qilarli darajada demokratiya va qonun ustuvorligi, shunday emasmi?).

Britaniya parlamentida Jonsonga qarshi «isyon» ko‘tarilgan desa ham bo‘ladi. Bosh vazir «Breksit»ni sekinlashtirayotgan bunday isyonkorlarni ovoz berish huquqidan mahrum qilmoqchi, ammo bosh vazirning raqiblari chekinmoqchi emas. Konservatorlarning ichida ham bosh vazirga qarshilar ko‘pligini inobatga olsak, Jonson hukumat rahbarligi nomidan quruq qolishi ham hech gap emas.

Jonson parlamentning «Breksit»ni ortga surishi mumkinligiga shunday munosabat bildirdi: «Agar parlament Yevropa Ittifoqidan chiqishni qo‘llab ovoz bersa, 17 oktyabrdagi yig‘ilishga kim borishini xalqning o‘zi hal qilsin». Britaniyaning 31 oktyabrda Yevropa Ittifoqidan chiqish-chiqmasligi 17 oktyabrdagi yig‘ilishda hal bo‘ladi va Jonson o‘sha yig‘ilishdan 3 kun oldin navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkazishni taklif qilmoqda. Bu aqlga sig‘dirish qiyin bo‘lgan masala aslida.

Ammo navbatdan tashqari saylovlar uchun Jamoatchilik palatasi a’zolarining uchdan ikki qismi bu qarorni qo‘llab ovoz berishi kerak. Masalan, muxolifatchi leyboristlar partiyasi rahbari Jeremi Korbin avval «Breksit» kechiktirilgani haqidagi qaror imzolanganini ko‘rib, keyin saylovlarga rozilik bermoqchi. Bosh vazir esa aynan o‘sha muddat kechikmasligi uchun saylov o‘tkazmoqchi. Buyog‘i tuxum oldin paydo bo‘lganmi yoki tovuqmi degan azaliy savolning javobiga o‘xshash holat.

Yuqorida sudlar haqida aytgandik. Edinburgdagi Shotlandiya oliy fuqarolik sudi Jonsonning parlament faoliyatini to‘xtatish borasidagi qarori qonuniymi yoki yo‘qligi borasida ishni ko‘rib chiqishni boshladi. Unda ikkala — jamoatchilik va lordlar palatasidan 75 deputat qatnashmoqda. Xuddi shu ishni London oliy sudi va Belfast sudi ham ko‘radi.

Parlament faoliyatini to‘xtatish juda noodatiy qaror va sudlar uchun ham bu yangilik. Aslida bunday qarorni qirolicha qabul qilishi mumkin. Da’vogar deputatlar esa monarxning qaroriga qarshi emas, aksincha ular bosh vazirning parlamentni tarqatib yuborish bilan tahdid qilishini qoralamoqda. Jonson hukumatning yangi harakat yo‘nalishini belgilash uchun vaqt so‘radi va bu normal holat. Ammo deputatlar vakolati juda keng bo‘lgan bosh vazir bu pauzani qanday qilib parlamentni «Breksit» masalasida hal qiluvchi qarorni qabul qilish huquqidan mahrum etish uchun olganini aytishmoqda. Sudlar qanday qaror chiqarishi ham, chiqarilgan qarorning oqibati nima bo‘lishi ham aniq emas.

Xullas, Britaniya hamon o‘z tarixidagi eng tushunarsiz boshqotirma bo‘lgan «Breksit»ni bir yoqlik qila olmayapti...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Breksit» uchun «jang». Boris Jonson qirollikning asosiy muammosini hal qila oladimi?